Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining ilk turi o‘z nihoyasiga yetdi. Ushbu turda jami 7 ta o‘yin o‘tkazildi. Faqatgina "Paxtakor" va "Mash’al" o‘rtasidagi o‘yin poytaxt klubining Elit Osiyo chempionlar ligasidagi ishtiroki sababli 2 aprelga qoldirildi.
Musobaqaning birinchi turida qayd etilgan natijalar haqida to‘xtalib o‘tamiz. Turni boshlab bergan OKMK va "Buxoro" klublari o‘rtasidagi o‘yinda mezbonlar 2:1 hisobida zafar quchdi. Jizzaxda o‘tkazilgan "Qizilqum" – "Surxon" klublari uchrashuvi 2:0 hisobida yakunlandi. "Qo‘qon 1912" va "Andijon" jamoalari o‘rtasidagi bahs 1:1, "Bunyodkor" hamda "Neftchi" uchrashuvi 2:2 hisobidagi durang bilan o‘z nihoyasiga yetdi. "Navbahor" va "Dinamo" uchrashuvida hisob ochilmadi.

Shuningdek, "Xorazm" 15 yillik tanaffusdan so‘ng Superligadagi ishtirokini g‘alaba bilan boshladi. Bu jamoa o‘z maydonida "Sho‘rtan" klubini 2:0 hisobida taslim qildi. Turning markaziy uchrashuvi Qarshi shahridagi "Markaziy" stadionida "Nasaf" – "So‘g‘diyona" o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Sharof Muhitdinovning ajoyib tarzda urgan goli mezbonlarga 1:0 hisobidagi g‘alabani ta’minladi.

Darvoqe, "Nasaf" o‘tgan mavsumda "So‘g‘diyona" darvozasiga gol ura olmagan edi. Nihoyat, ikki yil deganda Qarshi shahri klubi Jizzax jamoasi darvozasini ishg‘ol etdi.
Shu tariqa, OKMK, "Nasaf", "Qizilqum" va "Xorazm" mavsumni g‘alaba bilan boshladi va 3 ochkoga ega bo‘ldi. "Qo‘qon 1912", "Andijon", "Bunyodkor", "Neftchi", "Navbahor" va "Dinamo" jamoalari esa o‘z hisobiga bir ochkoni yozib qo‘ygan bo‘lsa, "Buxoro", "Surxon", "So‘g‘diyona" hamda "Sho‘rtan" klublari mag‘lubiyatdan so‘ng liganing quyi pog‘onalariga joylashdi.

Dastlabki turda o‘tgan 7 ta uchrashuvda jami 14 ta gol urildi. Ushbu bellashuvlarni stadiondan kuzatish uchun jami 25 ming 17 nafar muxlis tashrif buyurdi. Mazkur turda eng ko‘p – 6 ming 822 nafar futbol ixlosmandi Namangandagi "Markaziy" o‘yingohida o‘tkazilgan "Navbahor" va "Dinamo" uchrashuviga keldi.
Milliy chempionatimizning ikkinchi tur bahslari 14—16 mart kunlari bo‘lib o‘tadi. Unda "Neftchi" – "Qo‘qon-1912", "Buxoro" – "Qizilqum", "Sho‘rtan" – "Bunyodkor", "Dinamo" – "Mash’al", "Andijon" – "Nasaf", "So‘g‘diyona" – "Navbahor", "Surxon" – "Xorazm" va OKMK – "Paxtakor" jamoalari raqobatiga guvoh bo‘lamiz.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA