French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nasiba MIRODILOVA: “Karantin nafaqat sabrimizni, balki oqibatimizni ham sinovdan oʻtkazmoqda”
12:51 / 2020-04-21

Oilalarimizni nafaqat infeksiyadan, balki parokandalikdan ham asrash zarur.


Yoki umr yoʻldoshning qadriga yetish, bolalarining onasini asrash oʻrniga unga qoʻl koʻtarish mardning ishimi? Oilalarimizni nafaqat infeksiyadan, balki parokandalikdan ham asrash zarur.

Karantin sharoitida ekanmiz, qanchalik ogʻir vaziyat boʻlmasin, bu butun xalqimizning hayotini, sogʻligʻini muhofazalashga qaratilgani uchun ham bunga soʻzsiz boʻysunishimiz shart.

Davlatimiz rahbari har gal murojaat bilan chiqar ekan, dono xalqimiz oʻz aql-zakovati, sabru-matonati bilan ne-ne balolarni hamjihatlikda yengib oʻtganini taʼkidlab, bu sinovli onlarni ham birgalikda yengishimizga ishonch bildirmoqda.

Epidemiologik vaziyat tufayli kechayotgan jarayonda xalqimiz sabr-toqati, mehr-oqibati, saxovatini namoyon etayotgani quvonarli. Koʻpchilik oʻz oilasi davrasida bir-biriga suyanch boʻlish bilan birga, ilgari vaqt yetishmagani uchun birgalikda qila olmagan ishlarini amalga oshirmoqda.

Azaldan oʻzbek oilasi oʻziga xosligi, oʻzaro izzat-hurmat asosiga qurilgan muhit barqarorligi bilan ajralib turadi. Ijtimoiy tarmoqlardagi videoroliklarda uy sharoitida turli foydali ishlar bilan shugʻullanayotgan oilalarni koʻrib, toʻgʻrisi havasingiz keladi. Mana, sizga haqiqiy oʻzbek oilasining qiyofasi!

Ammo, hamma narsa ham biz xohlaganimizdek boʻlavermaydi. Karantin sharoitida ayrim muammolar ham yuzaga kelmoqda. Yaʼni baʼzi bir oilalarda yigʻilib qolgan bahsli masalalar avjiga chiqayotganini ham inkor qila olmaymiz. Bir-biriga toqat qila olmayotgan er va xotinlar dunyoda, yurtimizda boʻlayotgan sinovli vaziyatdan koʻz yumib, ajrashishga qaror qilayotgani, ularning faqat oʻzlarini oʻylayotgani tufayli, desak xato boʻlmaydi. Boshqacha aytganda, karantin nafaqat sabrimizni, balki oqibatimizni sinovdan oʻtkazmoqda.

Er va xotin kelishmovchiligi, ming afsuski, koʻp hollarda kuchli jins vakillari tomonidan ojizalarga zoʻravonlik qilishgacha borib yetmoqda. Moddiy yetishmovchiliklar oqibatida yuzaga kelayotgan tushunmovchiliklar sabab buzilayotgan oilalar soni shu kunlarda yana ortib bormoqda.

Bu dunyo mamlakatlarida kuzatilayotgan tendensiya. Statistik maʼlumotlarga koʻra, hozirgi kunda 3,38 milliard inson, dunyo aholisining 43 foizi karantin sabab uyda oʻtiribdi. Koʻp hollarda izolyatsiya jarayoni zoʻravonlikka moyil hamrohlarga ega ayollar uchun katta xavf tugʻdirgan. Raqamlar esa qator mamlakatlarda bu koʻrsatkichlar koʻpayganini koʻrsatmoqda.

Afsuski, bunday holatlar bizning yurtimizda ham qayd etilayotgani achinarli. Manbalarda keltirilishicha, 16-martdan 9-aprel kuniga qadar IIV telefonlariga tazyiq va zoʻravonlikka uchragan ayollardan 203 murojaat kelib tushgan. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiya xabarida ham maʼlumot berilgan.

Bunday vaziyatda xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, ularga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikning oldini olish maqsadida Oʻzbekiston gender tenglikni taʼminlash komissiyasi tomonidan BMTning Aholishunoslik jamgʻarmasi, Fuqarolik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash markazi bilan birgalikda joriy yilning 10-aprel kunidan “Ishonch telefoni” xizmati yoʻlga qoʻyildi.

Respublika reabilitatsiya moslashuv markazi tomonidan tazyiq va zoʻravonlikka uchragan ayollarga huquqiy, psixologik, tibbiy yordam koʻrsatish yoʻnalishida qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Hamkor tashkilotlar, hududiy filiallar bilan oʻtkazilayotgan onlayn muloqotlar sabab joylardagi vaziyat nazoratga olingan.

Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiyasi va Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi bilan doimiy hamkorlik oʻrnatilgan.

Shu oʻrinda raqamlarga eʼtiboringizni qaratsam. Markazning hududiy boʻlimlariga joriy yilning yanvar oyida 1755, fevral oyida 1473, mart oyida esa 1243 murojaat kelib tushgan. Joriy yil 20-aprelgacha esa 671 nafar murojaat boʻldi. Koʻpincha murojaat qiluvchilarga shu zahoti psixologik, huquqiy maslahatlar beriladi. Amaliy yordam berish zarur boʻlgan holatlarda esa reablitatsiya markazlariga joylashtirilmoqda.

20-aprel holatiga hududiy Reabilitatsiya markazlariga oilaviy zoʻravonlikdan jabr koʻrgan 14 nafar ayol farzandlari bilan joylashtirilgan. Ularga kerakli huquqiy, psixologik, tibbiy yordam koʻrsatilmoqda.

Mutaxassislarning saʼy-harakatlari,olib borilayotgan tushuntirishlar samarasi oʻlaroq, joylardagi koʻrsatkichlarning pasayishiga erishilyapti. Aytish joiz, har bir murojaat ortida inson, oila taqdiri yotibdi. Shu maqsadda markaz xodimlari ularni jiddiy koʻrib chiqishga harakat qilayotir. Bugungi vaziyat, yaʼni karantin tufayli bizning Reabilitatsiya va moslashuv markazimiz ham onlayn faoliyat olib borayotgan boʻlsa-da, bu jihatlarga alohida eʼtibor qaratmoqda.

Oilaviy munosabatlarda jiddiy muammolar bormi? Marhamat, bizga qoʻngʻiroq qiling:

✅ Yurist:                 +99897 137 26 26

✅ psixolog:                +998 97 137 27 27

✅ “Ishonch telefoni” +99897 137 24 24

Kuni kecha Oʻzbekiston Respublikasi Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiyasi boshchiligida, BMTning Aholishunoslik jamgʻarmasi (YUNFPA) koʻmagida Reabilitatsiya va moslashtirish respublika markazining “Zoʻravonlikka yoʻl yoʻq! Net nasiliyu!” telegram kanali ham oʻz faoliyatini boshladi.

Bizga murojaat qilayotgan fuqarolarga imkon qadar yordam koʻrsatamiz. Oilalarimizni nafaqat infeksiyadan, balki parokandalikdan asrashga harakat qilamiz.

Unutmaylik, oilamizda bizning kelajagimiz, avlodimiz davomchilari, jigarbandlarimiz voyaga yetmoqda. Ularga qoʻlimizdan kelgancha yorugʻ hayot beraylik! Axir ota-onasi oʻzaro hadeb janjallashadigan oilada bolalarning holi ne kechadi? Ularning ruhiyati, orzu-umidlari parchalanib ketmasligi uchun ham ota-ona masʼul ekanini yodingizdan chiqarmang. Zero, bu dunyoda topgan eng katta boyligingiz — oilangiz, farzandlaringiz ekanini tafakkur qiling.

Ertaga kim qanday hayot kechirishni istasa, unga bugun tamal toshini qoʻymoqda. Qarigan chogʻingizda mehrli, oʻqimishli, oqibatli farzandga suyanmoqchi boʻlsangiz, bugun oilangizga eʼtiborli boʻling. Ayniqsa, hurmatli erkaklarimiz, bolalaringizning onasini avaylang, oilangizni asrang!

Uyda qoling!

Nasiba MIRODILOVA,
Respublika reabilitatsiya moslashuv markazi rahbari.