Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Nasaf" Superliga peshqadamiga aylandi
09:55 / 2024-06-03

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 10-turiga kelib favoritlar qolgan jamoalardan ochkolar jamg‘arishda o‘zib ketdi. Bu turda kutilmaganda «Navbahor» ochko yo‘qotdi, «Andijon» esa o‘z maydonida alamli mag‘lubiyatni qabul qilib oldi. Ha, o‘zgacha ruhda o‘tayotgan milliy chempionatimiz turdan-turga qizib bormoqda.

Mazkur turda «Nasaf» — «Lokomotiv» bahsi yirik 3:0 hisobida yakunlandi. Uchrashuvdagi barcha gollarga Bobir Abdixoliqov mualliflik qildi. Shuningdek, «Andijon» o‘z maydonida «Paxtakor»ni qabul qildi va 1:3 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi.  

Ushbu natijalardan so‘ng «Nasaf» yaqqol peshqadam bo‘lib olgan bo‘lsa, «Paxtakor» bir necha turdagi muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng kuchli beshlikka qaytdi. «Andijon» esa so‘nggi besh o‘yindan beri ochko yo‘qotishda davom etmoqda va jadvaldagi yuqori o‘rnini asta-sekin yo‘qota boshladi.   

11-tur oldidan «Nasaf» 19 ochko bilan jadvalni boshqarayotgan bo‘lsa, «Navbahor», «OKMK», «Neftchi» 17 ochko bilan keyingi o‘rinlardan joy oldi. «Paxtakor» 15 ochko jamg‘arib, 5-o‘ringa ko‘tarildi. «Andijon» va «So‘g‘diyona» 14, «Surxon» 12, «Dinamo» hamda «Qizilqum» bir xil – 10 ochko jamg‘argan holda kuchli o‘nlikdan o‘rin egalladi. «Olimpik» va «Lokomotiv» jamoasi 9 ochko bilan 11-12 o‘rinda borayotgan bo‘lsa, «Bunyodkor» 6, «Metallurg» esa 5 ochko bilan quyi pog‘onalarda bormoqda.   

Ushbu turdan o‘rin olgan «Andijon» — «Paxtakor» (1:3) bahsini tomosha qilish uchun «Bobur arena» stadioniga 17 ming 152 nafar muxlis tashrif buyurdi. Shuningdek, «Surxon» — «So‘g‘diyona» (1:0) uchrashuvini bor-yo‘g‘i 567 nafar muxlis stadiondan kuzatdi. O‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, 10-turga kelib futbol muxlislarining stadionga kelishi biroz kamaymoqda. Umid qilamizki, keyingi turlarda stadionlarimiz Superliga bahslarining avvalgi turlari kabi muxlislar bilan to‘lib-toshadi.   

Hozirda Superliga bahslarida Toma Tabatadze va Lupche Doriyev 8 ta gol urgan holda to‘purarlar jadvalini boshqarib bormoqda. Ularni Zoran Marushich 5 ta gol bilan ta’qib etib bormoqda. «Andijon» jamoasi a’zosi Bektemir Abdumannonov o‘tgan 10 turda jami 6 marotaba assist qildi va hozirda ushbu yo‘nalish bo‘yicha chempionatda unga teng keladigan futbolchi topilmayapti.   

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Superligasining 11-tur uchrashuvlari 14-17 iyun kunlari bo‘lib o‘tadi.   

Milliy chempionatimizda FIFA kunlari bois 12 kunlik tanaffus e’lon qilinadi. O‘zbekiston milliy terma jamoasi 6 iyun kuni Toshkentda jahon chempionati ikkinchi saralashi doirasida Turkmaniston terma jamoasi bilan, 11 iyun kuni esa safarda Eron termasiga qarshi o‘yin o‘tkazadi. 

Hozirda ushbu saralash bahslarida O‘zbekiston terma jamoasi «Ye» guruhida 10 ochko bilan ikkinchi o‘rinda bormoqda.   

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA