English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Natalya German: Xotin-qizlarni qo‘llayotgan, gender tenglikka intilayotgan davlatlarni BMT doim qo‘llab-quvvatlaydi
11:10 / 2021-06-16

BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari Natalya German O‘zbekistonning gender tengligi borasidagi sa’y-harakatlari xalqaro hamjamiyat tomonidan ijobiy baholanayotganini e’tirof etib keladi.

Ushbu yo‘nalishda qonunlarning qabul qilinishi va amalga oshirilishi xotin-qizlarning rahbarlik lavozimlaridagi va mehnatga layoqatli aholi umumiy sonidagi ulushi ko‘payishiga xizmat qilayotgani, bu esa, siyosatchi va rahbar ayollar ko‘rsatkichi hamma sohada ortib borayotgani, mamlakat gender tenglikka erishish yo‘lidan izchil borayotganidan dalolat.

Kuni kecha Toshkentda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti doirasida “Markaziy Osiyo va Afg‘onistonda barqaror rivojlanish sari xotin-qizlarning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirish” mavzuidagi xalqaro forumda ishtirok etgan BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari Natalya German hozirgi kunda butun dunyo pandemiya va uning oqibatlari bilan kurashishdek murakkab davrni boshidan o‘tkazayotgani, bu xotin-qizlarni ham chetlab o‘tmaganini qayd etdi.

– Global sinovlar oldida insoniyat ojiz bo‘lsa-da, unga, ayniqsa ayollarga tinchlik va barqarorlik zarur, – deydi N.German. – Jamiyatning ta’sirchan va tirgakka muhtoj qatlami bo‘lgan xotin-qizlarning erkin faoliyat yuritishi uchun ham gender tenglikka ehtiyoj bor. Buni tushungan holda xotin-qizlarga zarur imkoniyatlarni yaratib berayotgan davlatlarni BMT, uning rahbariyati doim qo‘llab-quvvatlaydi.

Ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, bu borada mintaqaviy hamkorlik o‘rnatishga qaratilgan bugungi forum esa e’tirofga munosib. Chunki bunday xalqaro darajadagi katta tadbirlar hamkorlikni rivojlantiradi, iqtisodiy masalada yangi imokoniyatlar ochadi. Zero, hamkorliksiz rivojlanishga erishib bo‘lmaydi.  

O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan yaqinda yana bir katta xalqaro konferensiya o‘tkaziladi. Bu ham muhim va zaruriy tashabbus. Shunday amaliy ishlar, iqtisodiy hamkorliklar orqali muammolarni yengib o‘tamiz.

Aytib o‘tish kerakki, 2022 yilda BMT doirasida yana yirik tadbirlar o‘tkaziladi. Unda albatta ayollar mavzusi ham kun tartibiga kiritiladi. Aynan Markaziy Osiyoda mintaqasida ayollar potensiali ancha yuqori. Uni ro‘yobga chiqarishni BMT doim qo‘llab-quvvatlaydi.

Bir so‘z bilan aytganda, davlatning to‘laqonli faoliyat yuritishi uchun unda ayollar ham teng huquq asosida faol ishtirok etishi kerak. Bunda esa mintaqaviy muloqotlar, forumlar muhim o‘rin tutadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi (BMTTD) tomonidan Jahon banki va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ko‘magida tashkil etilgan tadbirda ayollar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha fikr va ilg‘or tajriba almashish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish, o‘zaro hamkorlikning eng istiqbolli yo‘nalishlarini aniqlash hamda Afg‘oniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston ayollari o‘rtasida hamkorlik va ishbilarmonlik sherikligini o‘rnatish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.

N.Abduraimova, O‘zA