Huquqiy munosabat
Endilikda, chorvachilik xo‘jaliklari o‘z ehtiyoji uchun import qilgan nasldor qoramollarga hisoblangan qo‘shilgan qiymat solig‘ini Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining kafolati asosida 180 kun ichida to‘lab berish tizimi joriy etiladi.
Xo‘sh, bu qanday mezonlar asosida amalga oshiriladi? Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Javohir Eshonqulov bu borada batafsil tushuntirish berdi.
– Chorvachilik sohasiga zamonaviy innovatsion usullarni joriy etish, mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish va chorvachilik sub’ektlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida Prezidentimizning 2022 yil 8 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan dasturni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Shuningdek, davlatimiz rahbarining “Chorvachilikda identifikatsiya qilish tizimi va naslchilik sohasini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarorida Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi uch oy muddatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi, viloyatlar va Toshkent shahri veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmalari, tuman (shahar) veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limlarida kamida 2 ta shtat birligidan iborat Identifikatsiya markazining sektorlari faoliyatini yo‘lga qo‘yilishi ko‘rsatib o‘tilgan.
Mazkur qarorga ko‘ra, 2023 yil 1 dekabrdan boshlab chorvachilik xo‘jaliklari o‘z ehtiyoji uchun import qilgan nasldor qoramollarga hisoblangan qo‘shilgan qiymat solig‘ini Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining kafolati asosida 180 kun ichida to‘lab berish tizimi joriy etiladi.
Shu bilan birga, 2025 yil 31 dekabrga qadar davlat tomonidan quyidagi tartibda subsidiya ajratiladi.
Jumladan, chorvachilik mahsulotlari yetishtiruvchi xo‘jaliklarga xorijiy davlatlardan import qilingan nasldor qoramolning har bir boshiga 2 million so‘m, nasldor qo‘y va echkining har bir boshiga 400 ming so‘m miqdorida, parrandachilik xo‘jaliklariga har bir bosh 1 kunlik nasldor jo‘jani import qilish bilan bog‘liq xarajatlarning 15 ming so‘mini qoplash uchun belgilangan.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA