Futbol bo‘yicha Elit Osiyo chempionlar ligasining g‘arbiy mintaqa umumiy guruh bosqichi 6-turi doirasida kuni kecha to‘rtta o‘yin o‘tkazildi.
Unda BAAning «Al-Sharja» jamoasi o‘z maydonida Saudiya Arabistonining «Al-Hilol» klubiga qarshi maydonga tushdi va kutilmaganda 0:1 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Eronning «Traktor» jamoasi esa 2:1 hisobida «Al-Duxayl» ustidan zafar quchdi. Shuningdek, «Al-G‘arafa» o‘z maydonida 1:0 hisobida «Al-Vahda»ni dog‘da qoldirgan bo‘lsa, «Al-Shorta» va «Al-Ahli» uchrashuvi 0:5 hisobida yakunlandi.

Bugun, 23 dekabr kuni «Al-Sadd» jamoasi «Shabab Al-Ahli»ga qarshi bahslashsa, Saudiya Arabistonida «Al-Ittihod» hamda «Nasaf» jamoalari o‘rtasidagi bellashuv bo‘lib o‘tadi.
Mazkur uchrashuv mamlakatimiz vaqti bilan soat 23:15 da boshlanadi. O‘yinda «Al-Ittihod» jamoasi sariq-qora rangdagi sport libosida maydonga chiqadi. «Nasaf» esa o‘zining an’anaviy qizil rangdagi libosida harakat qiladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA