Futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati superligasi ikkinchi davra – 16-tur o‘yinlariga juma, 1 avgust kuni start berilgan edi.
“So‘g‘diyona” hamda “Nasaf” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv kutilganidek qizg‘in va dramatik ruhda kechdi. Har ikki jamoa muxlislarga ko‘rkam va jonli o‘yin namoyish etdi.

Uchrashuv boshlanishi bilan mezbonlar faol harakatga o‘tdi. Ammo golni mehmonlar kiritdi. 6-daqiqada “Nasaf” ilk hujumni tashkil etdi, birinchi zarba berildi va u gol bilan yakunlandi. Serbiyalik legioner Stefan Cholovichning jarima maydoniga uzatmasini darvozaga orqa tomoni bilan turgan Husayin Norchayev darvoza tomon qaramasdan boshi bilan zarba yo‘lladi. Mezbonlar darvozaboni Milan Mitrovich bu zarbani qaytarishga tayyor emas edi va to‘p darvoza to‘ridan joy oldi – 0:1.
O‘yin yanada shiddatli tus oldi. Ishonchli himoyalanib, qarshi hujumda to‘p surgan “Nasaf” 27-daqiqada o‘rtadagi farqni 2 taga yetkazdi. Lekin bu safar jizzaxliklar himoyachisi Otabek Ahadov to‘pni o‘z darvozasiga kiritib qo‘ydi. 0:2.

Ikkinchi goldan so‘ng “So‘g‘diyona” bosh murabbiyi Ivan Boshkovich uchrashuvning birinchi bo‘limidayoq, ikkinchi gol kiritilishida aybdor deb topilgan Nodirjon Soyibov o‘rniga Samandar Mavlonqulovni, avtogol muallifi Otabek Ahadov o‘rniga esa Filip Ivanovichni maydonga tushirdi.
O‘zgarishlardan so‘ng “So‘g‘diyona” o‘yini ancha faollashdi va mezbonlar bir necha xavfli hujumlar uyushtirdi. Ikkinchi bo‘lim “So‘g‘diyona”ning hujumlari bilan boshlandi. Muxlislarning qo‘llab-quvvatlashi va zaxiradan maydonga tushirilgan yangi kuchlar 58-daqiqada o‘z samarasini berdi. Rubin Xebay jarima to‘pini juda mahorat bilan amalga oshirib, to‘pni darvozaning yuqori burchagiga joyladi – 1:2.

“So‘g‘diyona” hisobni tenglashtirish uchun barcha imkoniyatlarini ishga soldi. Hatto 90+4 daqiqada ketma-ket ikki bor real gol imkoniyati yaratildi. Biroq “Nasaf” darvozaboni Abduvohid Ne’matov va himoyachilar kerakli paytda jamoasini muqarrar gollardan qutqarib qoldi.
Uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida “So‘g‘diyona” bosh murabbiyi Ivan Boshkovich shunday dedi: “Muxlislarga yoqadigan futbol bo‘ldi. Ammo afsuski, yutqazib qo‘ydik. Bizda hali muammolar bor, vaziyatlardan foydalana olmayapmiz. Ba’zi futbolchilarning jismoniy holati ham yaxshi emas. Lekin qo‘lni tushirmaymiz. Chempionga qarshi o‘yin oson kechmasligi tabiiy.”

O‘z navbatida “Nasaf” bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev esa quyidagilarni bildirdi: “Bugun ikkinchi davra boshlanganiga qaramay, har ikki jamoa ochiq va chiroyli futbol namoyish etdi. Barcha yaratilgan vaziyatlar golga aylanganida, ko‘proq gollar ham ko‘rish mumkin edi. “So‘g‘diyona” o‘z maydonida hujumkor o‘yin ko‘rsatishini bilardik va shunga yarasha tayyorgarlik ko‘rgan edik. Biz qarshi hujumda o‘ynash rejasini tuzdik va buni yaxshi amalga oshirdik.”.
“So‘g‘diyona” endi bu mag‘lubiyatni tezda unutishi va navbatdagi uchrashuvga jiddiy tayyorgarlik ko‘rishi lozim. Chunki chempionatdagi har bir uchrashuv muhim, ammo ichki muammolar hal etilmas ekan, kurash tobora og‘irlashib boradi.
A. Qayumov, O‘zA muxbiri