Termiz shahridagi Yoshlar markazida Surxondaryo viloyati pedagoglarining yangi o‘quv yili oldidan to‘rtinchi Ustozlar milliy forumi bo‘lib o‘tdi.
Forumda Surxondaryo viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov vohada ta’lim-tarbiya sifati va samaradorligini oshirishga qaratilayotgan e’tibor haqida atroflicha fikr yuritdi. Ustozlarni qo‘shaloq ayyom¬ –Mustaqilligimizning 34 yilligi bayrami va Bilimlar kuni bilan tabriklab, sharafli kasb egalarining yangi o‘quv yilidagi ishlariga omad tiladi.
Joriy yilgi Investitsiya dasturi doirasida viloyatda 8 ta yangi maktabgacha ta’lim muassasasi, 4 ta umumta’lim maktabi hamda 41 ta qo‘shimcha bino qurilmoqda. 9 ta maktabda kapital ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 19,8 milliard so‘m evaziga 26 ta maktab ta’mirlandi. Umumta’lim maktablarini yangi o‘quv yiliga tayyorlash uchun 5,6 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan ta’limni rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e’tibor o‘quvchi-yoshlarning ilm-fanga qiziqishini oshirib, sohada o‘z salohiyatlarini keng namoyish etishga undamoqda. Jumladan, maktab o‘quvchilarining oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichlari bo‘yicha Surxondaryo viloyati o‘tgan yildagi 14-o‘rindan bu yil 10-o‘ringa ko‘tarildi. Fan olimpiadalarida mamlakatimiz miqyosida 14-o‘rindan 4-o‘ringa chiqdi. Xalqaro olimpiada va sport bellashuvlarida ham voha o‘quvchilari sovrinli o‘rinlarni egallamoqda.
[gallery-24734]
Fidoyi, tashabbuskor ustozlarni yagona maqsad yo‘lida birlashtirgan tadbirda ta’lim-tarbiya sohasida salmoqli yutuqlarga erishgan, faol, tashabbuskor, izlanuvchan va namunali pedagoglardan bir guruhi viloyat hokimining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Tadbirda yosh tadbirkorlar ishlab chiqargan mahsulotlar ko‘rgazmasi, san’at va sport maktablari o‘quvchilari, kitobxonlar, rassomlar, yosh ijodkor va san’atkorlarning badiiy chiqishlari namoyish etildi.
Forum san’atkorlar ishtirokidagi konsert dasturi bilan yakunlandi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri