2022 yilning 9 oyi ham tarixga aylanmoqda. Xo‘sh, shu muddatda mamlakatimiz sportchilari qancha xalqaro musobaqalarda qatnashdi-yu, medallar salmog‘i qanday ko‘rinishda bo‘ldi? Ko‘zda tutilgan maqsadlarga erishildimi?
O‘tayotgan yil mamlakatimiz sportchilari uchun sermahsul bo‘ldi. Bu, qo‘lga kiritilgan natijalarda o‘z aksini topgan.
Ortda qolayotgan 9 oy mobaynida mamlakatimizning 291 nafar sportchisi 68 ta jahon chempionati va kubogi bahslarida qatnashib, 4 ta oltin, 10 ta kumush, 17 ta bronza medallariga sazovor bo‘ldi. Osiyo chempionati va kubogida 356 nafar sportchimiz qatnashdi. Ular 67 ta oltin, 94 ta kumush, 76 ta bronzali bo‘lishdi. Xalqaro turnirlarda sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib borgan 833 nafar hamyurtlarimiz esa 263 ta oltin, 263 ta kumush hamda 226 ta bronzaga ega chiqishdi.
Joriy yilning 9 oyi mobaynida mamlakatimizda 192 ta O‘zbekiston chempionati, 35 ta kubok musobaqalari va 18 ta respublika miqyosidagi turnirlar tashkil etilib, ularda jami 21 851 nafar sportchilar qatnashishdi.
Mutaxassis taqdim etgan raqamlar ko‘zni quvnatadi. Ushbu musobaqalar va ularda erishilgan natijalarga Turkiyada o‘tgan ”Islom birdamligi” o‘yinlari hamda Rossiyaning Vladivostok shahrida yakunlangan “Osiyo bolalari” o‘yinlaridagi muvaffaqiyatlar qo‘shilsa, O‘zbekiston sportchilari tom ma’noda yangilangan yutuqlar jamlanmasiga musharraf bo‘lganligini anglash qiyin emas.
Joriy yil aynan Turkiya va Rossiyada o‘tgan “kichik olimpiada” tizimidagi har ikki musobaqada umum jamoada 2-o‘rinni egallashi Yangi O‘zbekiston yoshlarining salohiyati har qachongidan ham yuksalganligini anglatmoqda.
Turkiyaning Konya shahrida kechgan murakkab musobaqalarga boy “Islom birdamligi” o‘yinlarida 56 ta mamlakat vakillari orasida iqtidorli sportchilari 51 ta oltin, 42 ta kumush, 65 ta bronza, jami 158 ta medallar bilan 2-o‘rindan joy oldi.
Ushbu o‘yinlar uch qit’a davlatlari o‘rtasida o‘tganligini, unda o‘nlab olimpiya o‘yinlari sovrindorlari, jahon chempionlari qatnashganligini, vakillarimiz ularga munosib raqobat ko‘rsatganligini e’tiborga olsak, mazkur yutuq mustaqil O‘zbekiston sport jamoasining kompleks sport o‘yinlaridagi tarixiy natijasi sifatida qayd etilishga arziydi.
Shuningdek, Vladivostokda VII «Osiyo bolalari» o‘yinlarida yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan umidli yoshlarimiz 20 tadan oshiq jamoalar orasida 41 ta oltin, 28 ta kumush va 45 ta bronza, jami 114 ta medallarga ega chiqqan holda umum jamoada 2-o‘rinni egalladi.
Mamlakatimizning yangilanayotgan sport tizimidagi yana bir tarixiy g‘alabasi so‘zsiz shaxmatchilarimizning Hindistonda uyushtirilgan 44-shaxmat olimpiadasi g‘olibi bo‘lishi jahon hamjamiyatida davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan Yangi O‘zbekiston g‘oyasi, uchinchi Renessans poydevori naqadar hayotbaxsh ekanligini anglatdi. Dunyo nigohini quyoshli diyorimizga qaratdi. Xalqimizning salohiyati, uning intellektual kuch-qudrati, aql mash’ali asrlar osha o‘z nuri-ziyosini taratib turishini ko‘rsatdi.
– Albatta, bunday sermahsullikka erishish o‘z-o‘zidan ro‘y bermadi, – deydi Sportni rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Shaxrullo Mahmudov. – Bunda avvalo, davlatimiz tomonidan jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga, terma jamoalarning tizimli mashg‘ulotlar o‘tkazishga alohida e’tibor qaratilishi, zarur mablag‘lar bilan ta’minlanishi, zamonaviy shart-sharoitlar yaratilganligi beqiyos ahamiyat kasb etdi. Qolaversa, Sportni rivojlantirish vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, tizimdagi federatsiya va sport maktablarining hamjihatlikda ish olib borayotganligi, murabbiy va mutaxassislarning o‘z ish uslubiga yangicha tamoyillarni joriy etayotganligi omil bo‘ldi. 2022 yilning qolgan uch oyi mobaynida shijoatli sportchilarimizni kutib turgan xalqaro maydondagi shiddatli chempionatlar, bir qator sport turlari bo‘yicha o‘tadigan turnirlar va ichki chempionatlarda qo‘lga kiritilajak medallar salmog‘ini e’tiborga olsak, g‘oliblik dovonining yo‘llari nurli ekanligi ko‘ngilga huzur bag‘ishlaydi.
Jumladan, oktyabr oyida dunyo dzyudochilari ishtirokida Toshkentda jahon chempionati o‘tishi, bokschilarimiz 30 oktyabr – 13 noyabr kunlari Iordaniyaning Amman shahrida Osiyo chempionatida qatnashishi, og‘ir atletikachilarimiz oktyabrda Bahraynda qit’a, dekabrda Kolumbiyada jahon chempionatida Vatan sha’nini himoya qilishi, noyabr oyida Hindistonda milliy qadriyatimizning ajralmas qismi bo‘lgan kurash bo‘yicha navbatdagi jahon chempionatining o‘tkazilishi, mamlakatimiz sport zarvarag‘i yanada yorqin g‘alabalar yog‘dusiga burkanadi deganidir.
To‘lqin RO‘ZIEV, O‘zA muxbiri