Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Natijasiz va samarasiz eshituvlar: sudyalarga nisbatan xizmat tekshiruvi, bu jarayon — qotib qolgan "toshloq" emasmi?
17:17 / 2022-10-14

Yurtimizni shimolidan janubi tomonga qarab bir safarga chiqsangiz, katta yo‘l bo‘ylab ikkita hududda «Sangzor» degan joy nomlariga ko‘zingiz tushadi. Xullas, sangzor degan nom bilan atalgan tog‘ darrasidagi joy, daryo, qishloq, ko‘cha nomlari bor.

Bilasiz, «sangzor» so‘zi fors-tojikchadan tarjima qilinganda «toshzor» degan ma’noni anglatadi. O‘zbek adabiy tilida esa "toshzor" emas, "toshloq" atamasini ishlatish to‘g‘ri bo‘ladi.

Xalqimiz joy nomini «toshloq», «toshdara» deb atamasdan go‘zal qilib «sangzor» deb atashadi. Toshloq degandan ko‘ra, sangzor so‘zi chiroyli aytiladi va eshitiladi...

Shu ma’noda yuqoridagi jumlalarni bir o‘xshatish sifatida olib, bugun sud-huquq sohasida amalga oshirilgan tom ma’nodagi progressiv, katta islohotlar – «gulzor» qarorida, kommunistik mafkuraga daxldor, bir partiyali eski tuzumga xos bo‘lgan sud raislarining joylardagi Xalq deputatlari kengashlariga axborot berish va sudyalarga nisbatan o‘tkaziladigan xizmat tekshiruvi instituti – «toshloqni» «sangzor» demasdan o‘z nomi bilan atab, ushbu ikki amaliyotni sud va sudyalar daxlsizligi sari tortib, undan voz kechsak, biror narsa o‘zgarib qoladimi? Albatta, bu kinoya.

Tahlilga ko‘ra, mahalliy kengash deputatlarining sud raislari axborotini eshitishi nafi nolga teng yoki bunday axborotni eshitilishidan foyda yo‘q bo‘lsa, xizmat tekshiruvi instituti sudyalar mustaqilligi va daxlsizligiga zarar yetkazib kelayotgan institutdir.

Bu institutlar:

A) O‘zbekiston Konstitutsiyasida belgilangan maqsad va ko‘z ilg‘amas muddaolarimizga muvofiq emas;

B) Nafsiz, natijasiz;

V) Yuzaki, rasmiyatchilik uchun;

G) Sud-huquq sohasidagi islohotlarimizning umumiy negiziga mos kelmaydi;

D) Korrupsiya holatlarini keltirib chiqaradi;

Ye) Eshituvlar sud mustaqilligiga daxl qilmoqda;

Yo) Sudyalarga nisbatan xizmat tekshiruvi, bu jarayon qotib qolgan toshloq, lekin biz uni barcha zamonga moslab «sangzor» deb atayveramiz:

...Ya) Bunda eshituvlardan voz kechish maqsadga muvofiq.

JAVOB IZLASAK...

Endi har bir so‘zga emas, har bir bandga javob izlaymiz, chunki har bir so‘zga javob izlasak, yuk og‘irlashib ketadi...

A) O‘zbekiston Konstitutsiyasida belgilangan maqsad va ko‘z ilg‘amas muddaolarimizga muvofiqmi?

JAVOB: O‘zbekiston Konstitutsiyasining 106-moddasiga ko‘ra, O‘zbekistonda sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan, siyosiy partiyalardan, boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil holda ish yuritadi. 107-moddada esa, «O‘zbekiston Respublikasida sud tizimi O‘zbekiston konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi, harbiy sudlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari, fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman, shahar sudlari, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlari, tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudlari va tumanlararo ma’muriy sudlardan iboratdir», deyilgan.

Demak, sizda «Nega Parlament (oliy vakillik organi)ga Oliy sud hisobdor, Mahalliy vakillik organiga joylardagi sudlar axborot bermasligi kerak?», degan savollar bo‘lishi tabiiy.

Lekin quyidagilarga ham e’tibor qaratish kerak:

Sud hokimiyatining oliy idorasi – Oliy sud, sud tizimi – sud hokimiyati nomidan Parlament (oliy vakillik organi)ga hisob berar ekan, Parlament faoliyatini tartibga soluvchi konstitutsiyaviy qonunlar (Konstitutsiyaviy qonunlar, barmoq bilan sanarli ekanini barchamiz bilamiz, shuning uchun ham ularning yuridik kuchi oddiy qonunlarnikidan ko‘pda)da Parlament, deputatlar so‘rovlari, eshituv savollari sudlarning muayyan ishlariga qaratilishi mumkin emasligi belgilab qo‘yilgan;

* Sodda qilib aytganda, Parlament deputatlari professional qonun ijodkorligi faoliyati bilan shug‘ullanadi, boshqa joyda ishlamaydi, tadbirkorlik qilmaydi. Ular sudlarning umumiy faoliyatini yaxshilash, inson huquqlarini ta’minlashda sudlar o‘rni va rolini oshirishga xizmat qiluvchi norma ijodkorligini qiladi, qonunlar yaratadi, shu maqsadda Parlamentning umumiy nazoratini ham o‘rnatadi.

* Mahalliy vakillik organlari a’zolari esa, boshqa faoliyat bilan shug‘ullanadi... tadbirkorlik qiladi...

* Qolaversa, mahalliy vakillik organi boshlig‘i ham hozircha hokimdir. Shuning uchun ham joylardagi ijro hokimiyati rahbari boshchilik qilayotgan vakillik organiga sudlarning axborot berishi, Konstitutsiyadagi qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi, sud hokimiyati – hokimiyat bo‘linishi va bir-birini tiyib turishi, deyiladigan, Sharl Lui de Sekonda, baron de La-Bred i de Monteske g‘oyalari asosida umume’tirof etilgan tamoyillarga shikast yetkazishi mumkin.

B) Nega samara va natijasiz?

JAVOB: Ma’lumotlarga ko‘ra, 2019-2022 yillarda sud raislarining 3 000 dan ortiq axboroti eshitilgan.

Endi ochiqchasiga ayting-chi, mazkur eshituvlardan siz biror samarani sezdingizmi?

Bu savol aynan mahalliy vakillik organi a’zolariga berilmoqda. Ha, deya olmaysiz. Buning samarasi bor deb o‘ylamaymiz. Ba’zilar bu borada Parlament eshituvining ham samarasini sezganimiz yo‘q-ku, deyishayotgandir balki, lekin unchalikmas, Parlament eshituvining samarasi bor albatta. Buni qabul qilinayotgan qonunlarda ko‘rish mumkin.

Natija bermayotganini, samarasizligining sabablaridan asosiysi esa, avvalo eshituvning yakuni, natijasi haqida qanday chora-tadbir belgilanishi, nima hujjat qabul qilinishini qonunda belgilanmaganidadir. Bu norma belgilansa mabodo... Lekin belgilab bo‘lmaydi, sababi unda bu axborot eshitish emas, hisobot so‘rash bo‘lib qoladi va bu o‘z-o‘zidan maqsadga muvofiq emas...

Biroz hazil bo‘lsa-da, shuning uchun ham men «o‘tgan davr mobaynida sud hokimiyatining chinakam mustaqilligi, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta’minlash, qolaversa, sud hokimiyatining ochiqligi masalasida ham bir qator ijobiy natijalarga erishildi», deb aynan «xalq deputatlari mahalliy kengashlari tomonidan sudlar faoliyatiga oid axborotni eshitish amaliyoti»ni hech bir mushohada qilmay gapirayotgan notiqlarni eshitsam, televizorni boshqa kanalga olaman. To‘g‘rida, ularning gapi ham balki to‘g‘ridir...

V) Nega yuzaki, rasmiyatchilik uchun?

JAVOB: «Sudlar to‘g‘risida»gi qonunning 34-, 38-moddalarida sud raisi – sudning fuqarolar huquqlari va erkinliklarini, shuningdek, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini sud yo‘li bilan himoya qilishni amalga oshirishga doir faoliyati to‘g‘risida tegishli xalq deputatlari Kengashiga bir yilda kamida bir marta axborot taqdim etadi, deb belgilab qo‘yilgan.

Endi shu normalarni har hududda har xil tushunish asosida tatbiq etayotgan mahalliy vakillik organlari hokim boshchiligida, har chorakda reja-dastur qilib, sud raisini eshitadi. Beradigan savollarning esa, 90 foizi sudlarning muayyan ishlariga bog‘liq. Bunday savollarga sud rahbarlari ham «To‘g‘ri, o‘rinli savol, bu masalada sizga alohida ma’lumot taqdim etamiz», deyishdan boshqa iloji yo‘q.

Chunki ko‘pchilik XDK a’zolariga nima farqi bor, axborotmi, hisobotmi, hammasi ham bir, baribir o‘zi xohlagan savolni beradi. Savollar sudlarning muayyan ishlariga oid bo‘lmasin, yiliga kamida bir marta, «har chorak» va yuqori palataga hisobot berish uchun xohlagan payt sudlarni eshitish maqsadga muvofiq emasligi...

Eshituvlarning yuzaki, rasmiyatchilik uchun ekanini yana bir sababi shuki, sudlar faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlar (har bir tuman kesimida, ish va nizolarning tarkibi, statistikasi) Oliy sudning rasmiy veb-saytida e’lon qilib boriladi. Sud raislari ham eshituvlarda aksariyat holatda shu ma’lumotlarni beradi-da yo ularning axboroti boshqachami?

Keyingi sabab esa, «Sudlar to‘g‘risida»gi qonunning 34- va 38-moddalarida sud raislari – bir oyda kamida bir marta joylarda sudyalarning aholi bilan uchrashuvlarini tashkil etadi, shuningdek, jamoatchilikni sudning faoliyati to‘g‘risida ommaviy axborot vositalari orqali xabardor qilib boradi, deb belgilangan. Demak, aholi har oy oladigan axborotni XDK a’zolari keyinroq eshituv jarayonida olsa,  bu  yerda mantiq qayerda?

G) Nega sud-huquq sohasidagi islohotlar umumiy asoslarga mos kelmaydi?

JAVOB: Umuman olganda, sud-huquq sohasidagi islohotlarga odamlarni ishontirish avvalo sudlarning chinakam mustaqilligiga aholini ishontirish bilan boshlanadi. XDK raislari kim? Hokimlar kim? Ular ijroiya IM hokimiyatining joylardagi rahbarlari. Ular ham sudlarga murojaat, da’vo qiladilarmi? Ha. Masalan, «snos» masalasida va boshqa masalalarda. Bu murojaatlarni kim ko‘rib chiqadi? Sudyalarmi? Sud raisi ham sudyami? Ha. Mana bu – sizning mahalliy vakilli korganlarini Parlament deputatlari, ular faoliyatiga solishtirganingizga javob – Parlament a’zolari sudga da’vo ariza kirita olmaydilar. Shuning uchun ularning bevosita sudlar faoliyatiga aralashuvi yo‘q...

XDK a’zolari – mahalliy deputatlar kim? Ular bir paytning o‘zida tadbirkor, korxona-tashkilot rahbarlari, shifokor, murabbiy, quruvchi va hokazolar. Ular sudlarga da’vo arizalar, arizalar bera oladilarmi? Ha.

Ular bergan da’vo arizalarni kim ko‘radi? Sudyalar.

Sud raislari ham sudyalarmi? Ha. 

Bu qaysi qonunda yozilgan? 

«Sudlarto‘g‘risida»gi, O‘zbekiston Respublikasi Qonunida. Yashang! Mana, gap qayerda...

D) Nega korrupsiya holatlari kelib chiqadi?

JAVOB: Misol uchun, siz mahalliy Kengash deputatisiz, sizning tanish-bilishingiz, qarindoshingiz yoki ko‘pincha saylovchingiz sizga murojaat qildi: «Deputat aka (opa), saylovlarda ko‘p va’da berdingiz, har bir murojaatlaringizga imkon qadar yordam beraman dedingiz, mana, mening ishim, (o‘g‘limni, qizimni... va h.k.) ishi sudda, bir yordam qiling».

Siz nima qilasiz, sudyaning qabuliga muayyan ish bilan bora olmaysiz, mumkin emas, endi o‘sha «eshituv»da hech bo‘lmaganda shu masalani bir ko‘tarib ko‘rasiz-da. 

«Avvalo, uzr so‘rayman, o‘zimni muammom emas, saylovchilarniki... Hurmatli sud raisi, shu masalada qanday amaliy yordam bera olasiz?»

Savolni qarang, shu masalada qanday amaliy yordam bera olasiz? Raislar ham nima deydi. «A endi, bu muayyan ish bo‘yicha ekan, men yozib oldim, qonun asosida ko‘rib chiqiladi, sizga qo‘shimcha axborot beriladi»...

Tabiiyki, siz bu javobdan qoniqmaysiz. Chunki sizning bu javobingizdan saylovchi qoniqmaydi... Siz esa, saylovchiga   amaliy yordam berishni so‘raysiz, sud raisi qonundan chiqishni istamaydi. Siz, buni saylovchiga tushuntira olmaysiz, ana shundan boshlanadi manfaatlar to‘qnashuvi degan yeng chatoq korrupsiyagen holatlar.

Keyin sud raisi deputatlar oldida axborot berishda sermulozamat bo‘la boshlaydi, aksi bo‘lsa, deputatlar keraksiz savol beradi, axborotingizdan qoniqmadik, deydi va boshqa nozik, sezilar-sezilmas amaliyot shakllana boradi.

Bunday jarayonlar, rasmiyatchilikda yashiringan byurokratiya, vakolat va martabadan foydalanish, guruhbozlik, manfaatlar to‘qnashuvi degan salbiy iboralardan foydalanishimizga asos yaratib boraveradi... Bu esa, aholi ishonchiga aks ta’sir etadi. Bunisi esa ortiqcha...

Ye) Eshituvlar sud mustaqilligi va dahl qilmoqda?

JAVOB: Mahalliy Kengashlar qarori tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, joylardan sud raislari eshituvi yuzasidan qabul qilinayotgan qarorlarda sudlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri vazifa belgilab berish, yuklama tayinlash va bu vazifalar ijrosi yuzasidan axborot kiritish va mas’ullar belgilash holati kuzatilmoqda.

Vaholanki, XDK qarorlarida sudlarga vazifa belgilash nafaqat qonunlarga balki hatto hamma biladigan Konstitutsiyaga ham ziddir.

Ya) Nega xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining sud raislari axborotini eshituvlaridan voz kechish maqsadga muvofiq?

Javobni qisqacha qilib, yuqoridagi bandlarda ko‘rsatib o‘tishga harakat qildim.

Yo) Sudyalarga nisbatan xizmat tekshiruvi, bu jarayon qotib qolgan toshloq, lekin biz uni barcha zamonga moslab «sangzor» deb atayveramiz:

Hech eshitganmisiz, bir ilg‘or xorijiy davlatlarda bir sudya yoki sudyalar guruhi – malaka hay’atlari boshqa bir sudyaga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlab o‘tkazishini?

Bu — ritorik savol...

TAKLIF...

Demak, javobi aniq va tiniq. Ushbu savol-javob ko‘p joyni band etadi. Shu bois undan ko‘ra, bir taklif berib qo‘ya qolay:

Sudyalarga nisbatan xizmat tekshiruvi institutini isloh etib, agar sudya faoliyatida moddiy va protsessual qonunlarga zid ish qilsa, qonun bilan ko‘rib chiqish, agar sudya odob kodeksini buzsa, odob komissiyasida masala ko‘rilishi har ikki holat ham sudyalar hamjamiyati tomonidan amalga oshirilishi kerak.

Bu qoida aynan qonun bilan tartibga solinishi shart. «Nizom» va «Tartib»lardan butunlay voz kechgan bu borada odil sudlov uchun xayrli bo‘ladi.

Yana bir qo‘shimcha mulohaza, mavlono Rumiy hazratlari ta’kidlaridek: «So‘z (gap) ko‘payib borgani sayin, so‘zdan ma’no chekinadi, maqsad uzoqlashib boradi». 

Yakundagi muddao esa, samarasiz va jamiyatga nafi nolga teng, ziyoni bisyor bo‘lib, sezilar-sezilmas ortib boraveradigan, natija bermaydigan ortiqcha tadbir, yig‘ilish, sudlarni jilovlash kabi bir rasmiyatchilik bo‘lgan bu eshituv va xizmat tekshiruvi institutlaridan voz kechish xayrliroq!

Ha yana bir gap, «Sangzor» va «Toshloq» so‘zlari bir ma’noni anglatsa-da, bu so‘zlarni ishlatilishida maqsadga qarab ma’no butunlay o‘zgarishi mumkin.

Shunday ekan, sud mustaqilligi va daxlsizligi, sudlarga ishonch haqida gap borar ekan, bu jarayonda ikki xil yondashuvdagi qarashlar bilan ish bitmaydi yo sudlar hisobdorligi yoki sudlarning tom ma’nodagi mustaqilligi...

Zero, sudga ishonch bo‘lmas ekan, hech bir islohot biz kutgan natijani bermaydi.

Nuriddin MURODOV,

Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi raisi