AQSH Milliy aeronavtika va fazoni tadqiq qilish boshqarmasi (NASA) 2030-yillar boshida Marsga missiya jo‘natish rejasini tasdiqladi. Loyiha Oyda kosmik baza qurishni ham o‘z ichiga oladi.
NASA ma’muriyati rahbari vazifasini bajaruvchi Shon Daffi ma’lum qilishicha, missiya “ikkinchi fazoviy poyga”ning asosiy bosqichi hisoblanadi. Bu jarayonda Qo‘shma Shtatlar Marsni tadqiq qilish bo‘yicha boshqa davlatlar, jumladan Xitoyni ortda qoldirishga intiladi, deb yozgan “News.am” nashri.
Parvoz 2033 yoki 2035 yil, har 26 oyda bir kuzatiladigan Yer va Marsning orbital trayektoriyasi eng qulay holat kasb etadigan vaqtga rejalashtirilgan. Qizil sayyoraga sayohat taxminan 6-8 oy davom etishi, missiyaning umumiy davomiyligi taxminan 2 yilni tashkil qilishi, astronavtlar Mars sathida 500 kungacha bo‘lishi kutilyapti.
NASA jamoasi ilmiy izlanish orqali Mars geologiyasini o‘rganish, ushbu sayyoradagi hayot alomatlarini izlash va kelajakdagi uzoq muddatli missiyalarga tayyorgarlik ko‘rish maqsadini ko‘zlagan.
Ekipajni manzilga yetkazish uchun eng kuchli “Space Launch System” (SLS) raketasi va Orion fazo kemasi tanlandi. Koinotda uzoq vaqt qolish uchun “Deep Space Habitat” modulidan foydalanish imkoniyati ham ko‘rib chiqilyapti. Robotlashtirilgan missiya yordamida oldindan astronavtlarni yonilg‘i, oziq-ovqat va jihozlar bilan ta’minlaydigan vositalar – 25 tonnaga yaqin uskuna, jumladan rover va qo‘nish qurilmasi jo‘natiladi. Fazoviy nurlanishdan himoya qilish ham asosiy vazifalardan biri sifatida belgilangan.
NASA ayni payt Xalqaro koinot stansiyasida yangi ekranlash texnologiyasini sinovdan o‘tkazyapti. 2026 yil Oyni tadqiq qilish dasturi – “Artemida” ishga tushiriladi.
Qizil sayyoraga missiya – orbital parvoz va qo‘nish taxminan 17 milliard dollarga tushishi faraz qilinyapti. AQSHning asosiy raqobatchisi – Xitoy ham 2030-yillarda Marsga boshqariladigan missiya jo‘natishni rejalashtirgan.
Ilon Maskning “SpaceX” kompaniyasi, shuningdek “Starship” raketasi yordamida odamlarni ertaroq, ya’ni 2020-yillar oxiridayoq Marsga uchirishni mo‘ljallayapti. Avvalroq “SpaceX” NASA bilan hamkorlik qilayotgani haqida xabar berilgan edi.
G.Sattorova, O‘zA