Mamlakatimizda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, eng muhimi, yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan izchil chora-tadbirlar yangi bosqichga chiqmoqda.
Prezidentimizning 2025 yil 10 dekabrda qabul qilingan “Naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ana shu maqsadlarga xizmat qilayotgan muhim hujjatlardan biridir.
Ayni kunlarda Jizzax viloyat soliq boshqarmasi xodimlari mazkur farmon mazmun-mohiyatini joylarda amaliy tarzda tushuntirish, tadbirkorlar va aholi orasida keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratmoqda.

Uchrashuvlar, ochiq muloqotlar va tushuntirish tadbirlari davomida naqd pulsiz hisob-kitoblarning iqtisodiy va tashkiliy afzalliklari, yagona QR-kod tizimining imkoniyatlari, shuningdek, tobora yaqinlashib kelayotgan yangi 2026 yildan tajriba tariqasida respublikamizning bir qator hududlarida kuchga kiradigan yangi talablar haqida batafsil tushuntirishlar berilmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, naqdsiz to‘lovlar ulushi oshishi, avvalo, hisob-kitoblarning aniq va shaffof bo‘lishini ta’minlaydi. Bu esa soliq tushumlarining barqaror o‘sishi, soya iqtisodiyotining qisqarishi hamda tadbirkorlik faoliyatida adolatli raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.

Xususan, yagona QR-kod orqali to‘lov qilish tizimi tadbirkorlar uchun qo‘shimcha qulaylik yaratib, xaridor va sotuvchi o‘rtasidagi hisob-kitoblarni soddalashtiradi, ortiqcha qog‘ozbozlik va inson omilini kamaytiradi.
Mutaxassislar fikricha, 2026 yildan joriy etiladigan yangi talablar biznes sub’ektlarini zamonaviy moliyaviy texnologiyalarga moslashishga undaydi. Bu jarayonda soliq organlari tomonidan olib borilayotgan targ‘ibot-tushuntirish ishlari muhim ahamiyat kasb etib, tadbirkorlarning qonunchilikdagi yangiliklarni to‘g‘ri anglashi va amalda qo‘llashiga xizmat qilishi shubhasiz desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Eng muhimi, mazkur farmon ijrosidan ko‘zlangan asosiy maqsad – tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, biznesni “soya”dan chiqarishni rag‘batlantirish, soliq intizomini mustahkamlash hamda barcha uchun teng, ochiq va ishonchli iqtisodiy muhit yaratishdan iborat.
Shu ma’noda Jizzax viloyatida olib borilayotgan izchil targ‘ibot ishlari nafaqat farmon ijrosini ta’minlash, balki aholining moliyaviy madaniyatini yuksaltirish, naqdsiz iqtisodiyotga o‘tish jarayonini tezlashtirishga ham xizmat qilmoqda.
Qisqasi, naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirishga qaratilgan bu kabi amaliy choralar mamlakat iqtisodiyotining barqaror rivojlanishi, yashirin iqtisodiyot ulushining keskin qisqarishi va tadbirkorlar uchun yanada qulay biznes muhitini shakllantirishda muhim omil bo‘lib qolmoqda.
A.Qayumov (surat), O‘zA muxbiri