Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
NATO sammiti: 70 yillik tantanaga soya solayotgan muammolar
16:10 / 2019-12-03

Bugun Londonda NATOga a’zo davlatlar sammiti ochiladi.


Bugun Londonda NATOga a’zo davlatlar sammiti ochiladi. Alyansning 70 yillik tantanalari sammitning muhim voqealaridan bo‘lishi kutilmoqda.

Bu galgi oliy darajadagi uchrashuv Alyansga a’zo davlatlarning yangi tahdidlar oldida hamjihatligini yana bir bor namoyish qilishi lozim, shuningdek, Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqishini qo‘llab-quvvatlash ko‘zda tutilgan.

Afsuski, London hozirgi kunga qadar britaniyalik siyosatchilarning Ittifoqdan chiqish tartiblari bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erisha olmayotgani bois “Brexit” bo‘yicha uch marotaba qo‘shimcha muddat oldi. Endilikda mazkur masalalar qatoriga a’zo davlatlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar ham qo‘shiladigan bo‘ldi. AQSh bilan Turkiya o‘rtasidagi Suriya va S-400 xaridi bo‘yicha hamda AQSh bilan Yevropa o‘rtasidagi savdo-sotiq, Yevropa davlatlari bilan Buyuk Britaniya o‘rtasidagi “Brexit” bo‘yicha yagona to‘xtamga kelolmayotgani, AQSh bilan NATOning qolgan a’zolari o‘rtasida iqlimning o‘zgarishiga qarshi kurash, qolaversa, a’zo davlatlar uchun a’zolik badalining oshirilishi, Afg‘oniston bo‘yicha muhokama qilinishi shular jumlasidan.
Ko‘rinib turibdiki, bu galgi uchrashuv avvalgilaridan ko‘ra bahs-munozaralarga boy bo‘ladi.

To‘planib qolgan muammolarning mavjudligini NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg ham alohida qayd etgan. Uning ta’kidlashicha, tashkilot ichida Suriya bo‘yicha yakdillik mavjud emas. Turkiyaning Suriya Shimoli-sharqidagi xatti-harakatlariga munosabat bildirishda bir to‘xtamga kelinmayapti.

Sammitda amaliy qarorlar ham qabul qilinishi kutilmoqda. Xususan, koinot kengliklarini ham quruqliklar, dengiz, havo, kiberkengliklar qatorida NATOning tezkor faoliyati yo‘nalishi, deb e’lon qilish ko‘zda tutilmoqda.

Tashkilot Bosh kotibining bayonot berishicha, bu qaror kosmosga qurol joylashtirishni nazarda tutmaydi. NATO bu qarordan koinotda raketa hujumlarini erta aniqlash tizimini rivojlantirish hamda aloqa va navigatsiya uchun foydalanadi.

Makronning tashvishlari o‘rinlimi?

Bir qarashda, mazkur sammit avvalgilariga o‘xshab ketadi, unda ham joriy masalalar ko‘riladi, kelgusi rejalar muhokama qilinadi. Ammo, bu galgi uchrashuvga soya tashlab turadigan holatlar yo‘q emas. Masalan, noyabr oyi boshlarida Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning NATO bo‘yicha bergan bayonoti ancha shov-shuvga sabab bo‘ldi. “The Economist” jurnaliga intervyu berar ekan, Fransiya Prezidenti NATOning Ittifoq ichida muvofiqlikni to‘liq yo‘qotgani aytgandi. Uning fikricha, Yevropa AQShning harbiy tayanchisiz mustaqil geosiyosiy kuch sifatida o‘zi haqida o‘ylash vaqti keldi, shunday qilinmasa Yevropa “o‘z taqdirini o‘zi nazorat qila olmay qoladi”.

NATO Bosh kotibining o‘tgan hafta uyushtirgan matbuot anjumani Fransiya Prezidentining ushbu bayonoti Alyans a’zolariga jiddiy ta’sir qilganini ko‘rsatdi. Chunki anjumanda Stoltenbergga berilgan savollarning aksariyat qismi aynan shu haqda bo‘lgan. Jurnalistlarning fikricha, Makronning ushbu aytganlari mashhur bo‘lib ketishiga sabab a’zo davlatlar anchadan buyon o‘ylab yurgan muammoni Fransiya Prezidenti ochiqchasiga aytganidadir.

Shunday bo‘lsa-da, Stoltenberg an’anaviy ravishda e’tiborini ko‘proq NATOning barcha uchrashuvlarida aytilib kelinayotgan bosh mavzu – Alyansga a’zo Yevropa davlatlarining harbiy xarajatlarni oshirishi masalasiga qaratdi. Ma’lumki, Bryussel bilan Vashington keyingi yillarda Rossiya harbiy xarajatlarini oshirganini sabab qilib ko‘rsatishga harakat qilmoqda. Eng qizig‘i, bunda AQSh ham, NATO rahbariyati ham Alyansning harbiy xarajatlari Rossiyanikidan 20 barobar ko‘p ekani haqida lom-mim demayotganidadir.

Rossiyaning harbiy budjeti 2018 yilda taxminan 46 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, NATO xarajatlari 930 milliard dollarni tashkil etgan. Shunga qaramay, har gal uchrashuvlarning asosiy mavzusi xarajatlar miqdorini oshirish masalasi bo‘lib keldi.

Darvoqe, yaqinda badal to‘lashda yangi formula joriy qilingani, unga ko‘ra AQSh ulushi kamaytirilib Germaniya hissasi oshirilgani haqida ma’lum qilindi.

Maydonga Xitoy chiqmoqda

Tashkilotni xavotirga solayotgan yana bir masala, bu shubhasiz, Xitoyning iqtisodiy kuchayib borayotganidir. NATO shu vaqtgacha o‘zining asosiy raqibi deb Rossiyani bilardi. Endi esa bu ro‘yxatga Xitoy ham qo‘shiladigan bo‘ldi. Xitoyning keyingi yillarda iqtisodiy sohada erishgan muvaffaqiyati mudofaa xarajatlarini ham oshirishga imkon bermoqda.

Xitoy mavzusi ilk bor muhokama mavzusiga aylanayotgani ham tashkilotning yangi tahdidlar bilan yuzlashayotganidan darak beradi. Chin mamlakati keyingi paytlarda ayniqsa zamonaviy harbiy imoniyatlarga ko‘proq mablag‘ sarflamoqda. U 5G dan tortib yuzni tanish, kvantli hisoblashdan katta miqyosda ma’lumotlarni to‘plash va qayta ishlash sohasida ham eng ilg‘or mamlakatlardan biriga aylandi.

Stoltenbergning ta’kidlashicha, Xitoy o‘zining Afrika, Arktika va Yevropadagi faolligi sababli NATOga yaqinlashib kelmoqda. Shunga qaramay, Bosh kotib NATO a’zolarining yangi tahdidlar oldida yakdilligini ta’kidlar ekan, yangi muammolar tashkilotning birligini yanada mustahkamlashiga ishonchi komilligini alohida qayd etgan.

Xalqaro OAV xabarlari asosida
Saidmurod RAHIMOV tayyorladi.