Toshkent viloyatida giyohvandlik va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarining noqonuniy aylanishiga qarshi tezkor tadbirlar davom etmoqda. Viloyat IIBB xodimlari tomonidan DXX hududiy boshqarmasi hamda tuman huquqbuzarliklar profilaktikasi xodimlari hamkorligida Yuqori Chirchiq tumanida navbatdagi tezkor tadbir o‘tkazildi.
Unda 20-26 yosh orasidagi 4 nafar shaxs tumanning Nurafshon mahallasidagi vaqtincha ijaraga olingan xonadonda qo‘lbola usulda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini tayyorlash maqsadida “narkolaboratoriya” tashkil etgani aniqlandi. Gumonlanuvchilar protsessual tartibda ushlandi. Tekshiruvlar davomida ushbu manzildan 3 kilogramm “pregabalin”, 25 kilogramm “trilon”, 20 litrlik idishlarda suyuqlik va prekursorlar, bo‘sh kapsulalar hamda 3 ming dona bo‘sh flakon topildi. Barchasi ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.

Surishtiruv davomida gumonlanuvchilar laboratoriyani tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalarni internetdagi narkodo‘kon kuratorlaridan olib, ularning moliyaviy ko‘magida ish yuritgani aniqlandi. Dastlabki ma’lumotga ko‘ra, musodara qilingan moddalarning “qora bozor”dagi qiymati 300 ming AQSH dollarini tashkil etib, 50 mingdan ortiq dozadagi dorilar tarqatilishining oldi olindi.

Holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
A. Musayev, O‘zA