Achinarlisi, jinoyatchilarning 59 nafarini maktab o‘quvchilari, 124 nafarini talabalar tashkil etgan. Shu bois ham yoshlar orasida bu illatga qarshi kurashish kuchaytirilmoqda. Fevral oyida “Yoshlar orasida giyohvandlik va psixotrop moddalarning tarqalishiga qarshi kurashish” keng qamrovli tezkor-profilaktik oyligi o‘tkaziladi.
Tahlillarga ko‘ra, 2025 yilda respublikada huquq-tartibot idoralarining sa’y-harakatlari natijasida giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq 15 ming 412 jinoyat va 1 ming 956 ma’muriy huquqbuzarlik aniqlandi.
Tezkor tadbirlar natijasida 3 tonna 413 kg. narkotik, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasiga chek qo‘yilib, iste’molga chiqib ketishining oldi olingan.
Bu poytaxtimizdagi O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida o‘tkazilgan matbuot anjumanida qayd etildi.
[gallery-27388]
Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi tomonidan Ichki ishlar, Maktabgacha va maktab ta’limi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Yoshlar ishlari agentligi va Mahalla uyushmasi hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda giyohvandlik va narkojinoyatchilik nafaqat milliy, balki, mintaqaviy va global miqyosda xavfsizlik va barqarorlikka jiddiy tahdid solayotgani ta’kidlandi.
Giyohvandlik vositalarining eng ko‘pini “gashish” va “opiy” moddalari tashkil etayotgani, 14 yashirin narkolaboratoriya aniqlanib, ularda saqlangan jami 75 kg. giyohvandlik vositalari va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar musodara qilingani aytib o‘tildi.
Narkojinoyat sodir etgan 11 ming 49 nafar shaxs javobgarlikka tortildi. Achinarlisi, jinoyatchilarning 59 nafarini maktab o‘quvchilari, 124 nafarini talabalar tashkil etgan.
Narkovaziyatni barqarorlashtirish va narkotahdidlarga qarshi kurashishning samaradorligini oshirish maqsadida Prezidentimizning “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Farmon bilan “Giyohvandlik va narkojinoyatlarning barvaqt oldini olish hamda ularga qarshi kurashish bo‘yicha 2025-2026 yillarga mo‘ljallangan kompleks amaliy harakatlar milliy dasturi” tasdiqlandi.
Dasturda fevral oyida “Yoshlar orasida giyohvandlik va psixotrop moddalarning tarqalishiga qarshi kurashish” keng qamrovli tezkor-profilaktik oyligini o‘tkazish vazifasi belgilangan.
Tadbir doirasida mazkur oylikka rasman start berildi. Toshkent shahar hokimligi bilan hamkorlikda “Yoshlar forumi” o‘tkazildi. Unda poytaxt mahallalari yoshlar yetakchilari, xotin-qizlar faollari, ta’lim muassasalarining tarbiyaviy ishlarga mas’ul xodimlari, talabalar, maktablarning inspektor-psixologlari va yuqori sinf o‘quvchilari ishtirok etdi.
Forumni yosh ijodkorlar tomonidan yaratilgan “Badal” qisqa metrajli filmi premerasi ochib berdi. Premerada mualliflar loyihani yaratishga turtki bo‘lgan sabablar, uni suratga olishda qo‘llanilgan kreativ yondashuv, film orqali yoshlarga yetkazmoqchi bo‘lgan asosiy g‘oya haqidagi fikrlarini bayon qildi.
Tadbirda “Antinarko” yoshlar front ofisi taqdimoti o‘tkazildi. Shuningdek, forum davomida Yoshlar ishlari agentligi faollari tomonidan “Mini muzey” va “Blits” qiziqarli savol-javob viktorinalari tashkil etilib, g‘oliblar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Forum yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ularning giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi immunitetini shakllantirish bilan birga mazkur illatlarning salbiy oqibatlaridan ogohliklarini oshirdi.
N.Abduraimova, F.Abdurasulov (surat), O‘zA