AQSHning Oyga yadroviy reaktor joylashtirish rejasi fan, siyosat va xavfsizlikni birlashtirgan eng bahsli loyihalardan biriga aylanmoqda. NASA 2030 yilgacha Oyda bo‘linuvchi yadroviy reaktor ishga tushirishni maqsad qilgan. Mutaxassislar esa bu muddat ishonchli emasligini aytmoqda.
O‘tgan asr 60-yillaridagi “Apollon” missiyasidan boshlab, AQSH fazoda radioizotop generator — yadroviy batareyadan foydalangan. Bugun NASA o‘sha tajribani “Fission Surface Power Project” orqali davom ettirmoqda. Maqsad — Oy va Marsga uyushtiriladigan uzoq muddatli ekspeditsiyalarni elektr energiyasi bilan ta’minlash.
Bangor universiteti professori Saymon Midlberx shu eng maqbul yo‘l, deb hisoblaydi:
– Yadroviy energiyani xohlagan payt yoqish yoki o‘chirish mumkin. Oy uchun bunday zich energiya manbai hozircha boshqa yo‘q.
Astrofizik Alfredo Karpineti esa bunday yondashuvga shubha bilan qaramoqda:
– 2030 yilgacha reaktorni Oyga yetkazish va ishga tushirish, deyarli, imkonsiz. NASA bu ishni siyosiy raqobat tufayli, ayniqsa Xitoy va Rossiyadan o‘zib ketish uchun tezlashtirmoqda.
Oyda harorat bilan bog‘liq keskin tafovut, atmosfera yo‘qligi va issiqlikni so‘ndirish tizimi murakkabligi muhandislar uchun eng og‘ir sinov bo‘lib qolmoqda. Reaktorni Yerning tabiiy yo‘ldoshigacha yetkazish va robot yordamida yig‘ish ham juda qiyin va qimmatga tushadigan jarayon.
Yadro energiyasidan koinotda foydalanish faqat AQSH tashabbusi emas. Italiya ham ENEA va “Thales Alenia Space” bilan hamkorlikda “Selene” loyihasini boshlagan. Bu guruh Oy sathida kichik, ixcham reaktor ishlab chiqmoqchi.
ENEA tadqiqotchisi Franchesko Lodi shunday deydi:
– Bu reaktorlar yerdagi zavodlarga nisbatan ancha ixcham bo‘ladi — bir xona hajmidagi joyga sig‘adi.
Ekspertlar NASA tomonidan e’lon qilingan Oy loyihasini yangi “fazoviy sovuq urush” deb atamoqda. Tabiiyki, AQSH, Xitoy va Rossiya Oyda birinchi bo‘lib doimiy energiya zaxirasini yaratish uchun raqobatlashmoqda.
2030 yilga qadar bu ish amalga oshadimi yoki yo‘q, hozircha noma’lum. Faqat bir narsa aniq: koinotdagi energiya uchun kurash endi faqat raketa emas, reaktorlar poygasiga ham aylandi.
Musulmon Ziyo, O‘zA