Ma’lumki, narkojinoyatchilik bugun butun insoniyat uchun jiddiy global xavfga aylanmoqda. Ayniqsa, iste’moli oson, yashirish va tarqatish qulay bo‘lgan sintetik giyohvand moddalar an’anaviy narkotiklar o‘rnini egallab bormoqda. Eng tashvishlisi, ularning tarqalishi asosan yoshlar orasida kuzatilmoqda.
Sintetik narkotiklar ko‘pincha yashirin narkolaboratoriyalarda tayyorlanib, internet orqali kontaktsiz usulda tarqatilmoqda. Bunday jinoyatlar transchegaraviy xususiyat kasb etib, uyushgan jinoyatchilik tarmoqlari orqali amalga oshirilayotgani vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda.

Yaqinda Bojxona qo‘mitasining “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi Kontrabandaga qarshi kurashish sho‘’basi hamda “Elektron tijorat” bojxona posti xodimlari Davlat xavfsizlik xizmati bilan hamkorlikda ana shunday holatga chek qo‘ydi.
Yangiyo‘l tumanida istiqomat qiluvchi 20 yoshli fuqaro nomiga Niderlandiyadan xalqaro kurerlik jo‘natmasi kelgani aniqlangan. Hujjatlarda turli konfetlar deb ko‘rsatilgan ushbu jo‘natma tashqi ko‘rinishidan ham bezarar tuyulgan. Biroq, bojxona nazorati jarayonida u shubha uyg‘otgan.

Ekspertiza natijalariga ko‘ra, “konfet” deb ko‘rsatilgan mahsulot tarkibida 1 kg 351 gramm sintetik narkotik modda — klefedron borligi ma’lum bo‘ldi.
Tergov davomida aniqlanishicha, jo‘natma nomiga rasmiylashtirilgan shaxs 10 million so‘m pul evaziga o‘z nomiga posilka qabul qilishga rozi bo‘lgan va uni boshqa shaxsga yetkazib berishi kerak edi.

Tezkor tadbirlar davomida jo‘natmani qabul qilib olishi lozim bo‘lgan 36 yoshli fuqaro ham qo‘lga olindi. Uning Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi xonadoni ko‘zdan kechirilganda, u yerda giyohvand moddalarni tayyorlash va qadoqlash uchun jihozlangan yashirin narkolaboratoriya faoliyat yuritayotgani fosh etildi.
Xonadondan 5,3 kilogramm sintetik narkotik moddalar, ularni tayyorlashda foydalanilgan laboratoriya jihozlari, turli kimyoviy moddalar va o‘ram materiallari daliliy ashyo sifatida olib qo‘yildi.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, respublika bojxona organlari o‘tgan va joriy yillar davomida jami 7 ta yashirin narkolaboratoriya faoliyatiga chek qo‘ygan.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA