Yurtimizda Yoshlar ma’naviyati va mamlakat kelajagi uchun eng xavfli illatlardan bo‘lgan giyohvandlikka qarshi keskin kurash davom etmoqda. Uning oqibatlari haqida ko‘plab davlat idoralari, ayniqsa, ta’lim tashkilotlarida batafsil ma’lumotlar berish uchun ochiq seminarlar o‘tkazilmoqda.
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida giyohvandlik va narkojinoyatchilikka qarshi kurashish masalalariga bag‘ishlangan keng qamrovli tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi direktor o‘rinbosari Shavkat Qayumov “O‘zbekiston Respublikasida giyohvandlik va narkojinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha milliy strategiyani amalga oshirishning dolzarb masalalari” mavzusida ma’ruza qildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmonlari asosida tasdiqlangan 2024–2028-yillarga mo‘ljallangan giyohvandlik va narkojinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha milliy strategiyaning ustuvor yo‘nalishlari, uning amaliy ijrosi va ta’lim muassasalari zimmasiga yuklatilgan vazifalar batafsil yoritildi.
Qolaversa, giyohvandlikning yoshlar hayotiga ta’siri haqida ham chuqur tahlillar asosida tushuntirishlar berildi. Ma’ruzachi tomonidan 2024–2025 yillarda respublikada kuzatilgan narkovaziyatga oid statistik ma’lumotlar keltirilib, ayniqsa o‘quvchi va talaba-yoshlar o‘rtasida sodir etilgan narkojinoyatlarning sabablari, ijtimoiy omillari va huquqiy oqibatlari atroflicha tushuntirildi.
Shu bilan birga, ota-onalar, ustozlar hamda yoshlar uchun mo‘ljallangan profilaktik tavsiyalar, giyohvandlikning oldini olishda ta’lim-tarbiya, ma’naviy-ma’rifiy ishlar va ijtimoiy muhitning o‘rni alohida ta’kidlandi.
Tadbirda universitet tyutorlari, respublika miqyosidagi milliy oliy ta’lim muassasalarining Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektorlari, mas’ul xodimlar hamda professor-o‘qituvchilar faol ishtirok etdi.
Yakunda kelgusidagi hamkorlik masalasi ham muhokama qilindi.
Sherbek Islomov, O‘zA