French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Nasr – og‘ir qadam, nazm – chopag‘on!”
12:54 / 2026-03-03

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining barcha kengashlarida yillik hisobot yig‘ilishlari bo‘lib o‘tmoqda. Uyushmaning she’riyat kengashi yig‘ilishi ham 2025-yilgi sarhisob yakuniga bag‘ishlandi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid milliy adabiyotimizning barcha yo‘nalishlarida ijod qilayotgan qalamkashlar faoliyati uyushmaning doimiy e’tiborida ekanini ta’kidladi.  

–  Ustoz ijodkor Maqsud Shayxzodaning “Nasr – og‘ir qadam, nazm – chopag‘on” degan so‘zlari bejiz aytilmagan, – dedi uyushma raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid. – Zero, she’riyatda ham samarali mehnat qilayotgan ijodkorlarning faoliyati doimiy e’tiborda bo‘lib kelmoqda. Ularning kitoblari nashr etilmoqdaki, bularning barchasi mamlakatimizda adabiyot, ijod ahli davlatimiz rahbarining doimiy e’tiborida ekanining amaliy ifodasidir.  

–  Tinch yurtimizda, ota makon, ona-Vatanimizda tinchlikning nuri, guli bo‘lib bugun diydor ko‘rishib turgan ekanmiz, bular  Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan yuritilayotgan oqilona siyosatning amaliy namunasidir, – dedi O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir. –  O‘tgan yil davomida uyushma tomonidan 80 dan ortiq kitoblar, saylanmalar chop etildi. Ko‘pincha savol tug‘iladiki, “Zulfiya nomidagi davlat mukofoti, “Mard o‘g‘lon” mukofoti, yosh qalamkashlarning respublika Zomin ijodiy seminari qatnashchilarining kelgusi faoliyati qanday kechmoqda?” Ijodkorlarning kelgusidagi  ijodiy faoliyati bilan  adabiyot muxlislarini kengroq tanishtirish maqsadida “So‘zmunchoq” loyihasi amalga oshirilmoqda. Uning doirasida ko‘plab qalamkashlarning ijod namunalari kitob holida chop etilmoqda. 

She’riyat anjumanida e’tirof etilganidek, 2025-yil davomida shoirlar – Mahmud Toir, Eshqobil Shukur, Zulfiya Mo‘minova, Muhiddin Omon, Zebo Mirzayeva, Oydinniso, Shodi Otamuroddan iborat She’riyat kengashi a’zolari faoliyat olib bordi.

2025-yilda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi She’riyat kengashi tomonidan salmoqli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Toshkent shahrida tashkil etilgan Adiblar xiyoboniga 2020-yil 20-may kuni tashrifi davomida berilgan topshiriqlardan kelib chiqib, oliy ta’lim muassasalari talabalari ishtirokida Adiblar xiyobonida ulug‘ yozuvchi va shoirlarimizning ijodiy merosini o‘rganishga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar  bo‘lib o‘tdi. Bu tadbirlarda kengash a’zolarining muntazam ishtiroki ta’minlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining, Vazirlar Mahkamasining tegishli  topshiriqlariga asosan o‘tgan yil davomida yurtimiz viloyatlari bo‘ylab barcha mahalla fuqarolar yig‘inlari kesimida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar haftaliklari bo‘lib o‘tdi. Bu tadbirlarda ko‘plab shoirlar ishtirok etdi.

Ayniqsa, «Ma’rifat ulashib» loyihasi doirasida oliy ta’lim muassasalarida va maktablarda bo‘lib o‘tgan tadbirlarda shoirlar faol ishtirok etdi.

[gallery-27934]

Ko‘plab taniqli shoir adiblarning tavallud munosabatlari bilan yubiley tadbirlari nishonlandi. Uyushma tomonidan Anvar Obidjon, Xurshid Davron, Anvar Isroilov, Minhojiddin Mirzolarning “Tanlangan asarlar”i nashr etildi.  

Usmon Qo‘chqor, Hol Muhammad Hasan, Eshqobil Shukur, G‘ulom Mirzo, Munavvara Usmonova, Hafiza Egamberdiyevaning “Saylanma” kitoblari chop etildi. Shuningdek, Davron Rajabning “Ovozdagi ranglar”, Muhammadsiddiq Rahmatovning “Musofir daraxt”, G‘ayrat Majidning “Oppoq tabassum”, Guljamol Asqarovaning “Taslim”, Zohidjon Olovning “Yomg‘ir maktublari” kabi she’riy kitoblari she’riyat kengashi tavsiyasi bilan chop etildi.  

Hozirda xorij davlatlarida yashab ijod qilayotgan o‘zbek ijodkorlari ham O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga o‘z ijod namunalarini taqdim qilmoqda. Abduvohid Hayit, A’zam Rahimov, Shodmon Jo‘rayev, Saodat Po‘lkan, Hasan G‘oyib kabi iste’dodli shoirlarning to‘plamlari chop etish uchun  “Vatandoshlar” jamg‘armasiga tavsiya etildi.  

Yil yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilishda o‘tgan yili chop etilgan she’riy kitoblar bo‘yicha milliy adabiyot, she’riyat sohasi bilimdonlari o‘z fikrlarini bildirdi.  

Yozuvchilar uyushmasi She’riyat kengashining istiqboldagi rejalari belgilab olindi.  

Nazokat Usmonova,

Oybek Pardayev (suratlar), O‘zA