NATO Bosh kotibi Mark Ryutte Rossiya – Ukraina urushi masalasida o‘tkazilgan muloqot guruhi yig‘ilishida Yevropa davlatlarini Kiyev uchun AQSH qurolini sotib olishga chaqirdi.
Avvalroq Ryutte Vashingtonni buning uchun “pul topilishi”ga ishontirgandi.
– Uchrashuvda qatnashgan mudofaa vazirlariga murojaat qilarkan, Bosh kotib o‘tgan hafta Prezident Donald Tramp bilan birga Yevropa va Kanadadagi ittifoqchilar sarmoyasi orqali Ukrainani qo‘llab-quvvatlash kuchaytirilishi bo‘yicha e’lon qilingan tashabbusni ma’qulladi, – deyilgan Alyans virtual uchrashuvi yakuni bo‘yicha e’lon qilingan bayonotda.
Avvalroq o‘zidan oldingi yetakchi Jo Baydenni Ukrainaga ko‘p milliard dollarlik harbiy yordam ko‘rsatgani uchun bir necha bor tanqid qilgan Tramp endi Kiyevga NATO ittifoqchilari orqali qurol yetkazib berishning yangicha yo‘lini ilgari suryapti. Uning fikricha, Qo‘shma Shtatlar Yevropa mamlakatlariga milliardlab dollarlik yirik qurol-yaroq to‘plami, jumladan raketa, havo hujumidan mudofaa tizimi va o‘q-dori sotadi. Ittifoqchilar esa shu aslahalarni Ukrainaga o‘tkazadi va amerikalik ishlab chiqaruvchilardan yangi xarid hisobiga o‘z zaxirasini qayta to‘ldiradi.
Ta’kidlanishicha, bunday ko‘mak usuli to‘liq kelishilgan va yaqin kelajakda NATO mamlakatlari mablag‘i yordamida amalga oshiriladi.
S.Rahimov, O‘zA