Rossiya-Ukraina
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Lotin Amerika mamlakatlari rahbarlari tomonidan o‘zaro kelishuv bo‘lmagani uchun Yevropa Ittifoqi - Lotin Amerikasi sammitida ishtirok etmaydi. Bu haqda ijtimoiy tarmoqlar orqali Fransiyaning “Respublika xalq ittifoqi” partiyasi yetakchisi Fransua Asselino ma’lum qildi.
“Ukraina rahbari sammitda ishtirok etishni juda istagan edi. Ammo Lotin Amerikasining 33 nafar yetakchisi “AQSH odami”ning bu yig‘ilishda qatnashishini xohlamadi. Zotan sayyoramizning 90 foizi bu davlat, deb zarar ko‘rmoqda”, qo‘shimcha qilgan fransiyalik siyosatchi.
Shuningdek, Zelenskiy NATOning Vilnyus sammitida qatnashishi xususida hali qaror qabul qilmadi, deb ma’lum qildi Yevropa va Yevroatlantika masalalari bo‘yicha Ukraina Bosh vaziri o‘rinbosari Olga Stefanishina.
Uning qayd etishicha, davlat rahbarining Alyans yig‘ilishidagi ishtiroki yakuniy hujjatlari mazmunidan kelib chiqadi.
“Hujjatlar ustida so‘nggi ishlar ketmoqda. Hozirgacha muzokaralar stolida nimalar borligini bilmaymiz”, dedi Stefanishina.
Britaniyaning “The Guardian” gazetasi ham Ukrainaning mazkur sammitdan umidi yo‘qligini yozib chiqdi.
Buyuk Britaniya, Germaniya, AQSH va Fransiya Kiyev hukumatiga istiqbolda uzoq muddatli harbiy yordam berishni davom ettirishi to‘g‘risida NATOga a’zo davlatlarning murojaatida xavfsizlik kafolatiga erishishi mumkin, deyiladi nashr maqolasida.
Shimoliy Atlantika alyansi Vilnyus sammitida Ukrainadagi bo‘lg‘usi islohotlar uchun Kiyevga a’zo bo‘lish imkoniyatini berish shartini qo‘yadi. Bu haqda AQSH prezidentining milliy masalalar bo‘yicha yordamchisi Jeyk Sallivan ma’lum qildi.
Uning izoh berishicha, gap demokratiya, mudofaa, mamlakat iqtisodiyoti, korrupsiya bilan kurashga bog‘liq islohotlar haqida ketmoqda.
“G‘arb davlatlari Ukrainaga xavfsizlik kafolati berishning ko‘p tomonlama modeli ustida ish olib bormoqdalar”, deb qo‘shicha qildi u.
Sallivanning qayd etishicha, AQSH Ukrainaning o‘zini himoya qilishi va bo‘lg‘usi agressiyaning odini olishi uchun AQSH turli harbiy yordamlarni berish, razvedka ma’lumotlari va boshqa axborotlar bilan ulashish, kibermakonda qo‘llab-quvvatlashga va boshqa moddiy ko‘maklar berishga tayyor.
Yaponiya Vazirlar mahkamasining bosh kotibi Xirokadzu Matsuno Qo‘shma Shtatlar tomonidan Kiyevga kassetali o‘q-dorilar yetkazib berish to‘g‘risidagi xabarlarni sharhlashni istamadi. U Ukrainani xalqaro hamjamiyat tomonidan qo‘llash zarurligi to‘g‘risida gapirdi: “Ukraina va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasidagi ikki tomonlama masalalarni sharhlashdan o‘zimni tiyaman”.
Matsunoning fikricha, “Ukrainadagi vaziyat keskin pallaga kirmoqda va xalqaro hamjamiyat Kiyevni qat’iy qo‘llab-quvvatlashda birdam bo‘lishi muhim”.
Ukraina NATOga kirishi uchun qator harbiy bo‘lmagan, xususan, korrupsiyaga qarshi kurash choralari va demokratik standartlar darajasini ham qo‘shib hisoblaganda, talablarni bajarishi kerak. AQSHning Shimoliy Atlantika alyansi huzuridagi sobiq doimiy vakili Duglas Lyut Yaponiyaning “Asahi” gazetasiga suhbatda quyidagilarni aytib o‘tgan.
“Odatda mazkur tashkilotga kirmoqchi bo‘lgan mamlakatlar “amallar rejasi” jarayonidan o‘tar edi. Bu alyansga a’zo bo‘lishdan avvalgi o‘ziga xos harbiy va harbiy bo‘lmagan talablarni o‘z ichiga olgan nazorat ro‘yxatidir”.
Lyutning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina umuman harbiy standartlarga to‘g‘ri keladi, biroq noharbiy sohada qator talablarni bajarishi shart.
Prezident Jo Bayden Ukraina hududlarini topshirish evaziga inqirozni besh daqiqada hal qilishi mumkin, ammo Kiyev bunga rozi bo‘lmaydi, deb bayonot berdi Zelenskiy “ABC News” telekanaliga intervyuda.
Abror XON, O‘zA