Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidagi 1-davlat ixtisoslashgan maktab-internat haqida eshitgan bo‘lsangiz kerak, nafaqat tumanda, balki viloyat va respublikada ham o‘z o‘rniga ega nufuzli ta’lim maskanlaridan biri.
Shuning uchun farzandlarini bu dargohda o‘qitishni xohlaydigan ota-onalar ko‘p. Qabul har yili Davlat test markazi tomonidan shaffof, adolatli o‘tkazilib, iqtidorli o‘quvchilar tanlab olinadi. Bir o‘ringa 7-10 o‘quvchi da’vogarlik qilgan yillar ko‘p bo‘lgan. Maktab-internatda qo‘shni Shahrisabz, Chiroqchi, Yakkabog‘, Muborak, G‘uzor, Qamashi va boshqa tumanlardan ham o‘quvchilar tahsil olishadi. Hozir 500 ga yaqin o‘quvchining 126 nafari viloyatning boshqa hududlaridan.
Xo‘sh, o‘quvchilar mazkur dargohga talpinishining boisi nimada?
Bu savolga bir so‘z bilan NATIJA, deb javob aytish mumkin. Maktab-internatda tahsil olgan yoshlarning qo‘lga kiritayotgan yutuqlarini hamma ko‘rib turibdi. Quvonayapti, havas qilayapti. Ota-onalar ham farzandlari shunday yutuqlarni qo‘lga kiritishini jon-dildan istashayapti. Shuning uchun bolalarini yetaklab olib kelishayapti. Sinovdan o‘tib olishini hayajon bilan kutishayapti.
Negaki bu dargohni bitirgan o‘nlab yoshlar Yaponiya, AQSH, Xitoy, Janubiy Koreya, Malayziya, Avstraliya kabi davlatlarda yetuk mutaxassis sifatida faoliyat yuritishayapti. Yuzlab bitiruvchilar mamlakatimizdagi nufuzli idora va tashkilotlarda Vatanimiz ravnaqiga hissa qo‘shishmoqda. Ulardan Eldor Elmurodov Yaponiyaning Nagoya institutida yetakchi menejer-ilmiy xodim, Bahriddin Abdiyev Avstraliyaning xalqaro birjasida yetakchi-dasturchi, Farhod Samadov Koreya davlati "Samsung" kompaniyasining farmatsevtika korxonasi menejeri va hokazo.
Bitiruvchilar orasida ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotganlar ham ko‘pchilik. Sobiq o‘quvchi Zarina Shermatova O‘zbekiston milliy universiteti mexanika-matematika fakultetida avval Qori Niyoziy, keyin Abu Rayhon Beruniy nomidagi Davlat stipendiyasida o‘qidi. Bakalavr hamda magistratura bosqichlarini imtiyozli diplom bilan bitirdi. O‘qish jarayonida xorijiy tillarni ham mukammal o‘rganib, rus va ingliz tillari bo‘yicha qator sertifikatlarni qo‘lga kiritdi. Hozirda Respublika Fanlar Akademiyasi V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika institutining 2-bosqich tayanch doktoranturasida tahsil olmoqda. Akademik Sh.A.Ayupov rahbarligida zamonaviy matematikaning jadal sur’atda rivojlanayotgan "Leybnits algebralari" sohasi bo‘yicha ilmiy ish qilayapti.
U 2014 yilda AQSHning Kaliforniya shtati universitetida "Matematik fizika va analiz" mavzusida o‘tkazilgan Amerika-O‘zbekiston qo‘shma konferensiyasida "Nilradikali to‘rt o‘lchovli bo‘lgan besh o‘lchovli kompleks yechimli Leybnits algebralari" mavzusida ingliz tilida ilmiy ma’ruza qilgan. 2018 yil Fransiyadagi "Sof va amaliy matematika" xalqaro markazi tomonidan Ispaniya, AQSH, Braziliya, Argentina, Avstraliya, Xitoy, Qozog‘iston davlatlarining xorijiy professor va olimlari bilan birgalikda Toshkentda o‘tkazilgan ilmiy maktabda faol qatnashib, o‘z sohasining yetuk mutaxassislari bilan tajriba almashdi. Ilmiy faoliyati davomida olgan natijalariga oid maqolalari 15 dan ortiq respublika va xalqaro ilmiy jurnallarda ingliz tilida nashr etilgan.
[gallery-186]
Maktab-internatning yana bir sobiq o‘quvchisi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti "Stoxastik analiz" bo‘limi kichik ilmiy xodimi Abdurahmon Aliyev erishgan yutuqlar ham diqqatga sazovor. U o‘quvchilik paytidanoq Shodixon Sirojev xotirasiga bag‘ishlangan matematika olimpiadasida, Toshkentda o‘tkazilgan "Lomonosov-2014" matematika va informatika festivalida, matematika fanidan viloyat olimpiadasida 1-o‘rinlarni, universitetda o‘qib yurganida universitet talabalari o‘rtasidagi Sankt-Peterburg shahrida o‘tkazilgan 4-NCUMC olimpiadasida II darajali, keyingi yil mazkur olimpiadada I darajali diplomlarni (oltin medal) olgan.
Shuningdek, u Turin politexnika universitetida, Toshkent, Samarqand shaharlarida va Angliyada bo‘lib o‘tgan bir qator xalqaro konferensiyalarda o‘z tezislari va ma’ruzalari bilan muvaffaqiyatli qatnashgan.
Maktab-internat tashkil topgan chorak asrdan buyon oliy o‘quv yurtiga kirish ko‘rsatkichi hamisha yuqori bo‘lib kelayapti. Hatto bitiruvchilarning 90 foizi o‘qishga kirgan yillar bo‘lgan. 2019-2020 o‘quv yilida esa 54 nafar bitiruvchidan 45 nafari, ya’ni 83 foizi talaba bo‘ldi. Eng quvonarlisi, 11-"b" sinfga rahbarlik qilgan Baxtiyor Abdiyevning 27 nafar o‘quvchisining hammasi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirib, yuz foizlik natija ko‘rsatdi.
To‘g‘ri, orada maktablar 9 yillikka aylantirilib, kasb-hunar ta’limi tizimiga o‘tilgani g‘alvirni suvdan ko‘tarish imkonini yo‘qotdi. Lekin shunday paytlarda ham kichik o‘quvchilar xalqaro yosh matematiklar musobaqalari, bilimlar bellashuvlarida muvaffaqiyatli ishtirok etishdi. Masalan, shu maktab o‘quvchisi Yulduz Ne’matova 2014 yilda yosh matematiklarning Janubiy Koreyaning Deyjon shahrida o‘tkazilgan "IMC-2014" (INTERNATIONAL MATEMATICS COMPETITION) bellashuvida jamoa va yakka tartibda qatnashib, kumush va bronza medallar bilan qaytdi. U keyinchalik fan yo‘nalishi bo‘yicha Zulfiya nomidagi respublika davlat mukofoti sohibasi bo‘ldi.
Aslida xalqaro olimpiadalarga dastlabki yo‘lni maktab-internat o‘quvchisi Umid Rajabov ochib bergan. U 2001 yilda AQSHning Vashington shahrida bo‘lib o‘tgan 42-Xalqaro matematika olimpiadasida bronza medalini qo‘lga kiritdi. Shu yili maktab-internatning yana bir o‘quvchisi Jamol Uzoqov Armanistonning Yerevan shahrida kimyo fanidan o‘tkazilgan xalqaro Mendeleyev olimpiadasida bronza medali sohibi bo‘ldi. O‘quvchi Bahriddin Abdiyev esa 2007 yilda Moskvada bo‘lib o‘tgan MDH va Boltiqbo‘yi mamlakatlari o‘quvchi yoshlari o‘rtasidagi olimpiadada geometrik masalalarni eng yaxshi yechgan o‘quvchi sifatida hakamlar hay’atining maxsus mukofotini olgan. Shu yil Vetnam poytaxti Xanoyda o‘tkazilgan 48-Xalqaro matematika olimpiadasida esa bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Maktab-internatning yana bir o‘quvchisi Eldor Ne’matov qo‘lga kiritgan yutuqlar hayratlanarli. U 2016 yildan buyon har yili muttasil matematika fanidan xalqaro olimpiadalar g‘olibi bo‘lib kelmoqda. 2016 yil Tailandda bo‘lib o‘tgan "IMS-2016" matematika olimpiadasining jamoa va shaxsiy birinchilikdagi 2 ta bronza medalini, 2017 yil Yaponiya-Osiyo mamlakatlari matematika konferensiyasi sertifikatini, 2018 yilda Bolgariyaning Bugas shahrida IMS g‘oliblik sertifikatini, 2019 yil avgustda Janubiy Afrika Respublikasi Durban shahrida Xalqaro matematika olimpiadasining jamoa va shaxsiy birinchilikdagi 2 ta bronza medalini, 2020 yil yanvarda Qozog‘istonning Almati shahrida 16-Xalqaro Jautikov olimpiadasining bronza medalini qo‘lga kiritdi.
E’tibor bergan bo‘lsangiz, maktab-internatda qo‘lga kiritilayotgan yutuqlarning aksariyati MATEMATIKA fani bilan bog‘liq. Shubhasiz, maktab-internat faoliyati bilan tanish kishilar bunga matematika fani o‘qituvchisi Baxtiyor Abdiyevning xizmati sifatida qaraydi. Chunki bu yutuqlarning barchasi uning mehnatlari natijasi. Matematik qobiliyatini sinovdan o‘tkazish uchun jahon kezgan yoshlar uning shogirdlari. Bejiz Baxtiyor Abdiyevga "Mehnat shuhrati" ordeni berilmagan. Bejiz u 2017 yilda o‘z fani bo‘yicha "Yil o‘qituvchisi" tanlovi g‘olibi bo‘lmagan. Bejiz shu yil "O‘zbekiston xalq o‘qituvchisi" unvoniga sazovor bo‘lmagan.
Baxtiyor Abdiyev o‘zidagi matematik bilim va salohiyatni yuksak pedagogik mahorat bilan hamohang tarzda olib borib, yuksak natijalarga erishayapti. Iqtidori bo‘lgan har bir o‘quvchining qobiliyatini yuzaga chiqarayapti, mudrab yotgan ongu shuurini uyg‘otayapti, qalbiga yo‘l topayapti, obrazli aytganda, buloqlarning ko‘zini ochayapti, o‘ziyam ishlayapti, shogirdlariniyam ishlatayapti, o‘zbek bolalarining intellektual salohiyati, aql-idroki nimalarga qodir ekanini dunyoga ko‘z-ko‘z qilayapti.
U yangilikka intiladigan, yangilikni faoliyatida qo‘llaydigan, uzoqni ko‘ra biladigan o‘qituvchi. Hali internet tumanga kirib kelmagan paytdayam Toshkent, Samarqand, Qarshi shaharlariga borib internetdan ma’lumotlar olgan. Keyin esa internet unga ta’lim dunyosi, matematika dunyosining eshiklarini ochib tashladi. To‘plagan elektron kitoblari soni 2 mingtadan oshib ketdi. Olimpiada masalalarining o‘n yillik ma’lumot bazasini yaratdi. Hozir muntazam ravishda Rossiya, Slovakiya, Ruminiya va Polshada o‘tkazilgan respublika olimpiadalari masalalarini to‘plab boradi.
Baxtiyor Abdiyev bilan bir safda turib ishlayotgan hamkasblari orasida ham jiddiy yutuqlarni qo‘lga kiritayotganlar ko‘p. Aniq va tabiiy fanlar, ingliz tili chuqurlashtirib o‘qitilayotgan maktab-internatda o‘tgan o‘quv yilida 11-sinf o‘quvchisi Dilnoza Nu’monova ona tili va adabiyot fanidan respublika olimpiadasida birinchi o‘rinni olganiga nima deysiz? U Alisher Navoiy nomidagi ona tili va adabiyoti institutiga imtiyozli ravishda talabalikka qabul qilindi. Darvoqe, maktab-internat o‘quvchilari orasida ona tili va adabiyot, rus tili, kimyo fanlaridan ham yuqori natijalarga erishgani uchun oliy o‘quv yurtlariga imtiyozli o‘qishga qabul qilingan o‘quvchilar bor.
Ko‘rinib turibdiki, maktabda faqat matematika emas, boshqa fanlar ham yaxshi o‘qitiladi. Misol uchun, ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Dilnoza Berdiyeva 2017 yilgi "Yil o‘qituvchisi" tanlovi g‘olibi bo‘lgan, tumanda eng yaxshi muallima sifatida tanilgan. Informatika fani o‘qituvchisi Inomjon Ashurov esa tumanda birinchilardan "Barkamol avlod" bolalar markazi bilan hamkorlikda robototexnika to‘garagini tashkil etib, kichik dasturlar asosida robotlar tayyorlashni boshladi. "Bir million dasturchi" loyihasida qatnashib, o‘zi ham, shogirdlari ham sertifikatlar olishmoqda.
Bular maktab-internatda o‘quvchilar va o‘qituvchilar qo‘lga kiritgan yutuqlarning ayrimlari xolos. Turli xalqaro tanlovlarda ishtirok etib grant yutgan, respublika tanlovlarida muvaffaqiyatli qatnashgan o‘qituvchilar, Angliyaga borib kelgan, fizika, matematika, ingliz tili, biologiya, ona tili fanlaridan bilimlar bellashuvlarida respublika g‘olibligini qo‘lga kiritgan o‘quvchilar borligi, onlayn tanlovlarda ham yuqori natijadorlikka erishilayotgani, maktab-internat "Yil maktabi" respublika tanlovida sovrindor bo‘lgani haqida batafsil to‘xtalmadim.
Maktab-internatda qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar, ya’ni NATIJADORLIKning sabablarini anglagan bo‘lsangiz kerak. Iqtidorlilar shaffof tanlab olinayotgani va o‘z-o‘zidan qobiliyatli o‘quvchilar muhiti paydo bo‘layotgani, o‘z kasbining ustasi bo‘lgan o‘qituvchilar dars berayotgani, o‘zlari ham ishlayotgani, o‘quvchilarni ham shunga undashayotgani, natijada o‘quvchilardagi yashirin qirralar ochilayotgani... Bularning hammasi maktab-internat ichida yana bir maktab - olimpiada maktabchasi shakllanishiga olib keldi.
Maktab-internatdagi yutuqlarga tamal toshini ustoz pedagoglar Narzulla Xoliqov, Habiba Xidirova qo‘yishgan bo‘lsa, ayni paytda bu dargohga Sobir Qodirov rahbarlik qilayapti. O‘tgan o‘quv yili maktab internatning bo‘shagan kollej binosiga ko‘chirilishi ta’lim sifati va samaradorligini yanada oshirishda qo‘l keladigan qo‘shimcha imkoniyat bo‘ldi. Erishilgan va erishilayotgan yutuqlar ular uchun so‘nggi marra emas. Maqsad bundan-da yuksak natijalarni zabt etish va Prezidentimiz aytganidek, uchinchi renessans davrini boshlashga qodir yoshlarni tarbiyalashdir.
Lola O‘ROQOVA, faxriy jurnalist.
J.Norqobilov(surat), O‘zA