Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Naqd pulsiz hisob-kitob qilgan iste’molchilar rag‘batlantirilishi mumkin
12:41 / 2022-01-19

Kundalik ehtiyojdan kelib chiqib, mahsulotlar xarid qilamiz, xizmatlardan foydalanamiz.

Shu o‘rinda iste’molchi sifatida bizdan qonun bilan muhofaza etiladigan huquqlarimizni bilish va ularni amalda qo‘llay olish talab etiladi. Bu, o‘z navbatida, ishlab chiqaruvchi, sotuvchi (xizmat ko‘rsatuvchi)larning mas’uliyati oshishiga ham sabab bo‘ladi.

Mamlakatimizda iste’molchilar huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasi Konstitutsiyamiz, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun, Fuqarolik kodeksi va boshqa qonun hujjatlari bilan kafolatlangan. Mazkur hujjatlar iste’molchilarning sotuvchilar va xizmat ko‘rsatuvchilar bilan o‘zaro munosabatlarini qamrab olgan bo‘lib, ularning huquqlari davlat tomonidan himoya qilinishini ta’minlaydi.

Joriy yil 18 yanvarda davlatimiz rahbari tomonidan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun  imzolandi.

Kiritilgan qo‘shimchalarga muvofiq, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) haqidagi, savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalariga oid ma’lumot iste’molchiga davlat tilida beriladi. Tovarda (ishda, xizmatda) nuqsonlar borligi va uning normativ talablarga muvofiq emasligi aniqlanganda, sotuvchi mazkur nuqsonlarni aniqlash uchun tekshirish o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarni to‘liq qoplashi kerak.

Qonun bilan tovarlarni axborot tizimlari orqali realizatsiya qilishda iste’molchi huquqlarini himoya qilish tartibi belgilandi. Unga ko‘ra, axborot tizimlari orqali tuzilgan shartnoma bekor qilinganda, sotuvchi iste’molchiga tovarni qaytarib berish joyi to‘g‘risida xabar berishi kerak.

Iste’molchining aybisiz yetkazilgan shikastlantirishlar, shuningdek, tovarni ko‘zdan kechirish va uni tekshirib ko‘rish maqsadida qadog‘ini ochish sababli tovar qiymatining pasayishi iste’molchini shartnomani bekor qilish huquqidan mahrum etmaydi (yuqoridagi tartiblar 3 oydan so‘ng kuchga kiradi).

Tovarlar uchun haq to‘lash shakliga qarab (naqd pulli yoki naqd pulsiz) tovar narxini oshirish yoki pasaytirish taqiqlanadi. Tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun naqd pulsiz haq to‘langanda, iste’molchilarga rag‘batlantirishlar berilishi mumkin.

Mazkur hujjat davlat va nodavlat tashkilotlarining iste’molchilar huquqlarini himoya qilish borasida hamkorligini samarali yo‘lga qo‘yish, ta’sirchan mexanizmlarni yaratish yurtimizda inson manfaatlarini ta’minlash, iste’mol madaniyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA