Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Natalya VARLEY: “Men Samarqandga yana sayyoh sifatida kelmoqchiman”
10:42 / 2023-10-04

Joriy yilning 29 sentyabr – 2 oktyabr kunlari “Ipak yo‘li durdonasi” XV Toshkent xalqaro kinofestivali bo‘lib o‘tdi.

Samarqanddagi “Boqiy shahar” majmuasida ushbu kinofestivalning tantanali yopilish marosimi o‘tkazildi. O‘zA muxbirlari kinofestival ishtirokchilaridan ushbu tadbirning tashkil etilishi va uning ahamiyati haqida intervyu oldi.

Petro Marchello, kinorejissyor (Italiya):

– Kinofestival juda yaxshi o‘tdi. Men ilk bor O‘zbekistonga keldim. Ochig‘ini aytsam, ko‘p yillardan buyon yurtingizga kelishni orzu qilgan edim. Qozog‘iston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlarida bo‘lganman. 

Bunday kinofestival dunyoning barcha burchaklaridan ijodkorlarni bir joyga jamlash va ularga ilhom berishda juda muhim hisoblanadi. O‘z navbatida, bu jarayon tajriba almashish va xalqaro madaniy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.Ayniqsa, o‘zida go‘zallikni ifodalaydigan Samarqand shahrida bir maqsadda birlashish yanada quvonarlidir.

Ochig‘i, men ushbu kinofestivalda qatnashganimdan juda mamnunman.

Natalya VARLEY, aktrisa (Rossiya): 

– Bilasizmi, menga kinofestivalni tashkillashtirish jarayoni va Samarqandda o‘tkazilgan yopilish marosimi juda yoqdi. Lekin bu yerga moslashish va tomosha qilish uchun vaqt kamlik qildi. Shunga qaramay, ishtirokchilar orasida kimlardir shu qisqa muddatda bu shaharni tomosha qilishga ulgurdi. Men avval Samarqandda bo‘lganman. Ammo bu yerga yana sayyoh sifatida alohida kelish niyatim bor.

Kinofestivalning yana bir ahamiyatli jihati, men Toshkent shahridagi Butunrossiya davlat kinematografiya universiteti filiali talabalariga mahorat darsi o‘tdim. Talabalarning tirishqoqligi meni xursand qildi. Ularni kino san’atining kelajakdagi ishonchi va umidi deyish mumkin.

Sami NASERI, aktyor (Fransiya):

– Kinofestivalni tashkil etish, tanlangan joy, dastur va o‘zbekona mehmondo‘stlik juda ajoyib bo‘ldi. Men O‘zbekistonga ilk bor keldim. Lekin kelgusida ham bu yerga qandaydir loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish maqsadida kelish niyatimiz bor.

Bugun biz Samarqanddagi tarixiy Registonni tomosha qildik va u katta taassurot qoldiradi. Toshkent ham betakror shahar. Har ikki shahar menga manzur bo‘ldi.

Shokir XOLIQOV, rejissyor (O‘zbekiston):

– Ushbu kinofestivalda “Yakshanba” filmim bilan qatnashdim. Dastlab jahon premerasi – Shanxay xalqaro kinofestivali bo‘lib o‘tdi. Unda "Eng yaxshi film" nominatsiyasi bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritdim. Bu ikkinchi festival va bunda ham "Eng yaxshi film" nominatsiyasida g‘olib bo‘ldim. Ochig‘i, juda xursandman.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Fit_pWplq20" title="Natalya VARLEY: “Men Samarqandga yana sayyoh sifatida  kelmoqchiman”" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Nasiba Ziyodullayeva, Doniyor Yoqubov (video), O‘zA