Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Narxlar asossiz oshirilgani aniqlandi
19:41 / 2026-02-06

Buxoro viloyatida Raqobat qo‘mitasi tomonidan dori vositalariga belgilangan cheklangan savdo ustamalariga amal qilinishi yuzasidan o‘tkazilgan keng qamrovli o‘rganishlar natijasida dori vositalari narxlarini asossiz ravishda oshirish bilan bog‘liq jiddiy qoidabuzarlik holatlari aniqlandi.

Qayd etilishicha, 2025 yil davomida Soliq organlari tomonidan dori vositalari savdosida aniqlangan qoidabuzarliklar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Raqobat qo‘mitasining “Fair Tech” yagona axborot tizimi orqali kelib tushgan. Ushbu ma’lumotlar belgilangan tartibda tahlil qilinib, ular asosida Buxoro viloyati hududida joylashgan dorixonalar faoliyati yuzasidan chuqur o‘rganish ishlari amalga oshirilgan.

Olib borilgan tekshiruvlar natijasida viloyatda faoliyat yuritayotgan 53 ta dorixona tomonidan jami 38 ming 355 ta holatda dori vositalari narxlari amaldagi qonunchilik talablariga zid ravishda asossiz oshirib qo‘llanilgani aniqlandi. Mazkur holatlar orqali iste’molchilardan jami 929 million 400 ming so‘m miqdorida asossiz daromad olingani ma’lum bo‘ldi. Bu esa aholining, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlar manfaatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

Aniqlangan qoidabuzarliklar yuzasidan qonunchilikka muvofiq tegishli ta’sir choralari ko‘rildi. Xususan, asossiz ravishda olingan mablag‘lar iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilinib, fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash choralari ta’minlandi. Shu bilan birga, dorixonalarga kelgusida bunday qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan qat’iy ogohlantirishlar berildi.

Bundan tashqari, litsenziya talablari va farmatsevtika faoliyatini amalga oshirish qoidalari buzilishi bilan bog‘liq holatlar yuzasidan tegishli hujjatlar Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markaziga taqdim etildi. Ushbu materiallar asosida dorixonalar faoliyatiga qonuniy baho berilib, belgilangan tartibda choralar ko‘rilishi nazarda tutilgan.

Viloyat boshqarmasi tomonidan ta’kidlanishicha, dori vositalari bozorida qonunchilik talablariga rioya etilishi, narxlarning asossiz oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda iste’molchilar huquqlarini ishonchli himoya qilish ustuvor vazifalardan hisoblanadi. Shu boisdan, mazkur yo‘nalishda nazorat va monitoring ishlari kelgusida ham tizimli ravishda davom ettiriladi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.