Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nasrullo Boboyev: Qurilish tizimi raqamlashtirilsa, shaffof bo‘ladi
14:10 / 2021-08-08

So‘nggi yillarda mamlakatimizda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi.

Baland binolar, keng ko‘chalar, jahon standartlariga javob beradigan inshootlar, uy-joylar, ko‘prik, metro qurilishi shular jumlasidan.

bugungi kunda bu kabi bunyodkorlik ishlari butun respublikamizni qamrab olgan. Bu jarayonda mohir quruvchilar va muhandislar, usta va me’morlar, arxitektorlar, loyihachi va pudratchi tashkilotlar vakillarining mashaqqatli mehnati muhim ahamiyatga ega, albatta.

Prezidentimizning 2017 yil 7 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi qurilish sohasi xodimlari kunini nishonlash to‘g‘risida”gi farmoniga asosan avgust oyining ikkinchi yakshanba kuni «O‘zbekiston Respublikasi qurilish sohasi xodimlari kuni», deb belgilandi.

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, aholiga arzon va sifatli turar joylar qurilishi, uy-joylarning sifati to‘g‘risida O‘zA muxbiri O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vaziri o‘rinbosari Nasrullo Boboyev bilan suhbatlashdi.

So‘nggi yillardagi uy-joylar qurilishiga davlat byudjetidan qancha mablag‘ ajratilgan, shu jumladan, joriy yil davlat byudjetidan ipoteka kreditlari asosida xarid qilinadigan uy-joy qurish uchun qancha mablag‘ yo‘naltirilgan?

– Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida qurilish hajmi ikki-uch barobarga oshdi, – deydi N.Boboyev. – Bu iqtisodiyot rivoji va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilishiga olib kelmoqda. So‘nggi uch yilda davlat dasturlari doirasida ijtimoiy sohani rivojlantirish maqsadida davlat byudjetidan 40 trillion so‘mdan oshiq mablag‘ ajratildi. Raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, har yili 2-2,5 mingdan ortiq ijtimoiy soha ob’ektlarini qurish, rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshiriladi.

Uy-joy qurilishini olib qaraydigan bo‘lsak, mustaqillikning ilk yillaridan boshlab 2016 yilgacha 2 ming 885 ta ko‘p qavatli uy-joy qurilgan bo‘lsa, oxirgi 4 yilda 3 ming 450 dan ortiq ko‘p qavatli uylar barpo etildi. Bundan ko‘rish mumkinki, so‘nggi to‘rt yilda bir yarim barobar ko‘p qurilish bo‘lgan.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, pandemiya bilan bog‘liq murakkab vaziyatda ham joriy yil qurilishga katta mablag‘ ajratildi. Xususan, “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari doirasida 20 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ o‘zlashtirilishi nazarda tutilgan. Bu mablag‘lar yurtimizdagi barcha mahalla va ovullardagi ijtimoiy soha ob’ektlari, hudud strukturasi, ko‘chalarni ta’mirlashga yo‘naltiriladi.

Joriy yilda 180 dan oshiq massivlarda uy-joylar qurilishi ko‘zda tutilgan. Barcha qurilayotgan uy-joylar bundan keyin massiv shaklida barcha kommunikatsiya tarmoqlari bilan birgalikda quriladi.

Hozirgi kunga kelib respublika byudjetidan qurilish sohasiga ajratilayotgan mablag‘ sezilarli darajada ortayotganini ko‘rish mumkin. Ammo shunga qaramasdan uy-joyga bo‘lgan talab o‘smoqda. Sizningcha, talab nega o‘smoqda?

- Prezidentimiz bu muammoni bejizga ko‘tarmadi. Buning zamirida o‘ziga yarasha ijtimoiy masalalar bor. Respublikamizda yillik 100-150 ming yangi xonadonga ehtiyoj bor. Biz shuncha xonadon qurib, aholiga yetkazib berishimiz kerak. Prezidentimizning tegishli farmonida joriy yilda 54 mingta xonadonni qurish va moliyalashtirish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.

– Shu vaqtgacha kam ta’minlangan oilalar uchun qurilgan uylar haqiqatdan ham ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga berilganmi?

— Prezidentimiz ushbu masalaga alohida ahamiyat qaratdi. Aynan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 20 mingdan oshiq subsidiyalar berilishi nazarda tutildi. Bu subsidiyalar berilishi orqali kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni dastur doirasida uy-joy bilan ta’minlash nazarda tutilgan.

— So‘nggi yillarda qurilish sohasida xususiy sektor roli oshdi. Lekin ular tomonidan qayerda bo‘sh joy bo‘lsa, shu yerda qurilish qilish, yana sifatsizlik ko‘zga tashlanyapti. Bu sohaning rivojlanish bosqichida tabiiy holatmi?

- 2016-2017 yillarda 3-4 mingta qurilish tashkiloti bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 14 mingta. Son oshgani bilan ularda malakali mutaxassislarning yetarliligi bo‘yicha savol tug‘iladi. Shu masalalarga oydinlik kiritish maqsadida Qurilish vazirligining qurilish milliy axborot tizimida qurilish pudrat tashkilotlarining reytingi tashkil qilindi.

Jizzax viloyatida ko‘p qavatli uy qulab tushdi, bundan tashqari, qishloqlardagi namunaviy uylarni sotib olayotganlar ham binolarning sifati yomonligini, ko‘pchilik ularni ta’mirlab, keyin ko‘chib kirishayotganini aytishadi. Bunga sabab nima?

- To‘g‘ri, shu yillarga qadar qurilgan uylarga fuqarolardan e’tirozlar bo‘lgan. Bu hammaga ma’lum. Buni biz yashirmaymiz. Bu narsalarni ko‘rib, bartaraf etish choralarini ko‘ryapmiz. Birinchi navbatda, jarayonlarni raqamlashtirish orqali sifatga erishilsa bo‘ladi. Raqamlashtirmas ekanmiz, uy-joylar, ijtimoiy soha ob’ektlarining sifatini ta’minlash qiyin bo‘ladi. Joriy yil boshidan qurilish sohasini nazorat qilish bo‘yicha inspeksiyalar joriy qilindi. Har bitta tuman, shahardagi inspektorlar onlayn planshet orqali ob’ektga borgani, uni nazorat qilgani, barchasi onlayn kuzatib boriladi. Buning barchasi raqamlashtirilgan tizim orqali nazoratga olinadi.

– Hozirda qurilayotgan yangi uy-joylar sifatidan ko‘nglingiz to‘ladimi?

- bugungi kunda bizga barcha vazifalar belgilab berilgan. Birinchi navbatda, puxta loyiha smeta hujjatlari ishlab chiqilib, har bir hududga barpo etiladigan ko‘p kvartirali uylarning namunali loyihalari yetkazib berildi. Bundan tashqari, yakka tartibda uy-joy quradigan aholi uchun bepul asosida Qurilish vazirligining veb saytida yakka tartibdagi uylarning loyihalari joylashtirildi.

Qurilish ob’ektlarining sifatini ta’minlash uchun sifatli qurilish materiallaridan foydalanish kerak. Ob’ektlarda qurilish nazorati amalga oshirilyapti. Bundan tashqari, qurilish ob’ektlarida pudratchining alohida nazorati, buyurtmachining texnik nazorati. Shuningdek, loyihachining mualliflik nazorati, ya’ni to‘rtta nazorat amalga oshirilishi belgilab berildi. Jamoatchilik nazorati bilan bu jarayonlarni nazoratga olsak, qurilish ishlari sifatli amalga oshiriladi. Joriy yilda qurilgan uylar egalariga sifatli topshiriladi.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA