English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namunaviy uylarda ahvol namunalimi?
18:35 / 2021-12-02

Inson borki, uy solsam, to‘y qilsam degan ezgu niyatda yashaydi. Namunaviy loyihalar asosida qurilayotgan hovli-joylar esa odamlarning ana shunday orzularining amaldagi ijobati desak, yanglishmagan bo‘lamiz.

O‘z nomi bilan namuna bo‘layotgan bunday oshyonlarning inson ehtiyoji uchun barcha qulayliklarga egaligi odamlarning turmush tarzini yaxshilashga xizmat qilmoqda. Biroq afsuski, hamma joyda ham shart-sharoitlar bir xil emasligi, aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

– Hovli joyni obod qilib, yashnataylik desak suv yo‘q, uylarga isitish moslamalari qo‘yilganu mana yillar davomida sovuq xonalarda yashayapmiz, bolalarimizning 3-4 kilometr masofa bosib maktabga borayotganini esa gapirmasak ham bo‘ladi, – deydi tahririyatimizga murojaat yo‘llagan fuqarolar kuyinchaklik bilan.

Nishon tumanining Otquduq massividan yo‘llangan murojaat ortidan aholi bilan suhbatlashish maqsadida o‘sha manzilda bo‘ldik. Tuman markazidan ancha olisda bo‘lgan hududdagi ushbu massivda 40 ga yaqin xonadon mavjud. Odamlar ta’kidlaganidek, uylar qurilayotganda ularga shart-sharoitlar to‘g‘risida katta-katta va’dalar berilgan. Biroq mana 5 yilga yaqin vaqt o‘tibdiki, va’dalarni bajarilishidan darak yo‘q.

– 2016 yildan buyon shu hududda yashab kelamiz, – deydi Nizomiddin Shoyimov. – Namunali uy degan bilan hech bir jihatdan namunali joyi yo‘q. 2016 yildan beri quruvchilar ham, pudratchi tashkilotlar ham deyarli qaragani yo‘q. 

Masalan, elektrni ham o‘zimiz xarajat qilib tortib keldik. Gazimiz, suvimiz yo‘q. Qish kunlari elektr toki tez-tez o‘chadi. Isitish qiyin. Shuning uchun uylarni kreditga olgan fuqarolarning ko‘pchiligi noilojlikdan qish kunlari ijara asosida tuman markazidagi ko‘p qavatli uylarga chiqib ketadi. 

Ham ijara pulini, ham kreditni to‘laymiz. Noiloj farzandlar uchun shunday qilishga majburmiz. Kechqurun kirakashlik qilamiz. Nishon tuman hokimidan umuman ko‘nglimiz to‘lmadi. 18 marta shu hududga keldi. Faqat va’da berib ketadi xolos. Ikki yil oldin gaz tortib kelamiz, suv olib kelib beramiz degandi. Lekin hech birini ijrosi ta’minlanmadi. Xullas yashash uchun kurashib yotibmiz. 

Tashkilotchilarga ham aytyapmiz. Bizga gazni ruxsatini olib beringlar, o‘zimiz xarajat qilib tortib olamiz desak, keladi, o‘rganadi, «sizlarga mumkin emas ekan» deydi. Mumkin bo‘lmasa, bu uylarni shunchaki tok bilan isitib bo‘lmaydida. Boshida shunaqa shart qo‘yganda bu uylarni hech kim olmasdi. 

Gazi, sveti, suvi bo‘lmaydi deganda men ham olmasdim bu uyni. Bizga dastlab ushbu massivda 200 ta kottej quriladi degandi. Bu birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan 2016 yilda qurilgan edi. O‘sha yillarda 37 ta birinchi blogi qurildi. Tamom shu bilan ish to‘xtadi.

– Aytiladigan muammolar juda ko‘p, – deydi Aziza Usmonova. – Qishda uylarimiz sovuq. Gaz yo‘q. Svet ham qishda ko‘p o‘chadi. Ichimlik suvini 100 ming so‘mdan sotib olamiz. Olgan oyligimizning katta qismi uyning kreditini to‘lashga ketadi. 

Hududimiz uchta zavodning o‘rtasida joylashgan. Shu bois ekologiya yaxshimas. Havoni tozalash uchun o‘zimiz daraxt ko‘chatlari ekmoqchi bo‘lamiz, lekin buning uchun oqova suv kerak. Bu yerda u ham yo‘q. Xullas inson qadri tobora ulug‘lanayotgan bir paytda mana shunday og‘ir sharoitda yashayapmiz.

Fuqarolarning ta’kidlashicha, mavjud muammolardan mutasaddilar yaxshigina xabardor. Hatto bir necha bor ular muammolarni o‘rganish maqsadida hududda bo‘lgan. Murojaatni o‘rganarkanmiz, massivning shundoq yonidagi temir yo‘l liniyasiga e’tibor qaratdik. 

Atrofi to‘siqlar bilan himoyalanmagan. Qolaversa, katta yo‘l yoqasida joylashgani uchun ota-onalar bolalarining emin-erkin yo‘ldan o‘tib olishlarini ham xavotir bilan kuzatishga majbur.

– Ayniqsa bolalarimiz uchun hech qanday sharoit yo‘q, – deydi Sayyora Rahmonova. – Biz ham farzandlarimizning bilimli bo‘lishini istaymiz. Farzandlarimiz 2-3 kilometr bosib Nuriston shaharchasidagi maktabga qatnaydi. Ularga yo‘l kira berishimiz kerak. Eng yomoni ularning qatnashi juda xavfli. Mashinalar ham katta tezlikda o‘tadi. 

Massivning to‘g‘risida tezlikni cheklash to‘g‘risidagi yo‘l belgisini o‘rnatib berish bo‘yicha ham bir necha bor murojaat qildik. Lekin natija yo‘q. Hatto bekat ham yo‘q, mashina kutishga. Massivning yonidan poyezd yo‘li ham o‘tgan. O‘tgan yili qishda bir qizaloqni poyezd urib ketib, vafot etdi. 

Dalani kesib o‘tsa qishda loy, yozda chang, xullas ular maktabdan kelguncha yuragimizni hovuchlab o‘tiramiz. Biz ham insonmiz barcha qatori yashagimiz keladi, qup-quruq cho‘lni o‘rtasida bir to‘pgina bo‘lib ajralib qolganmiz. Na bolalar maydonchasi, na maktab, na bog‘cha bor. Kechasi ko‘chaga chiqqani qo‘rqasiz. To‘rt tomon dashtlik.

Muammolar xususida mutasaddilardan izoh olish maqsadida tuman hokimligida bo‘ldik.

– Haqiqatdan ham Otquduq massivida 2015 yilda loyiha asosida 30 ta kottej qurilgan bo‘lsa, 2016 yilda 7 ta kottej qurilgan, – deydi tuman hokimligi qurilish bo‘limi mutaxassisi Ismatilla Meyliyev. 

– Haqiqatdan ham uylar namunaviy loyihalar asosida qurilgan bo‘lsada, tabiiy gaz yo‘q, ichimlik suv hovuzlarda tashib ichiladi. Hozirda fuqarolar irrigatsiya suvini so‘rayapti. Bir nechta loyiha bo‘yicha takliflarni berib ko‘rdik. Quvur orqali tortib kelish katta mablag‘ talab qilgani bois hududni o‘zidan yer osti qudug‘i qurib berish bo‘yicha loyihalarni qilyapmiz. 

Hozirda ekin tekin uchun yaraydigan suv qancha pastlikda borligini aniqlash bo‘yicha ishlar ketyapti. Nasib bo‘lsa, quduqlar keyingi yilning bahor oylariga qurib beriladi. Qolgan masalalar bo‘yicha ham o‘rganishlar olib borilgan. 

Tegishli xulosalar berilgan. Endilikda massivning atrofidagi yerlar auksion asosida sotilyapti. Shu ishlar rivojlanib, massiv atrofida yangi xonadonlar hovli-joylar qurib ko‘chib borsa, ya’ni massiv kengaysa, maktab, bog‘cha kabi inshootlar o‘sha hududning o‘zida ham quriladi.

Ochig‘i mutasaddining bu izohiga ishonishga harakat qildik. Ammo aholi loyihalar haqida eshitishdan emas, amaliy harakatlardan umidvor. Zero, ular ta’kidlaganidek, namunaviy uylarda namunadagidek yashashni istashadi.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA