Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Narkologik kasalliklar profilaktikasi va davolash tizimini takomillashtirish asosi yaratildi
18:59 / 2020-11-02

Giyohvandlik va ichkilikbozlik insoniyatga eng katta xavf solayotgan ofatlardan biridir. Uning ayanchli oqibati har qanday xalq, millat, jamiyat va oilani asta-sekinlik bilan tanazzul yoqasiga olib keladi.


Giyohvandlik va ichkilikbozlik insoniyatga eng katta xavf solayotgan ofatlardan biridir. Uning ayanchli oqibati har qanday xalq, millat, jamiyat va oilani asta-sekinlik bilan tanazzul yoqasiga olib keladi.

Giyohvandlik va ichkilikbozlik – narkotik moddalar va spirtli ichimliklarga ruju qoʻyish holati. Mazkur kasalliklar organizm somatik va ruhiy holatining chuqur oʻzgarishiga sabab boʻlib, insonda unga nisbatan mayl paydo boʻladi, ehtiyoj, ruhiy va jismoniy bogʻliqlik ortib boradi.

Mamlakatimizda soʻnggi yillarda aholiga narkologik yordam koʻrsatish tizimini yana-da takomillashtirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilishiga qaramay, narkotik va psixotrop moddalar hamda spirtli ichimliklarni isteʼmol qilish holatlari hamon davom etmoqda. Shu oʻrinda haqli savol tugʻiladi, nima sababdan koʻrilayotgan chora-tadbirlar oʻz samarasini bermayapti? Buni quyidagi asosiy sabablar bilan izohlash mumkin:

Birinchidan, bugungi kunga qadar aholiga narkologik xizmat koʻrsatish sohasi 1992-yildagi “Surunkali alkogolizm, giyohvandlik yoki zaharvandlikka mubtalo boʻlgan bemorlarni majburiy davolash toʻgʻrisida”gi hamda 1999-yildagi “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar toʻgʻrisida”gi qonunlar bilan tartibga solingan.

Mazkur normativ-huquqiy hujjatlarda narkologik kasalliklar profilaktikasi, bemorlarning huquq va majburiyatlari, ularni ish bilan taʼminlash, majburiy davolashga yoʻllash tartibi, davolash muddati hamda oʻz xohishiga koʻra davolanishini tartibga soluvchi normalar mavjud emas edi.

Ikkinchidan, profilaktika tadbirlari tizimli ravishda tashkillashtirilmayotgan, shu sababli voyaga yetmagan shaxslar oʻrtasida narkotik va psixotrop moddalar hamda spirtli ichimliklarni isteʼmol qilish holatlari tobora koʻpayib borayotgan edi.

Uchinchidan, axborot texnologiyalarining rivojlanishi aholi, ayniqsa, yoshlar orasida, internet tarmogʻi orqali narkotik va psixotrop moddalarning noqonuniy savdosiga imkoniyat yaratib bermoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining muqaddimasida fuqarolarning munosib hayot kechirishini taʼminlash va 40-moddasida har bir inson malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega ekanligi, qolaversa, BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarining 3-yoʻnalishida sogʻlom turmush tarzini taʼminlash va barcha har qanday yoshdagilar uchun farovonlikni targʻib qilish maqsadlari belgilangan.

Shundan kelib chiqib, 2018-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasining 2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarida ruhiy faollashtiruvchi moddalarga qaramlik, shu jumladan, giyohvand moddalar va alkogolli ichimliklarni suiisteʼmol qilishning profilaktikasi va davolanishini yaxshilab borish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilanib, alkogol mahsulotlarini isteʼmol qilinishini 10 foizga kamaytirish nazarda tutilgan.

Psixotrop moddalarning tarqalishi va notibbiy isteʼmol qilinishi, shuningdek, alkogol mahsulotlarini isteʼmol qilish sabablari hamda shart-sharoitlarini aniqlash va bartaraf etishga qaratilgan ijtimoiy, maʼrifiy hamda tibbiy-psixologik tadbirlar kompleksini yana-da takomillashtirish maqsadida 2020-yil 27-oktyabr kuni “Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi.

Mazkur Qonun narkologik xizmat sohasida quyidagi oʻzgarish va yangiliklarni nazarda tutishi bilan ahamiyatli hisoblanadi.

Birinchidan, Qonunda narkologik xizmat koʻrsatish, narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash sohalarini samarali huquqiy tartibga solish maqsadida zarur asosiy tushunchalarning huquqiy tariflari belgilandi.

Xususan, Qonunda narkologik kasallik, narkologik kasallikka chalingan shaxs, narkologik yordam, psixoaktiv moddalar, narkologik kasalliklarga mubtalo boʻlgan shaxslarning tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiyasi, majburiy davolash, narkologik ekspertiza kabi yangi tushunchalar aks ettirildi. Shuningdek, Qonunda narkologik kasalliklar va ichkilikbozlikka qarshi kurashish tizimi samaradorligini oshirish maqsadida profilaktika chora-tadbirlarining 3 bosqichda amalga oshirilishi belgilandi.

Ikkinchidan, Qonunga muvofiq narkologik kasallikka chalingan shaxslar davolanib chiqqanidan keyin ularning jamiyatda oʻz oʻrnini topishiga koʻmaklashish maqsadida taʼlim, mehnat, oʻzini oʻzi boshqarish organlarining narkologik kasalliklar profilaktikasida ishtirok etishiga oid normalar nazarda tutilgan. Mazkur moddalar yuqoridagi masʼul davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va jamoatchilikning narkologik kasalliklar profilaktikasidagi ishtirokini yana-da mustahkamlaydi.

Uchinchidan, Qonunga koʻra, narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolashga yuborish jarayonida sud hokimiyatining rolini oshirish orqali bu jarayonning huquqiy asoslari yana-da takomillashtirildi. Xususan, Qonunda narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolashga yuborish toʻgʻrisidagi qaror uning yashash joyidagi yoki narkologiya muassasasi joylashgan yerdagi sud tomonidan yigirma kunlik muddatda, ushbu shaxs hozirligida qabul qilinishi koʻrsatib qoʻyildi.

Toʻrtinchidan, Qonunda davlat tomonidan kafolatlangan narkologik yordam berish belgilangan boʻlib, unga koʻra davlat psixoaktiv moddalardan oʻtkir zaxarlanish, ularni isteʼmol qilish bilan bogʻliq alkogolli psixozlar va zaxarlanish natijasidagi psixozlar chogʻida shoshilinch yordam koʻrsatilishi hamda ambulatoriya va statsionar sharoitlarda maslahat berish – tashxis qoʻyilishi, davolash, psixoprofilaktik, reabilitatsiya, ijtimoiy yordam koʻrsatilishini kafolatlaydi.

Beshinchidan, Qonunda yangi huquqiy institutlar, xususan, narkologik kasallikka chalingan shaxsning davolanishga roziligi va narkologik yordamni rad etish, shuningdek, narkologik kasallikka chalingan shaxsga oʻzining roziligisiz yoki qonuniy vakilining roziligisiz narkologik yordam koʻrsatishga doir qoidalar belgilangan.

Qonunning yana bir ahamiyatli jihatlaridan biri unda majburiy davolanayotgan shaxslarga nisbatan mehnat terapiyasini qoʻllash tartibining belgilanganligidir. Yaʼni, mazkur tartibga koʻra, majburiy davolanayotgan va mehnat terapiyasi tartibida mehnat faoliyatiga jalb qilingan shaxslarga korxonalar tomonidan amaldagi normalar, narxlar, mehnatga haq toʻlash shartlaridan kelib chiqqan holda hamda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ish haqi hisoblanmoqda.

Bu borada xorij tajribasiga nazar tashlaydigan boʻlsak, Gollandiya, Finlyandiya, Germaniya, Rossiya, Buyuk Britaniya, Ukraina, Belarus va Qozogʻiston kabi davlatlarda narkologik xizmat koʻrsatish, narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash sohasida qonun va milliy strategiyalar qabul qilinganligini koʻrish mumkin. Xususan, Ukraina, Belarus, Qozogʻiston va Rossiya kabi davlatlarning milliy qonunchiligida narkologik kasalliklar, ayniqsa, voyaga yetmaganlar profilaktikasi, narkotik moddalar noqonuniy savdosining oldini olish hamda mazkur sohadagi boshqa jarayonlarda masʼul davlat organlari va jamoatchilikning vakolatlari aniq belgilangan.

Gollandiya, Finlyandiya, Germaniya va Buyuk Britaniya kabi davlatlarda esa milliy qonunchilik bilan bir vaqtning oʻzida mazkur sohada milliy strategiyalar ham qabul qilingan. Unda mamlakatning narkologik kasalliklar va ichkilikbozlik boʻyicha koʻrsatkichlarini oʻrta yoki uzoq muddatlarda yaxshilanishiga doir amalga oshirilishi lozim boʻlgan ustuvor vazifalar ifoda etilgan.

Yuqoridagilarga asoslangan holda aytish joizki, Qonunning hayotga tatbiq etilishi, birinchidan, narkologik xizmat koʻrsatish, narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash sohasida vakolatli davlat organlari va jamoatchilik tomonidan amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlarning tizimlashtirilishi va samarali huquqiy asoslarning yaratilishiga xizmat qiladi.

Ikkinchidan, narkotik moddalar noqonuniy savdosini keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan omillarga qarshi kurashish borasida yangi huquqiy mexanizmlar shakllantirilishiga olib keladi.

Uchinchidan, Qonunda belgilangan normalar nafaqat narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash, balki davolanib chiqqan shaxslarning reabilitatsiyasi, yaʼni jamiyatga qayta qoʻshilib, oʻz yoʻlini topib ketishi uchun qonuniy kafolatlarni yaratadi.

Toʻrtinchidan, voyaga yetmaganlar, yoshlar va oʻquvchilar orasida narkologik kasalliklar profilaktikasini, ayniqsa, samarali tarzda 3 bosqichli tizim asosida tashkil etilishiga asos boʻladi.

Qonunni amaliyotga tatbiq etish narkologik kasalliklarni keltirib chiqarayotgan asl sabablarni aniqlash, narkologik kasallikka chalingan shaxslarning samarali reabilitatsiya qilinishi hamda sohadagi ishlarning tizimli tashkil etilishiga olib keladi.

Jumanazar OTAJONOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasi aʼzosi,

Amirbek KENJAYEV,
Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti yetakchi ilmiy xodimi.