Goddard koinotga parvoz markazi direktori Makkenzi Listrup 1 avgust kuni NASA qarorgohini tark etadi. Uning ketishi Donald Tramp ma’muriyati davrida rejalashtirilgan byudjet 25 foiz qisqartirilishi asnosida agentlikni qamrab olgan ishdan bo‘shatish jarayonidagi eng shov-shuvli voqeadir.
Tashkilot rasmiy veb-saytida e’lon qilingan ma’lumotga ko‘ra, NASA huzuridagi eng yirik ilmiy markazga 2023 yil apreldan buyon rahbarlik qilgan Listrup tuzilma tarixidagi birinchi ayol direktor hisoblanadi.
Uning faoliyati davomida markaz asosiy ilmiy missiyalar, jumladan Jeyms Uebb teleskopi va Yerni kuzatish sun’iy yo‘ldoshi dasturlarini nazorat qilgan.
Iste’foning rasmiy sababi oshkor etilmagan, biroq bu qaror 500 dan ziyod amaldagi va sobiq xodimlar tomonidan imzolangan ochiq xat – “NASA Voyager Declaration” deklaratsiyasi e’lon qilingan vaqtga to‘g‘ri keldi.
“Stand Up For Science.net” platformasida chop etilgan hujjatda amalga oshirilayotgan islohotlar “tezkor, isrofgarchilik va agentlik barqarorligi uchun xavfli” deya tanqid qilingan.
NASA bayonotida Listrupning iste’fosi va norozilik o‘rtasidagi bog‘liqlik haqida gapirilmagan bo‘lsa-da, tasodif ilmiy jamoatchilik orasida keng muhokamaga sabab bo‘ldi.
Amerika ommaviy axborot vositalari xabar berishicha, 3000 ga yaqin xodim – olimlar, muhandislik va ma’muriy kasblar bo‘yicha mutaxassislar allaqachon NASA idorasini tark etgan. Ommaviy ravishda chiqib ketish agentlik yangi byudjet muhokamasi arafasida boshlagan ixtiyoriy ishdan bo‘shatish va qisqartirish dasturi bilan bog‘liqligi ta’kidlanyapti.
Oq uy taklif etgan loyiha NASA umumiy byudjetini 25 milliard dollardan 18,8 milliard dollarga tushirishni nazarda tutadi. Islohot tufayli ilmiy bo‘limlar, jumladan Vashington chekkasida joylashgan Goddard markazi keskin ta’sirga duch kelishi taxmin qilinyapti.
M.Pirmatova, O‘zA