So‘nggi kunlarda xalqaro ommaviy axborot vositalari NATO Bosh kotibligiga yagona nomzod sifatida Niderlandiya Bosh vaziri Mark Ryutte ko‘rilayotgani haqida yoza boshladi. Uning o‘zi ham uch oylik ta’tildan keyin shu lovozimda ish boshlashni rejalashtirayotganini aytgan.
Yaqinda NOS telekanali Mark Ryutte NATOga yangi rahbar bo‘ladi, deb yozdi. Bu fikrga yaqinda uning yagona raqibi hisoblangan Ruminiya Prezidenti ham Ryutte nomzodini qo‘llab-quvvatlashini bildirgani asos bo‘ldi.
– Bizning nomzodni Vengriya ham ma’qulladi, endi faqat Ruminiya yetakchisi Klaus Yoxannis javobini kutamiz, – deyilgan telekanal axborotida.
NATO Bosh kotibi tasdiqlanishi uchun barcha 32 a’zo yakdil fikrga kelishi kerak. Ryutteni avvaliga 28 davlat ma’qullagan, faqat to‘rt mamlakat – Turkiya, Vengriya, Slovakiya va Ruminiya bu masalada ikkilanayotgan edi. Yaqinda Niderlandiya hukumati rahbari Turkiyaning ham roziligini oldi, kuni kecha Vengriya va Slovakiya ham ko‘pchilikka qo‘shildi.
Ruminiya prezidenti Klaus Yoxannis payshanba kuni Niderlandiya bosh vaziri Mark Ryutte foydasiga NATO bosh kotibi lavozimiga nomzodini qaytarib oldi. Shunday qilib, NATOga a’zo 32 davlatning barchasi alyansdagi eng yuqori lavozimi uchun Ryutte nomzodini qo‘llab-quvvatladi. Kelasi hafta uning nomi NATO Bosh kotibi etib rasman e’lon qilinishi kutilyapti.
Siyosatchi ushbu tayinlovga qaramay, Gaagada yashashda davom etishni rejalashtirgan.
Matbuotga bergan intervyusida Ryutte nima uchun bu qarorga kelgani haqida gapirib, shunday dedi:
– Avvaliga ishtiyoqim yo‘q edi, lekin Ukrainada sodir bo‘layotgan voqealar va dunyodagi beqarorlik sabab, shuningdek ba’zilar ayni vazifani uddalay olishimga ishongach, bu juda qiziq pozitsiya, degan qarorga keldim.
Ryutte Yevropa Ittifoqining beshinchi yirik iqtisodiyotiga ega mamlakatda 14 yil rahbarlik davrida mudofaa xarajatini NATO standarti bo‘yicha yalpi ichki mahsulotning 2 foiziga yetkaza olmagan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu maqsadga joriy yil erishiladi.
So‘nggi yillarda sayyoramizda kechayotgan geosiyosiy voqealar, global miqyosdagi murakab vaziyat, Ukraina – Rossiya ziddiyati Shimoliy alyans a’zolari uchun ham, amaldagi Bosh kotib Yens Stoltenberg uchun ham haqiqiy sinov bo‘ldi, desak mubolag‘a emas. Binobarin, Yevropadagi beqarorlik yangi nomzod Mark Ryutte uchun ham murakkab davrni va’da qilayotgani tayin.
– NATO rahbariyatidagi o‘zgarish alyansning 75 yilligi hamda Rossiya – Ukraina mojarosi hamon rivojlanayotgan muhim pallaga to‘g‘ri keldi, – deyilgan “Bloomberg” e’lon qilgan materialda. – Bosh kotib ittifoqchilar Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etishiga erishishi, shu bilan birga Moskva va Alyans o‘rtasidagi munosabat keskinlashuviga yo‘l qo‘ymasligi kerak. Agar Donald Tramp saylovdan keyin Oq uyga qaytsa, bu ish yanada qiyinlashishi mumkin.
Tahlilchilar fikricha, Ryutte Tramp uchun “eng yaxshi nomzod”. Niderlandiya Bosh vaziri ham Trampning qaytishiga tayyorligi va “raqs maydonchasida har kim bilan raqsga tusha olishi”ni ma’lum qilgan.
Kuni kecha oxirgi raqib Ruminiya Prezidenti Klaus Yoxannis ham Ryutte foydasiga kurashdan chiqqani ma’lum bo‘ldi. Avvalroq Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha muvofiqlashtiruvchisi Jon Kirbi Qo‘shma Shtatlar Mark Ryutte NATO Bosh kotibligiga tayinlanishini qo‘llab-quvvatlashda davom etishini ma’lum qilgandi.
Umuman, Vashington allaqachon bu nomzod qo‘llab-quvvatlanishini ochiq e’lon qilgan. Aprel oyida ayni pozitsiyani AQSHning NATOdagi elchisi Julian Smit takrorladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar Yens Stoltenbergning vorisi iyul oyida, Alyansning Vashington sammitida belgilanishini ta’minlashga harakat qilyapti.
Stoltenberg 2024 yil 1 oktyabrgacha Bosh kotib lavozimida qolishini aytgan. Bu qaror blokning 2023 yil 11-12 iyul kunlari Vilnyusda bo‘lib o‘tgan sammitida ma’qullangan. Ommaviy axborot vositalari, jumladan britaniyaliklar va amerikaliklar bunga Stoltenberg vorisini aniqlashdagi qiyinchilik sabab bo‘lganiga bir necha bor aniqlik kiritishdi. Zero, Bosh kotib barcha a’zo davlatlar konsensusiga asosan tayinlanadi. Binobarin, Mark Ryutte nomzodi uchun zarur konsensusga erishilgan.
S.Rahimov, O‘zA