Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
NATO yana bir harbiy mashq boshladi
14:59 / 2025-10-13

Bugun NATOning yadroviy tiyib turish bo‘yicha yillik “Steadfast Noon” mashg‘uloti boshlandi. AsosanShimoliy dengiz hududida o‘tkaziladigan mazkur amaliyot ikki hafta davom etadi. Mashqda 14 a’zo davlatdan 2 000 ga yaqin harbiy xizmatchi hamda 71 samolyot ishtirok etadi.

AQSH tadbirga ham an’anaviy, ham yadroviy qurolga moslasha oladigan to‘rtta F-35 qiruvchi samolyoti ajratgan. Germaniya esa mashg‘ulot maydoniga uch “Tornado” bombardimonchisi hamda to‘rt “Eurofighter Typhoon” ko‘p maqsadli qiruvchi uchog‘i bilan kelgan.

NATO Bosh kotibi Mark Ryutte ta’kidlashicha, mashq har yili reja asosida o‘tkaziladigan tayyorgarlik jarayonining bir qismi hisoblanadi.

– Bu odatiy, yillik mashg‘ulotdan ko‘zlangan asosiy maqsad – yadroviy tiyib turish tizimining ishonchli, xavfsiz va samaradorligini tekshirish, – dedi u.  – Shu bilan birga tadbir NATO o‘z a’zolarini har qanday tahdiddan himoya qilishga qodir ekanini aniq ko‘rsatib beradi.

Tahlilchilar fikriga ko‘ra, Alyans shu orqali Moskvaga zarurat tug‘ilganda yadroviy qurol yordamida o‘zini himoya qilishga tayyorligini bildirmoqchi.

Niderlandiyadagi Volkel aviatsiya bazasi samolyotlar uchun asosiy qo‘nalg‘a sifatida tanlangan. Shuningdek, Buyuk Britaniyadagi Leykenxit va Belgiyadagi Klyayne-Brogel majmualarida yordamchi bo‘linmalar joylashgan. Yadroviy amaliyotni qo‘llab-quvvatlovchi salmoqli tarkib esa Daniyadagi Skridstrup aviakrilida faoliyat yuritadi.

O‘quv mashqi tafsiloti maxfiy saqlanmoqda. Mutaxassislar fikricha, bu gal yadroviy qurolni yer osti omboridan samolyotga xavfsiz ko‘chirish va o‘rnatish jarayoni sinovdan o‘tkaziladi. Bunday vaziyatda, odatda, yadroviy zaryadsiz o‘quv bombalaridan foydalaniladi.

Dilshod Hakimov, O‘zA