“Yashil” iqtisodiyot tamoyillari asosida mamlakatni jadal rivojlantirish, qayta tiklanuvchi va muqobil energiya tizimini yaratishning huquqiy asoslarini ishlab chiqish hamda sug‘orishda tejamkor texnologiyalarni keng joriy etishga alohida e’tibor qaratiladi.
Ana shu maqsadlarga erishishda davlat byudjeti, bank va moliya institutlari, xususiy sektor mablag‘larini ekologik toza, energiya tejamkor loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltirilgan “yashil” moliyalashtirish tizimini rivojlantirish, davlat xaridlari tizimida “yashil” xaridlarga ustuvorlik berish, tarmoqlar va hududlarning “yashil iqtisodiyotga o‘tish indeksi”ni ishlab chiqish, davlat tomonidan “yashil” ish o‘rinlarini yaratishni qo‘llab-quvvatlash, iqtisodiyot tarmoqlari uchun zamonaviy malakali kadrlarni tayyorlash masalalariga ustuvor vazifa sifatida qaraladi.
– Prezidentlikka nomzod Narzullo Oblomurodov tomonidan maktabgacha ta’lim muassasalari hamda umumta’lim maktablarilarida ekologik ta’limni alohida fan sifatida o‘qitish taklifi menga juda ma’qul bo‘ldi, – deydi Andijon davlat universiteti tabiiy fanlar fakulteti professori Dilfuzaxon To‘ychiyeva.
– Umuman, yoshlarning ekologik ta’lim-tarbiyasi, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish masalalariga alohida e’tibor qaratilishi bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biridir.
O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narzullo Oblomurodov Shahrixon tumanida andijonlik saylovchilar bilan uchrashuv davomida Ekologik partiya safiga qabul qilingan bir guruh fuqarolarga partiya a’zolik biletlarini topshirdi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA