Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nashriyotlarning yangi loyihalari taqdimoti o‘tkazildi
11:48 / 2025-09-26

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Ma’rifat va bank: Bilimli jamiyat bilan qudratli iqtisodiyot sari” forumining ikkinchi kuni nashriyotlarning yangi loyihalari taqdimoti bilan boshlandi.

Унда мамлакатимиздаgi ilg‘or nashriyotlar so‘nggi yillarda amalga oshirgan ishlari va yangi kitoblarini namoyish etdi. Mamlakatimizda kitobxonlikka yuksak e’tibor qaratilmoqda.

 Jumladan, 2020 yil 16 mart kuni davlatimiz rahbarining "Noshirlik va matbaa sohasini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori qabul qilinib, bosma mahsulotlar bozorini rivojlantirish noshirlik faoliyati sohasini takomillashtirish, sifatli adabiyotlarni chop etishni qo‘llab-quvvatlash, kitobxonlik madaniyatini ommalashtirishga alohida e’tibor qaratilgan.

So‘nggi to‘rt yilda nashriyotlar soni 3,5 barobarga ko‘payib, 600 taga yaqinlashdi. Shundan xususiy nashriyotlar 531 ta (90 foiz)ni tashkil etmoqda. Bugungi kunda nashriyotlarning ishlab chiqarish quvvati 2 barobar oshib, har yili o‘rtacha 11 ming nomda 40 million nusxada kitob nashr etilmoqda. 

E’tiborli jihati, sohaga 25 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar kiritilib, joriy yil 1 yanvardan boshlab nashriyot korxonalari foyda solig‘ini to‘lashdan 5 yil muddatga ozod qilindi.

Davlatimiz rahbari kitobsiz, ya’ni ilmsiz farovon kelajakka erishib bo‘lmasligiga o‘z vaqtida e’tibor qaratdi. Xususan, 2017 yil 12 yanvarda Prezidentimizning “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi imzolangan edi.

O‘tgan vaqt ichida bu yo‘nalishda salmoqli ishlar amalga oshirildi. Shu o‘rinda davlatimiz rahbarining 2017 yil 13 sentyabrda qabul qilingan “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi hamda 2019 yil 7 iyunda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorlari ayni sohadagi islohotlarning izchilligiga keng yo‘l ochdi.

Forumda kitob va kitobxonlik har bir davrning eng dolzarb mavzularidan biri bo‘lib kelgani, hozirgi kunda uning dolzarblik ko‘lami yanada ortayotgani qayd etildi. Forum doirasida “Mutolaa” loyihasi intellektual o‘yini va sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. 

Shuningdek, marketing mutaxassisi Ulug‘bek Ismatov tomonidan “Kitob marketingida zamonaviy texnologiyalar” mavzusida mahorat saboqlari tashkil etildi. Shuningdek, bolalar yozuvchisi Sa’dulla Quronov va shoir Nosirjon Jo‘rayev bilan uchrashuvlar, shoir Nurmuhammad Abduzoir bilan she’riy kecha o‘tkazildi. Asosiy maqsad ijodiy muhit va biznes o‘rtasida yangi g‘oyalar almashinuvi uchun maydon yaratish. Tashrif buyurganlar ishtirokida kitoblar yuzasidan viktorina, nashriyotlarning savdo yarmarkalari ikkinchi kunga yakun yasaydi. 

Sh.Mamaturopova, O‘zA