Quyi Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi energetika va nasos stansiyalari boshqarmasi tasarrufida bugungi kunda 45 suv nasos stansiyalari mavjud bo‘lib, viloyatning 66 ming gektar ekin maydonlari ushbu stansiyalar orqali sug‘oriladi.
Stansiyalarning bir maromda ishlashi, suv ta’minoti uzluksizligi, mavjud agregatlarning eskirgan qismlarini o‘z vaqtida almashtirilishiga bog‘liq. Bu esa bugungi kunda katta xarajatlarni talab etadi. Endilikda ushbu tizimga bozor mexanizmlari joriy qilinmoqda. Ya’ni, klasterlar egalari davlat xususiy sherikchilik asosida suv stansiyalarini shartnoma asosida ishlatadi. Maqsad, byudjet mablag‘larining shaffofligini ta’minlash, suv isrofgarchiligiga yo‘l qo‘ymaslikdir.

–Bugungi kunda Sirdaryo viloyatidagi mavjud 45 nasos stansiyasining 5 tasi xususiy sherikchilik asosida faoliyat yuritib kelmoqda. Shu yilning oxiriga qadar yana 22 nasos stansiyasi davlat sherikchiligi asosida xususiy sektorga beriladi, – deydi viloyat nasos stansiyalari bo‘lim boshlig‘i Dilmurod Sultonov. Viloyatdagi barcha nasos stansiyalarida bo‘sh yerlardan daromad olish imkoniyatlari yetarli.

Sirdaryo tumanida joylashgan “Mash’al” nasos stansiyasida amalga oshirilgan ishlarni namuna sifatida ko‘rsatish uchun hududiy suv xo‘jaligi rahbar xodimlari, mutasaddilar taklif etilib, ko‘rgazmali seminar tashkil etildi. Seminarda aynan ushbu jarayon qanday kechishi ishtirokchilarga to‘liq tushuntirildi. “Mash’al” nasos stansiyasi 6 ming gektar maydonni sug‘orib keladi va ushbu xo‘jalikda 12 nafar ishchi – xizmatchi mehnat qilmoqda. Bu yilgi mavsumda 4 agregat joriy ta’mirlandi. Natijada 3 million kilovatt elektr energiyasi tejab qolinishiga erishildi. Bundan tashqari 5 gektar maydonda Isroil davlatining tomchilatib sug‘orish texnologiyasi asosida intensiv bog‘ barpo qilinib, 4 sotix joyda issiqxona, 1.5 gektar maydonda baliqchilik xo‘jaligi, 1 gektar yerda boshoqli don parvarish qilindi.


Tadbirda sohaning tajribali mutaxassislari tomonidan davlat sherikchiligi asosida tashkil etiladigan nasos stansiyalarining afzalligi, tayyorlanadigan hujjatlar, investorni topish, ishni yangi tizim asosida yuritish borasida keng ma’lumotlar berildi.



–Davlat xususiy sherikchilik tizimining afzallik tomonlarini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib, imkoniyatlardan oqilona foydalanish bo‘yicha tajriba orttirdik. Kelgusida bu yerdagi namunali ishlarni o‘zimizda ham amalga oshirib, seminar tashkil qilmoqchimiz, – deydi “Nurafshon” nasos stansiyasi boshlig‘i Jo‘rabek Sho‘xberdiyev. Muhimi, viloyatdagi mavjud nasos stansiyalarda olib borilayotgan barcha sa’y-harakatlar, islohotlar eng avvalo, mintaqamizda suvni tejash, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik bilan ahamiyatlidir.
Shuhrat Suyarov,
O‘zA muxbiri.