Shimoliy Atlantika alyansi Ukrainadagi nizoni tezroq yakunlashga xizmat qiladigan har qanday tashabbusga ochiq ekanini ma’lum qildi.
NATO bosh kotibi Mark Ryutte Bryusselda o‘tkazilgan matbuot anjumanida diplomatik muloqotlar ziddiyatni yakunlashni tezlashtirsa, alyans tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini ta’kidladi. Bu haqda “WAM” axborot agentligi yozmoqda.

Ryuttening so‘zlariga ko‘ra, bu borada ittifoqchilar o‘rtasida to‘liq muvofiqlashtirish va shaffoflik muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, u Fransiya va AQSH tomonidan olib borilayotgan diplomatik sa’y-harakatlarni ijobiy baholab, Vashingtonning yetakchilik roli muhim omil ekanini qayd etdi.
Shu bilan birga, bosh kotib Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat rahbari Kaya Kallasning RF qurolli kuchlari sonini qisqartirishni bo‘lajak kelishuv sharti sifatida belgilash haqidagi taklifidan masofa saqladi. Ryutte bu fikrni “shaxsiy pozitsiya” deb atab, u NATOning umumiy qarashi emasligini bildirdi.
Musulmon Ziyo, O‘zA