Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Narxlar bo‘yicha kutilmalar bosqichma-bosqich pasaymoqda
11:40 / 2025-11-06

Markaziy bankning oktyabr oyida aholi va tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalari e’lon qilindi.

Unda qayd etilishicha, aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining inflyatsion kutilmalari o‘tgan oyga nisbatan pasaygan.  

Aholi o‘rtasida o‘rtacha kutilma 11,7 foiz, tadbirkorlar orasida esa 11,1 foiz darajasida bo‘ldi. Bu narxlar dinamikasining yumshashi va bozordagi ishonch belgisi sifatida qaraladi.

Jamoatchilikda kelgusi oylarda narxlar keskin oshmasligi va bosqichma-bosqich pasayishi ehtimoliga ishonish kuchaygan. Bu tendensiyani ichki bozorda narxlar barqarorlashishiga doir alomatlar, oziq-ovqat va iste’mol tovarlari ta’minotining kengayishi, moliya-axborot signallarining ehtiyotkor talqini va davlat tomonidan olib borilayotgan pul-kredit siyosatining ta’siri bilan bog‘lash mumkin.

Aholi va biznesda kommunal xizmatlar, yoqilg‘i-energetika xarajatlari, oziq-ovqat mahsulotlari narxlar oshishidan xavotirda.

Shu bilan birga, xizmat ko‘rsatish sohalari va ayniqsa, ta’lim hamda ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchilar orasida narxlar bo‘yicha kutilmalar nisbatan pastroq.

Ma’lumki, narxlar dinamikasini baholashda geografik jihat ham muhim. Toshkent shahrida kutilmalar yuqoriroq shakllangan.  

Ba’zi viloyatlarda esa (ayniqsa, qishloq va mintaqa markazlarida) kutilmalar nisbatan past – mahalliy bozor sharoitlari va iste’mol tarkibiga bog‘liq.

Tadbirkorlar infocida asosiy xavotirlar qatorida kommunal, yoqilg‘i-energetika va transport xarajatlari hamda xomashyo narxlarining o‘zgarishi saqlanmoqda. Biroq so‘rov natijalari shuni ko‘rsatdiki, biznes o‘rtasida ham kelajakdagi narxlar bo‘yicha kutilmalar bosqichma-bosqich pasayib bormoqda. Bu ularning olib borilayotgan iqtisodiy rejalar va xarajat prognozlarini qayta ko‘rib chiqishga intilayotganini anglatadi.

Qayd etilishicha, inflyatsion kutilmalarning bosqichma-bosqich pasayishi iqtisodiyotdagi barqarorlashuv belgisi hisoblanadi.  

Xulosa qilib aytganda, oktyabr so‘rovi natijalari shundan dalolat beradiki, aholi va biznes orasida inflyatsion kutilmalar pasayayotgani kuzatilmoqda. Biroq narxlarning barqaror pastlashuvini ta’minlash uchun manzilli siyosatlar va vakolatli idoralar bilan hamohanglikda harakat qilish muhim hisoblanadi.

Sh.Mamaturopova,

O‘zA