Namangan viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov boshchiligidagi Ishchi guruhi har kuni tumanlarda bo‘lib, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, infratuzilmani yaxshilish, aholi farovonligini oshirishga qaratilgan amaliy sa’y-harakatlarning borishi bilan yaqindan tanishmoqda.
Navbatdagi o‘rganishlar viloyatning qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasi bilan chegaradosh hududlaridan biri Yangiqo‘rg‘on tumanidagi Nanay qishlog‘ida olib borildi. Unda asosan turizm salohiyatini yanada yuksaltirish bo‘yicha amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan istiqbolli loyihalar ko‘zdan kechirildi.
Ta’kidlash joiz, Nanay o‘zining hurviqor tog‘u adirlari, betakror tabiati, fusunkor havosi bilan har qanday kishini o‘ziga rom etadigan, mamlakat ichki turizmida o‘ziga xos o‘ringa ega Farg‘ona vodiysidagi go‘zal turizm qishloqlaridan biri hisoblanadi. Qishloq markazi bundan ikki yil avval “Obod qishloq” davlat dasturi asosida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari natijasida obod maskanga aylandi. bugungi kunda Nanay qishlog‘ida hozirda 130 ga yaqin uy mehmonxonasi, dam olish zonalari, milliy taomlar tayyorlanadigan oshxonalar va kempinglar dam oluvchilarga xizmat ko‘rsatmoqda.
Endigi vazifa esa qishloqning chekka joylarigacha e’tibor qaratib, hududni chin ma’noda turizm qishlog‘iga aylantirish lozim. Bu borada tadbirkorlik sub’ektlarining mablag‘lari hamda tijorat banklarining kreditlari asosida amalga oshiriladigan bir qator istiqbolli turizm loyihalari – dam olish maskanlari, oilaviy mehmon uylari kabi ob’ektlarini barpo etish orqali aholi hamda turistlarga xizmatlar turlarini kengaytirish muhim ahamiyatga ega. Darvoqe, Namangan viloyati hokimining 2023-2024 yillarda Yangiqo‘rg‘on tumani Nanay qishlog‘ining turizm salohiyatini jadal rivojlantirish to‘g‘risidagi tegishli qaroriga asosan Nanay turizm manziliga aylantirilmoqda.
Mazkur qarorga ko‘ra, 150 dan ortiq oilaviy mehmon uylari, 20 ga yaqin gastronomik xonadonlar, aholi xonadonlarida milliy hunarmandchilik ustaxonalari faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda infratuzilmalarni yaxshilash belgilangan. Loyihalarning to‘liq amalga oshirilishi natijasida 400 dan ortiq yangi ish o‘rni va qo‘shimcha xizmatlar ko‘rsatishga erishiladi. Tashrif buyuruvchilarga qo‘shimcha turizm xizmatlari va qulayliklar yaratish maqsadida yaqin ikki yilda Nanaydagi turizm maskanini modernizatsiya qilish maqsadida selfi hududlari, avtoturargohlar, suzish havzalari, yirik dam olish maskanlari quriladi.
Mavsumda eng ko‘p dam oluvchilarni o‘ziga jalb etadigan Do‘stlik va Soybo‘yi mahallalari hududida zamonaviy shaharsozlik loyihalari asosida rejalashtirilayotgan obodonlashtirish va qayta qurish loyihalari viloyat rahbarida katta qiziqish uyg‘otdi. Bu yerda umumiy qiymati 9 milliard 800 million so‘mga teng beshta obodonlashtirish va qayta qurish loyiha takliflari ishlab chiqilgan. Jumladan, 800 million so‘m evaziga "ekopark", yana shuncha mablag‘ evaziga sport maydonlari hamda 1 milliard 700 million so‘m hisobiga ikkita suzish havzasi hamda “salomatlik yo‘laklari” ni bunyod etish loyihalari hududning turistik salohiyatini yanada oshirish imkonini beradi. Ishchi guruhi tomonidan loyihalar doirasidagi qurilish ishlari jarayonida yashillikni ko‘paytirish, ya’ni, ob’ektlar atrofiga sasna daraxtlari, atirgullar ekish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Shu joyning o‘zida viloyat hokimi bilan muloqotda oqsoqollar tomonidan mazkur manzilda o‘quvchilar o‘tishi uchun ko‘prik hamda energiya samaradorligini oshiruvchi kichik gidroelektrostansiyalar qurish taklifi ilgari surildi.
Shavkat Abdurazzoqov mehnat faxriylariga bu borada davlatimiz rahbari tomonidan o‘tkazilgan videosellektorda reja ishlab chiqilganligi va tez orada qurilish ishlari boshlanishini bildirildi. O‘rganish davomida Nanaydagi Do‘stlik, Soybo‘yi va Zarbdor mahallalaridan oqib o‘tuvchi “Podshoota” soyining qirg‘og‘ida 1155 metr uzunlikdagi yo‘l bo‘ylarida barpo etilayotgan basseyn, sport maydonchalari va madaniy dam olish sayilgohi loyihasi bilan tanishildi.
Ma’lumot o‘rnida, Podshoota soyi Chotqol tog‘laridan boshlanuvchi tabiiy suv irmog‘i. Soyning eni 50-200 metrgacha, uzunligi qo‘shni Qirg‘izistondan boshlanganda 130 kilometr, Nanay qishlog‘idan o‘tgan qismi 1300 metr, Nanay-Zarkent qismi 14 kilometrni tashkil etadi. Soy qishloq yonida tog‘ orasidan chiqib, katta yoyilma hosil qiladi. U qor, yomg‘ir, yer osti suvlari va muzliklardan to‘yinadi. Tabiiy imkoniyatlar turizm istiqbolidir.
Darhaqiqat, so‘lim tabiat bo‘lsa bor, yozda soya-salqin, qishda qor yog‘adi, muzday suvning harorati ayni yozning jaziramasida kishiga rohat bag‘ishlaydi. Bunday maftunkor iqlimda sayyohlarga qulayliklar, ya’ni, sport bilan shug‘ullanish, chiroyli tabiatdan bahramand bo‘lish uchun eng avvalo, esda qoladigan daqiqalarni bir umrga muhrlay olishga zarur sharoitlar kerak.
[gallery-10924]
Viloyat hokimi bundan bir yil avval Nanay qishlog‘iga borganda hududning “qon tomiri” bo‘lgan “Podshoota” soyi qirg‘oqlarida “salomatlik yo‘lakchasi”ni barpo etish taklifini bildirgan edi. Mazkur o‘rinli taklif bugungi kelib izchil tadbiq etilib, ushbu maskanda zamonaviy shaharsozlik loyihalari asosida ikki kilometr uzunlikdagi ana shunday yo‘lakcha barpo qilindi. Bu joylarni ko‘zdan kechirgan viloyat rahbari tuman hokimligi hamda sektor rahbarlariga yo‘lakning ikki yonida bog‘ barpo etish, turli noqonuniy qurilmalarni bartaraf qilish vazifasini topshirdi.
Mazkur maskanada yaqin orada loyihaga muvofiq velosiped, piyodalar yo‘lagidan tashqari, “Vork aut” maydoni, velosiped turargohi, o‘rindiqlar, tungi yoritish chiroqlari, sport maydonchalari, dam olish shiyponchalari hamda selfi maydonchalarining faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Navbatdagi manzil Soybo‘yi mahallasida xususiy tadbirkor Alisher Kamolov tomonidan barpo etilgan mehmonxona bo‘ldi. Buning uchun tashabbuskor tomonidan o‘ziga qarashli 30 sotix yer maydonida bunyodkorlikka qo‘l urilgan. 8 milliard so‘mlik turizm loyihasining ishga tushishi bilan uch kishi ish o‘rniga ega bo‘ldi. Bu so‘lim joyda xizmat ko‘rsatish quvvati 50 o‘rinni tashkil etadi. Zamonaviy dizayn asosida barpo etilgan majmuada chet ellik mehmonlar uchun ham sharoitlar yetarli. Sayyohlar oqimini oshirish uchun mehmonxona imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Nanayning Ko‘ksaroy hududi mavjud maskanlar hamda yangi loyihalar evaziga turistik salohiyatni yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ayni shu boisdan viloyat hokimi boshchiligidagi ishchi guruhi istiqbolli loyihalar ijrosiga e’tibor qaratdi.
Jumladan, Zarbdor mahallasida “Chinor savdo” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan mehmonxona, Soybo‘yi mahallasidagi "Ko‘ksaroy sayyoh" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan dam olish maskanini modernizatsiya qilish, shuningdek, uning negizida "Tourist center Golden House” oilaviy korxonasida dam olish, davolanish, mehmonxona, suzish havzasini barpo etish, "Do‘stlik" mahallasida "Oxu" oilaviy korxonasi tomonidan xizmat ko‘rsatish hamda dam olish maskanini tashkil etish loyihalarini hayotga tadbiq etish ko‘zda tutilmoqda. Bunday xayrli rejalar ishga tushirilganidan so‘ng 100 ga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Viloyat rahbari taqdimotda tegishli mas’ul mutasaddilarga mazkur loyihalarni tez fursatlarda amalga oshirish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi. Shuningdek, Suybo‘yi mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi kanaldan unumli foydalangan holda hudud atrofini ko‘kalamzorlashtirish ishlarini olib borish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi.
– Nanayda turizmni rivojlantirish salohiyati yuqori, turistlar uchun barcha sharoitlarni o‘z ichiga olgan konseptual yondashuvlar kerak, – dedi viloyat rahbari Shavkat Abdurazzoqov. – Biz mablag‘, kommunal ta’minot, energiya manbalariga ulanish kabi masalalarni o‘z o‘rnida hal qilib berishga tayyormiz. Tashabbuskorlardan shunga yarasha xohish va harakat talab etiladi.
Ishchi guruhi a’zolari turizm loyihalarini o‘rganish chog‘ida Qayroqi mahallasi hududidagi “Lalmikor" ko‘chasida to‘xtadi. Bu yerdagi ayrim achinarli holatlar, ya’ni xonadon sohiblarining beparvorligidan ranjigan viloyat rahbari hukumat tomonidan chekka hududlar infratuzilmasini yaxshilash borasida olib borilayotgan islohotlarga javoban aholi ham uyg‘onishi, devorlarini oqlash, xonadonini tartibga solish, tomorqadan oqilona foydalanish bo‘yicha amaliy ishlarga kirishmog‘i zarurligini ta’kidladi.
–Prezidentimiz yaratib bergan imkoniyat va mablag‘lar evaziga asosiy e’tiborni chekka hududlarga qaratyapmiz. Chegara hudud bo‘lgan Nanayda yo‘llarni obodonlashtirish, tungi yoritish singari infratuzilma ishlari uchun 11 milliard so‘mga yaqin mablag‘ sarflandi. Birgina, Qayroqi mahallasida 11 kilometr ichki ko‘chalar asfaltlandi, yoritildi va obodonlashtirildi. Shunday ekan, qars ikki qo‘ldan chiqishi kerak, – dedi viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov. – Agar bilsangiz, hatto Namangan shahridagi aksar markaziy ko‘chalarimizda ham bunday sharoitlar yo‘q. Mahalladagi beshlik bor, odamlarimiz o‘z uyiga, tomorqasiga qarashi, xonadonidan mahsulot olishi kerak. Uy dang‘illama, lekin devor yo‘q. Aholi xonadonlari ta’mirlanishi, ko‘rkam holatga keltirilishi lozim. Bu bo‘yicha tuman hokimi, sektor rahbari, mahalla fuqarolar yig‘inining raisidan tortib, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisigacha amaliy ish qilishi shart. Tuman va mahalla rahbarlaridan so‘rov qattiq bo‘ladi.
Ishchi guruhi o‘rganish davomida shuningdek, Yangiqo‘rg‘onning Qizilyozi mahallasi hududida tashkil etilayotgan yozgi cho‘milish havzasi loyihasi bilan ham tanishdi. Bosh rejaga ko‘ra, umumiy qiymati 1 milliard 350 million so‘mga teng mazkur inshoot 1,5 gektar maydonda barpo etiladi. Undan suzish havzasi, soyabon, yengil konstruksiyali dush va hojatxona, avtoturargoh o‘rin oladi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.