Yilning to‘rt faslida ham insoniyatning beixtiyor bahri-dilini ochadigan Surxondaryo viloyatining tog‘li Boysun tumani tabiati kuz faslida turfa ranglarda yanada go‘zal tovlanadi.
Osmono‘par tog‘lar qo‘ynidagi dov-daraxtlar nafis jilolanib, ko‘zlarga quvonch, qalblarga sevinch ulashadi. Ona tabiatga mehrli bo‘lishga undaydi.




Mabodo yo‘lingiz tushib, ertaga Boysun taraflarga kelsangiz, ana shunday tillarang yaproqlar qo‘ynida “Lazzatli Surxon” xalqaro festivalining mehmoni bo‘lasiz. Tumanlar va Termiz shahri pavilonlarida ta’midan bol tomadigan milliy taomlardan tatib ko‘rasiz. Nafis hunarmandlik mahsulotlari va suvenirlar ko‘rgazmasi, “Uzum sayli”, “Olma sayli”, “Anor sayli” kabi an’anaviy bayram tadbirlarida ishtirok etasiz. Tevarak-atrof go‘zalligiga nazar tashlab, ona tabiat janubdagi vohaning gastronomik turizm festivaliga tarovatli, maftunkor manzaralarni in’om etganiga shukrona aytasiz.




Bugun sizlarga ulashayotganimiz Tuman hokimligi axborot xizmati rahbari Yunus Xoliyorov tasvirga olgan ushbu suratlar ham shu kunlarda Boysunni serjilo kuz manzaralari go‘yoki o‘z quchog‘ida ohista erkalayotgandek, boysunliklar esa oltin kuz tarovatidan o‘zgacha zavqu shavq tuyayotgandek taassurot uyg‘otadi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri