Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nasos stansiyalarida elektr energiyasini iqtisod qilishga e’tibor qaratilmoqda
16:41 / 2024-08-06

Hech kimga sir emas, bugungi kunda dunyoda iqtisodiyotning turli sohalarida muqobil energiya manbaalaridan keng foydalanilmoqda. Yurtimizda ham energiya tejamkorligini oshirish, qayta tiklanuvchan energiya manbaalaridan foydalanish ko‘lamini yanada kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Quyi Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi Nasos stansiyalari va energetika boshqarmasida ham elektr energiyadan samarali foydalanish maqsadida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Ayni paytda boshqarma tasarrufida 37 dona nasos stansiyasi mavjud bo‘lib, 170 dona nasos agregatidan iborat. Ushbu agregatlarning loyihaviy suv chiqarish qobiliyati sekundiga 152,1 m3, umumiy quvvati esa 92 ming 498 kVtni tashkil etadi.  

– Keyingi yillarda dunyo bo‘yicha suv taqchilligi kuzatilayapti. Bu esa suvdan oqilona foydalangan holda aniq chora-tadbirlar ishlab chiqishni toqazo etmoqda, – deydi boshqarma boshlig‘i Jasurjon Nazarov. – Shu bois 2021 yil 24 fevralda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinib, unga asosan irrigatsiya tizimi kanallarining beton qoplamali qismini 35 foizdan 38 foizgacha oshirish, irrigatsiya tizimi va sug‘orish tarmoqlarining foydali ish koeffitsiyentini 0,63 dan 0,66 gacha ko‘tarish, nasos stansiyalaridagi nasos agregati va elektrodvigatellarni zamonaviy energiya tejamkorlariga almashtirish, shuningdek, suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish belgilab berilgan edi.

Qarorga asosan boshqarma hisobidagi nasos stansiyalariga 7 dona energo tejamkor elektrodvigatel, 5 dona nasos agregati, 10 dona kondensator qurilmasi, 3 dona chastota o‘zgartiruvchi qurilma, 2 dona suv isitish qurilmasi, 150 dona svetodiod lampalar o‘rnatilishi, 700 metr past kuchlanishli kabellar ulanishi hisobiga 2024 yilning o‘tgan 6 oyi davomida qariyb 0,090 million kVt soat elektr energiyasi iqtisod qilindi. Bu 0,090 milliard so‘mdan ortiqroq byudjet mablag‘lari tejaldi, deganidir.

Ayni paytda energiya resurslaridan foydalanishda isrofgarchilikni kamaytirish, iqtisodiyot tarmoqlari ob’ektlarida energiya samaradorligini oshirish va undan oqilona foydalanish borasida tizimli chora-tadbirlar belgilanmoqda. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 14 iyundagi “Energiya resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori dasturilamal vazifasini o‘tamoqda.  

Bugungi kunda Nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi tomonidan elektr energiyani iqtisod qilish maqsadida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanish maqsadida Navbahor tumanida joylashgan Konimex-1 nasos stansiyasiga 65 kVt, Konimex-2 nasos stansiyasiga 15 kVt, Qiziltepa tumanida joylashgan Navoiy nasos stansiyasiga 25 kVt hamda boshqarma binosida 85 kVtlik quyosh panellari o‘rnatildi.  

O‘rnatilgan quyosh panellari tomonidan 2024 yilning birinchi yarim yilligida 43,8 ming kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi.

Konimex-1 nasos stansiyasi 1978 yilda foydalanishga topshirilgan bo‘lib, 2019 yilda qayta rekonstruksiya qilingan.

[gallery-18614]

– Nasos stansiyamizda 8 dona SXK 900-1050 nasos agregati mavjud bo‘lib, umumiy suv chiqarish qobiliyati 3 m3/sekundni tashkil qiladi, – deydi Konimex-1 nasos stansiyasi boshlig‘i Marat Azimov. – Nasos stansiyasi o‘ng qirg‘oq kanali suvini 24 metr balandlikga chiqarib beradi va 18 ming 100 gektar yer maydonini sug‘orish imkoniyati mavjud. Bu yerda chiqarilayotgan suv miqdorini “onlayn” rejimda monitoring qilish imkoniyati yaratilgan. Nasos stansiyamizning yillik elektr energiyasi sarfi 19 million 574 ming kVt soatni tashkil etadi. Hozir 65 kVt soatlik quyosh paneli o‘rnatilgan bo‘lib, hududni yoritishda qo‘l kelmoqda. Joriy yilning 6 oyi mobaynida Konimex-2 nasos stansiyasiga o‘rnatilgan 15 kVt soatlik quyosh paneli birgalikda 43,8 ming kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqardi.

Hozir nasos stansiyalarda energiya yo‘qotishlarni kamaytirish va elektr energiyasini iqtisod qilish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, energiya samaradorligini oshirish, energiya resurslaridan oqilona foydalanishni tizimli yo‘lga qo‘yish bo‘yicha nazorat o‘rnatilgan.

A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat),

O‘zA muxbirlari