O‘zbekiston Superligasining birinchi davrasi so‘nggi, 13-turi ham kutilmagan natijalarga boy o‘tmoqda.
Mazkur turning markaziy o‘yinlaridan biri «Bobur arena» stadionida bo‘lib o‘tdi. Unda «Andijon» – «Navbahor» klublari o‘zaro raqobatlashdi. Bu galgi «vodiy derbisi»ning 13-daqiqasida Levan Arveladze penaltidan gol urib, hisobni ochgan bo‘lsa, Rustam Turdimurodov 62-daqiqada hisobni 2:0 ko‘rinishiga olib keldi. Ibrohim Yo‘ldoshev esa 84-daqiqada o‘z darvozasiga gol urib qo‘ydi.

Shu tariqa 3:0 hisobida zafar quchgan «Andijon» 3 ochkoni qo‘lga kiritdi va ochkolarini 19 taga yetkazib oldi.
Shuningdek, chempionlik kurashida asosiy favoritlardan hisoblangan «Nasaf» bu turda ham ochko yo‘qotdi. Qarshi shahri jamoasi bu gal safarda «Metallurg» bilan nursiz durang qayd etdi.

Bugun, 27 iyun kuni Superligada «Toshkent derbisi» bo‘lib o‘tadi. Unda «Paxtakor» o‘z maydonida «Bunyodkor» bilan kuch sinashsa, «Neftchi» o‘z maydonida «Lokomotiv»ni qabul qiladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA