Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Nasaf” va “Navbahor” pley-offda, “Paxtakor” ular ortidan bormoqda
11:04 / 2023-12-05

Kecha o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari uchun quvonchli kun bo‘ldi. Osiyo chempionlar ligasida “Nasaf”, “Navbahor” va “OKMK guruh bahslarida so‘nggi uchrashuvlarini o‘tkazdi. “Nasaf” va “Navbahor” kutilgan natijani qayd etib, musobaqaning pley-off bosqichiga yo‘llanma oldi. Bugun esa “Paxtakor” so‘nggi turda o‘z maydonida raqobatlashadi.

Dastlab, har bir uchrashuvga o‘zgacha uslubda tayyorgarlik ko‘radigan “Nasaf” jamoasining 6-turda “As-Sadd”ga qarshi o‘tgan o‘yiniga to‘xtalib o‘tamiz. “Nasaf” mezbonlarning ketma-ket hujumlari evaziga uchrashuvning 6-daqiqasidayoq gol o‘tkazib yubordi. Shundan keyin maydonda teng kurash bo‘ldi. Uchrashuvning 83 va 90-daqiqalarida vakillarimizning aniq harakatlari evaziga “Nasaf” ikkita gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Jambuli Jigauri dubl muallifi. Afsuski, 90+4 daqiqada Bunedja yaratilgan vaziyatdan unumli foydalanib, hisobni tenglashtirdi – 2:2.  

Shu tariqa Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlari “B” guruhida 11 ochko to‘plagan holda birinchi o‘rin bilan chiqdi. Shuningdek, guruhda “As-Sadd” va “Sharja” jamoalari 8 ochko jamg‘ardi. Biroq to‘plar nisbatiga ko‘ra, “As-Sadd” ikkinchi bo‘ldi. “Al-Faysali” 6 ochko bilan so‘nggi o‘rinda qoldi.  

Chempionlar ligasining “D” guruhida 6-tur bahslari o‘tkazildi. “Mumbay Siti” mehmoni bo‘lgan “Navbahor” 1:2 hisobida g‘alaba qozondi. Uchrashuvning 16-daqiqasida mezbonlar vakili El Hayati hisobni ochgan bo‘lsa, 29-daqiqada Jamshid Iskanderov jarimadan super zarba yo‘llab, uchrashuvda muvozanatni tikladi. Bo‘lim so‘ngida Jokich burchakdan uzatilgan to‘pni darvozaga aniq yo‘llab, mehmonlarni oldinga olib chiqdi.  

Mazkur natijadan so‘ng “Navbahor” 13 ochko jamg‘argan holda guruhda ikkinchi o‘rinni egalladi va nimchorak finalga yo‘l oldi. Guruh peshqadami "Al-Hilol" so‘nggi o‘yinda "Nassaji Mozandaron"ni 2:1 hisobida taslim qildi va ochkolarini 16 taga yetkazdi. “Nassaji Mozandaron” esa 6 ochko bilan uchinchi, "Mumbay Siti" esa 0 ochko bilan to‘rtinchi bo‘ldi.  

Ma’lumot uchun, musobaqada g‘arb va sharq zonasiga ajratilgan har bir mintaqaning 3 ta eng yaxshi ikkinchi o‘rin sohiblari keyingi bosqichga yo‘l oladi. "Navbahor" qo‘lga kiritgan natijasi tufayli 3 ta eng yaxshi jamoalarning bittasiga aylandi.  

Darvoqe, Namangan jamoasida yorqin o‘yin namoyish etgan Oston O‘runov “lochinlar” bilan xayrlashdi. U qaysi jamoaga o‘tishi haqida aniq ma’lumotlar yo‘q. Oston “Navbahor” tarkibida joriy mavsum O‘zbekiston Superligasida 25 ta o‘yinda qatnashib, 9 ta gol urdi va sheriklariga 2 ta samarali uzatmani amalga oshirdi.  

Osiyo chempionlar ligasining “S” guruhida “Eyr Fors” “OKMK”ni 3:2 hisobida yengdi.    

Shu tariqa “Eyr Fors” ochkolari sonini 10 taga yetkazdi va guruhda 3-o‘rinni band etdi. “OKMK” hisobida esa ochko mavjud emas va ular so‘nggi 4-pog‘onadan joy olgan. Guruhda “Al-Ittihod” 15 ochko bilan birinchi, “Sepaxon” esa 10 ochko bilan to‘plar nisbatiga ko‘ra ikkinchi bo‘ldi.    

“OKMK” guruh bosqichidagi 6 ta o‘yinning birortasida ochko ishlay olmadi va 5 ta gol urib, 22 marotaba darvozasidan to‘p olib chiqdi.    

Bugun OCHL doirasida 6-turning so‘nggi uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi. Toshkentning “Paxtakor” jamoasi o‘z maydonida “Al-Fayha”ni qabul qiladi. O‘yin soat 19:00da “Bunyodkor” stadionida boshlanadi.  

“A” guruhida vaziyat biroz murakkabroq. 5-turdan so‘ng guruhda “Al-Ayn” 12 ochko bilan birinchi o‘rinni naqd qilgan bo‘lsa, “Paxtakor” 7 ochko bilan ikkinchi, “Al-Fayha” esa 6 ochko bilan uchinchi pog‘onada bormoqda. “Ahal” esa 4 ochko jamg‘arib, 4 o‘rinda bormoqda.  

Yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, Osiyo chempionlar ligasi g‘arbiy mintaqadagi guruhlarning eng yaxshi 3 ta 2-o‘rin egalari ham pley-offga yo‘l oladi va “Navbahor” bu vazifani uddaladi. Endi navbat “Paxtakor”ga. Biroq, pley-offga chiqish to‘liqligicha ularning ko‘lida emas.  

Hozirda ushbu mintaqada ikki nimchorak final chiptasi turibdi va unga "Sepaxon", "Al-Sadd", "Persepolis" va "Paxtakor" jamoalari kurashmoqda. Ushbu jamoalar ichida "Paxtakor" nisbatan og‘irroq vaziyatda. "Sherlar" eng yaxshi 2-o‘rinlar jadvalidan joy olish uchun bugun "Al-Fayha"ni yirik hisobda yengishi kerak. Shundagina to‘plar nisbatiga ko‘ra, “Sepaxon"ni quvib o‘tadi va "Persepolis"ning natijasidan qat’i nazar pley-off ishtirokchisiga aylanadi. Yoki "Persepolis" – "Al-Duhayl" bahsida forslar mag‘lub bo‘lishi talab etiladi.  

Shundagina ochkolar bo‘yicha "Paxtakor" eng yaxshi ikkinchi o‘rin egalari orasida 3-o‘rinni egallab, pley-offning so‘nggi ishtirokchisiga aylanishi mumkin.  

Sharhimiz so‘ngida mamlakatimiz Pro-ligasidan Superligaga yo‘llanma olgan “Dinamo” jamoasi haqida to‘xtalib o‘tmoqchimiz. Jamoa bir oylik ta’tildan so‘ng yangi mavsumga tayyorgarlikni boshladi. Vadim Abramov shogirdlari Samarqanddagi klub qarorgohida to‘plandi va mashg‘ulotlarga kirishdi. Murabbiy ilk yig‘inda yosh o‘yinchilarni sinab ko‘rish va futbolchilarning jismoniy holatini tiklashga e’tibor qaratmoqda.    

 

Javohir Toshxo‘jayev,  

O‘zA