Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nasib bo‘lsa, Olimpiadaning boks bo‘yicha so‘nggi oltin medali bizniki bo‘ladi
09:05 / 2021-08-08

Rosti, XXXII yozgi olimpiya o‘yinlarida bokschilarimizdan katta g‘alabalarni kutgandik.

 Ammo, Yaponiya ringlarida Xalqaro olimpiya qo‘mitasi tomonidan tayinlangan  hakamlar O‘zbekiston bokschilariga qarshi ikkinchi qutbdan “jang olib borishi”ni tasavvur ham qilmagandik. Lekin shunday bo‘ldi. Boshqacha aytganda, 31-olimpiya natijalarini Tokio ringlarida takrorlashga har tomonlama munosib bo‘lgan “O‘zbek yo‘lbarslari”ga “pistirmadan” nohaq  zarba berishdi.  

 O‘zbekiston professional boks federatsiyasi bosh kotibi Bekzod Soliyev bilan XXXII yozgi olimpiya o‘yinlaridagi boks bahslari va bokschilarimizning keyingi faoliyati xususida suxbatlashdik.

–Tokio olimpiadasining boks bahslari poyoniga yetib bormoqda. Yurtimiz bokschilari uchun Tokio olimpiadasi kutilmagan natijalarga boyligi bilan barchamizni hayratga soldi. Sizningcha, bu holat haqiqatan ham kutilmagan natijalar edimi?

– AIBAning “Tokio-2020” boks musobaqalaridan chetlatilishi olimpiya janglarining juda past saviyada o‘tkazilishiga olib keldi. Shu paytgacha bo‘lib o‘tgan biron bir olimpiada musobaqalarida boks hakamlari bu qadar ko‘p qoidabuzilishlari sodir etmagandi. Qo‘yingki, bunchalik ham ochiqcha adolatsizlik sodir etishmagandi. Tokio boks bahslarida birgina biz emas, juda ko‘p davlatlar aziyat chekdi. Hakamlarning nohaqligi sababli O‘zbekiston bokschilari Tokio olimpiadasining kamida 4 ta medalidan ayrilishiga sabab bo‘ldi. Mirzaxalilov, Zoirov, Ro‘zmetov, Rahimova 100 foiz hakamlarning noprofessionalligi tufayli olimp ringini medalsiz tark etishdi. O‘ylaymanki, AIBAning bugungi rahbariyati Xalqaro olimpiya qo‘mitasi bilan ushbu masalada ma’lum bir kelishuvlarga erishadi, haqiqat qaror topadi, deya umid qilamiz. Biroq olimpiada natijalari qayta ko‘rib chiqilmasligini inobatga olsak, Tokio olimpidasi boksga nisbatan nohaqlik qilingan tarixiy olimpiada bo‘lib xotiramizda bir umr qoladigan bo‘ldi.

– “Rio-2016” olimpiya o‘yinlarida Vatanimiz sharafini himoya qilgan Hasanboy Do‘smatov, Murodjon Ahmadaliyev, Shahram G‘iyosov, Bektemir Meliqo‘ziyev, Fazliddin G‘oyibnazarov, Rustam To‘laganov bugungi kunda professional boksda samarali faoliyat ko‘rsatishyapti. Endi ular safi “tokiochilar” bilan kengaysa, keyingi faoliyati qanday kechadi, deb o‘ylaysiz?

– Professional boks uchun olimpiya boksi hamisha poydevor bo‘lib kelgan. bugungi kunda jahon profboksidagi yulduzlarning deyarli 99 foizi avval havaskor boksda natijalarga erishib, keyin professional boks dunyosida o‘z o‘rnini topishgan. Shu jihatdan, Tokio olimpiadasida qatnashgan bokschilarimiz ishonamanki, professional janglarda munosib qatnashishi, shubhasiz. Qolaversa, ularning ko‘pchiligi shu paytgacha 2-3 tadan katta boksda jang o‘tkazib, ma’lum yutuqlarni qo‘lga kiritgan sportchilar  hisoblanishadi.

– Tokio olimpiadasida ishtirok etgan bokschilarimizdan qaysi biri professional boksda katta yutuqlarga erishadi, deyish mumkin?

– Ularning barchasi katta potensialga ega bo‘lgan sportchilar hisoblanadi. Bilasizmi, Rio olimpiadasida bronza medalini qo‘lga kiritgan Murodjon Ahmadaliyevni professional boksda jahon chempioni bo‘ladi, deb hech kim o‘ylamagandi. 2016 yilgi olimpiya o‘yinlaridan keyin maqsadning to‘g‘ri qo‘yilishi natijasida Ahmadaliyev professional boksning ikki yo‘nalishida jahon chempionligiga erishdi. Tokiochilar safida ham shunday quvvatga ega bo‘lgan yigitlarimiz bor, albatta.  

– 8 avgust kuni bo‘ladigan Bahodir Jalolov va amerikalik Richard Torresning jangi xususidagi fikringiz?

– Bahodir Jalolov amerikalik bokschini 2019 yilgi jahon chempionatida qattiq nakautga uchratib, g‘alaba qozongandi. bugungi va avvalgi Torrez o‘rtasida, albatta, katta farq bor. Rossiyadagi musobaqadan keyin u texnik va taktik jihatdan mukammalashganligini qozog‘istonlik Kamshibek Konkabayev bilan jangida yaqqol namoyon qildi. Biroq hamyurtimizning “yelkasiga qo‘li yetishi”ga hali bor, deb o‘ylayman. Faqat hakamlar AQSH vakiliga “beg‘araz yordam” bervormasa, Tokio olimpidasining boks musobaqalaridagi so‘nggi oltin medali bizniki bo‘ladi. Aslida ham shunday bo‘lishi shart.

– bugungi kunda O‘zbekiston professional bokschilarining jahon reytingidagi holati qanday?

–  Bilasizki, Murodjon Ahmadaliyev WBA va IBF yo‘nalishlarida jahon chempioni hisoblanadi. Shuningdek, Qudratilla Abduqaxhorov 66,6 kilogramm vaznda IBF chempionligiga asosiy da’vogar hisoblanadi. Yana bir iqtidorli bokschimiz Olim Nazarov  50,8 kilogramm og‘irlikda WBO reytingida 4-o‘rinni egallab turibdi. Rio olimpidasi chempioni Hasanboy Do‘smatov esa WBA tasnifining yetakchilaridan biri sifatida ko‘rsatilgan. Shahram G‘iyosov, Shohjahon Ergashev, Rustam To‘laganov, Xurshid Tojiboyev kabi o‘nlab bokschilarimiz esa professional boks reytingida o‘z o‘rinlarini doimiy tarzda mustahkamlamoqda. Yana 20 nafardan oshiq yosh va iqtidorli bokschilarimiz Rossiya, AQSH, Ukraina, BAA, Belarus kabi davlatlarda o‘tkazilayotgan reyting janglarida ishtirok etib, mahoratlarini oshiryapti. Shu o‘rinda aytish joizki, keyingi 2-3 yil orasida O‘zbekiston professional bokschilarining mavqei ancha ko‘tarildi. Hozir jahon miqyosida o‘tkazilayotgan har 5 ta nufuzli professional boks musobaqasining hech bo‘lmaganda bittasida albatta mamlakatimiz vakillari qatnashyaptiki, bu so‘zsiz O‘zbekiston boksining xalqaro obro‘yi yuksalishiga salomoqli hissa bo‘lib qo‘shilmoqda.

To‘lqin Ro‘ziyev suhbatlashdi.