Bugun, 15 sentyabr kuni futbol bo‘yicha Elit Osiyo chempionlar ligasi start oladi. Biz uchun ahamiyatlisi mazkur musobaqada mamlakatimiz sharafini himoya qilayotgan "Nasaf" klubi o‘zining ilk uchrashuvini safarda o‘tkazadi.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, Qarshi shahrining bosh jamoasi Jidda shahridagi "Qirol Abdulla" stadionida "Al-Ahli" jamoasiga qarshi o‘yin o‘tkazadi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 23:15 da start oladi. Bahsni yaponiyalik hakamlar brigadasi boshqarib borishi ma’lum bo‘ldi. Jumladan, uchrashuvda Tanimoto Ryo bosh hakam sifatida o‘tkazsa, unga qanotlarda Takeshi Asada, Takebe Yosuke yordam beradi. To‘rtinchi hakam sifatida Nagamine Koki ishlaydi. VAR hakamlari etib Hiroki Kasahara, Vatanabe Kota tayinlandi. Uchrashuvda mezbonlar oq, "Nasaf" qizil rangli libosda harakatlanadi.

Eslatib o‘tamiz, Elit Osiyo chempoinlar ligasida "Nasaf" dastlabki bosqichning safardagi bahslarida "Al-Ahli"dan tashqari "Shabab Al-Ahli, "Sharja" hamda "Al-Ittihod" jamoalariga qarshi maydonga tushadi. O‘z maydonida esa "Traktor" , "Al-Shorta", “Al-Hilol" va "Al-Vahda" bilan raqobatlashadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA