“Hizbulloh” yetakchisi Hasan Nasrulloh aytishicha, bu hafta Livan va Suriyada harakat a’zolariga peyjer va radio orqali qilingan hujumlar “barcha qizil chiziqlar”ni kesib o‘tdi.
Mulozim “Al-Jazeera” orqali ikki kun davom etgan va kamida 37 kishining hayotiga zomin bo‘lgan misli ko‘rilmagan hujumlardan keyin efirga uzatilgan ilk teleko‘rsatuvda voqeani “xavfsizlik va insoniylik nuqtai nazaridan kuchli zarba” deb atadi.
Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan guruh Isroilni ayblagan portlashlarda 2900 dan ko‘p odam jarohatlangan. Ulardan 287 nafari og‘ir ahvolda.
Avvalgi ko‘plab xurujlarda bo‘lgani kabi Isroil hali hodisa uchun javobgarlikni bo‘yniga olgani yoki ularga izoh bergani yo‘q.
Samolyotlar Livan uzra baland ovozda portlashlar sodir etgan. Nasrulloh seshanba va chorshanba kuni bir vaqtda sodir bo‘lgan fojiani “terror akti”, Livan xalqi va mamlakat suverenitetiga qarshi “urush e’lon qilish” belgisi, deb atadi. “Livan qarshilik harakati tarixida misli ko‘rilmagan”, hodisa ekanini ta’kidladi.
Yetakchi ta’kidlashicha, Hizbulloh “oqibat, qurbonlar va xurujlardan qat’i nazar” G‘azodagi falastinliklarni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. Qurilma shifoxona, bozor, uy va begunoh aholi manzillarida portlagan, dushman imkon qadar ko‘proq odamni o‘ldirish maqsadida “ataylab” 4000 peyjer va 1000 ratsiyadan foydalangan. Ba’zi hujumlar dorixona va savdo do‘konlari, hatto xonadonlar, shaxsiy transport vositalari va minglab oddiy odamlar, jumladan ayollar va bolalar bo‘lgan jamoat joylari, yo‘llarda sodir etilgan. Nasrulloh hujumlar qisman bartaraf etilgani qayd etib, chunki “juda ko‘p qurilma o‘chirilgan yoki foydalanilmayotgan edi” deya izoh bergan.
Voqea guruh qo‘mondonligi, nazorati va infratuzilmasiga ta’sir qilmagani ham qo‘shimcha qilingan:
– Sizni ishontirib aytamanki, bizning infratuzilmamiz buzilmagan.
M.Pirmatova, O‘zA