AQSH kosmik agentligi inson tomonidan sayyorani o‘rganishga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida bir yil davomida sun’iy Qizil sayyorada yashash uchun to‘rt nafar nomzod qidirmoqda.
“Kazinform” yozishicha, birinchi bosqchi davom etayotgan “CHAPEA” nomli uch bosqichli missiyaning mazkur ikkinchi qismida ko‘ngillilar Texasning Xyuston shahrida joylashgan NASAga qarashli Jonson fazoviy markazida 158 kvadrat metrli 3D-bosma Mars simulyatorida yashaydi. Tadqiqot ekipajning sog‘lig‘i va ish qobiliyati bilan bog‘liq o‘zgarishni o‘rganadi.
“Mars Dune Alpha” nomli simulyatsiya manzili Marsda yashash sharoitiga taqlidan har bir ko‘ngilli uchun to‘rt xil uy, ish joyi, tibbiyot bo‘limi, dam olish maskani, shuningdek oshxona va oziq-ovqat tayyorlash majmuasidan iborat bo‘ladi.
Marsdagi haqiqiy hayotni aks ettirish maqsadida ob’ektda resurslar cheklananadi. Sayohatchilar sayyora yuzasi bo‘ylab sayr qiladi, ekin yetishtiradi, yashash joyini saranjom saqlaydi, shuningdek robot texnikasi bilan ishlaydi. Ular sayyorada yuz berishi mumkin bo‘lgan odatiy ekologik noqulay omillar, masalan issiq yoki sovuq, uskuna ishdan chiqishi, aloqa uzilish yo kechikishi kabi holatlarga duch kelishi mumkin.
2025 yil bahorda boshlanadigan Yerdagi missiyada qatnashishni xohlovchilar joriy yil 2 aprelga qadar ariza topshirishi kerak. Nomzod 30-55 yosh oralig‘idagi “motivatsiyalangan” AQSH fuqarosi bo‘lishi shart. Ingliz tilini bilish va zararli odatlardan himoyalanganlik ham talab etiladi.
Shuningdek, da’vogar “STEM” (Science, Technology, Engineering and Mathematics), ya’ni muhandislik, matematika, biologiya kabi fanlar bo‘yicha ma’lumotga, kasbiy tajribaga ega bo‘lishi zarur. Parvoz qilish tajribasi va harbiy ko‘nikma ham afzallik hisoblanadi.
NASA hozirgacha sayyora yuzasini tadqiq qilish uchun Marsga bir necha transport vositasi (robot) yuborgan. U yoqda “sol” deb ataladigan sutka 24,6 soat davom etadi. Karbonat angidrid, azot va argondan iborat atmosfera tumanli, changli qizil osmon hosil qilgan. Harorat +21 darajaga ko‘tarilishi, -107 darajagacha tushishi mumkin.
Go‘zal Sattorova, O‘zA