English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Narkojinoyatlar va giyohvandlik vositalari aylanishiga qarshi kurashishda xalqaro kuchlar birligi kuchaytiriladi
13:16 / 2025-12-06

O‘zbekiston Respublikasi raisligida giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish bo‘yicha Markaziy Osiyo mintaqaviy axborot muvofiqlashtirish markazi (MOMAMM)ga a’zo davlatlarning Milliy muvofiqlashtiruvchilari kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi, MOMAMM kotibiyati va BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining (BMT NJB) Afg‘oniston, Markaziy Osiyo, Eron  va Pokistondagi mintaqaviy vakolatxonasi hamkorligida tashkil etilgan tadbir “MOMAMM 2.0: Mintaqada xavfsizlik va barqaror rivojlanishni ta’minlashda tashkilot salohiyatini oshirish” mavzusiga bag‘ishlangandi. 

Nufuzli anjuman keng doirada – SHHT, YeXHT, KXSHT, MDH davlatlari kengashi, EAG (Yevroosiyo Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti), GSS (Arab hamdo‘stlik kengashi) kabi xalqaro  tashkilotlar vakillari, O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus va xorijiy OAV vakillari, shuningdek Markaziy Osiyo mamlakatlari, AQSH, Germaniya, Belarus, Eron va boshqa davlatlarning huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlari ishtirok etadi. 

MOMAMM direktori va tomonlar Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi joriy narkovaziyat hamda hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha takliflarni taqdim etdi.

BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (BMT NJB), AQSH Davlat departamentining Narkotiklarga qarshi kurash va huquqni muhofaza qilish bo‘yicha xalqaro byurosi (INL), Afg‘oniston elchixonasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti vakillari ham o‘z ma’ruzalari bilan chiqish qildi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda 2025-2026 yillarga mo‘ljallangan “Giyohvandlikka qarshi kurash va narkojinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha” Milliy dastur taqdimoti o‘tkazildi. 

Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlari va  ularning hamkorlari bilan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning noqonuniy aylanmasi bilan bog‘liq zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashdagi sa’y-harakatlarini birlashtirishga qaratilgan qo‘shma deklaratsiya qabul  qilindi.

Tor doirada o‘tgan yig‘ilishda MMK rahbarlari va mutaxassislari ishtirok etdi. Unda MOMAMMning faoliyatini takomillashtirish va uning institutsional salohiyatini oshirish masalalari, 2026 yil uchun Tadbirlar rejasini (“Yo‘l xaritasi”) tasdiqlash, MOMAMM budjetini shakllantirish, shuningdek tashkilot doirasida hamkorlikni yanada kuchaytirish bo‘yicha  alohida takliflar muhokama qilindi.

Samarqandda bo‘lib o‘tgan MMK yig‘ilishi mintaqaviy giyohvandlikka qarshi hamkorlikni mustahkamlash va Markaziy Osiyoda xavfsizlik hamda barqaror rivojlanishni ta’minlash bo‘yicha asosiy muvofiqlashtirish mexanizmi sifatida muhim qadam bo‘ldi.

Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish joizki, Markaziy Osiyodagi narkovaziyatni monitoring qilish orqali bir qator tashvishli tendensiyalar aniqlangan. Bular orasida giyohvandlik vositalarini musodara qilinishi hajmining oshishi, yangi sintetik moddalar paydo bo‘lishi va ularning tarqatish usullari yanada takomillashgani qayd etildi.

So‘nggi 5 yil ichidagi rasmiy statistika narkovaziyatning yomonlashayotganini ko‘rsatmoqda. Bu holat kontrabanda oqimlari va sintetik narkotiklarning keng tarqalishi bilan bog‘liqdir.

MOMAMMga a’zo davlatlarda ushbu davr mobaynida: umumiy narkojinoyatlar soni 51,8 foizga, musodara qilingan narkotik moddalar hajmi 139,2 foizga, sintetik narkotiklar musodarasi 63,2 foizga ortgan.

Mazkur ma’lumotlar transmilliy narkojinoyatchilikka qarshi kurashishda xalqaro hamkorlikni yanada kuchaytirish va sa’y-harakatlarni uyg‘unlashtirish zarurligini tasdiqlaydi.

O‘z mandatiga muvofiq, MOMAMM giyohvandlik vositalari savdosiga qarshi qo‘shma xalqaro operatsiyalar, jumladan, nazorat ostidagi jo‘natmalarni yetkazib berilishini  tashkil etish, o‘tkazish va muvofiqlashtirishda ko‘maklashib, transmilliy narkojinoyatchilikka oid ma’lumotlarni to‘plash, saqlash, himoya qilish, tahlil qilish va almashish faoliyati bilan shug‘ullanadi.

2025 yil sentyabr oyidan boshlab MOMAMMga O‘zbekiston Respublikasi raislik qila boshladi. Markaz o‘z faoliyati davomida 85 dan oriq narkotiklarga qarshi operatsiyalarni, jumladan, xalqaro nazorat ostidagi yetkazib berish operatsiyalarini muvofiqlashtirgan. Natijada 7,5 tonnadan ortiq narkotiklar musodara qilindi. 62 tonnadan ziyod prekursorlarning noqonuniy muomalasiga chek qo‘yildi. 122 nafar uyushgan jinoyatchilik guruhlari yetakchilari qo‘lga olindi.

Ushbu natijalar MOMAMMning narkotiklar savdosiga qarshi kurashda muhim mintaqaviy muvofiqlashtirish mexanizmi sifatida faoliyatidagi samaradorlikni aniq namoyon etadi.

Shu bilan birga, sintetik narkotiklar xavfining ortib borayotganini hisobga olgan holda, MOMAMM  BMT NJB bilan hamkorlikda yangi psixofaol moddalar paydo bo‘lishi to‘g‘risida mintaqaviy “erta ogohlantirish tizimi”ni joriy etish bo‘yicha  ish olib bormoqda. Ushbu tizim yangi narko tahdidlarni tezkor aniqlash va oldini olish imkonini beradi.

                                                       Norgul Abduraimova, O‘zA