Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namunali harbiy oila — mustahkam jamiyat tayanchi
20:24 / 2026-02-05

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugining Nukus garnizonida joylashgan harbiy qismda Mudofaa vazirligi tizimida an’anaga aylangan, harbiy oilalardagi ayollarning o‘rni va mavqeini yuksaltirishga qaratilgan “Men namunali harbiy oila bekasiman” shiori ostidagi “Balli ayollar” ko‘rik-tanlovining harbiy qism bosqichi o‘tkazildi.

Mazkur tanlovda harbiy xizmatchilar oilalarida hukm surayotgan totuvlik, o‘zaro hurmat va milliy qadriyatlarga sadoqatni namoyon etish, shuningdek, harbiy xizmat ortida turgan fidokor ayollarning jamiyatdagi muhim o‘rnini, balki oilaning ma’naviy tayanchi, farzandlar tarbiyachisi va jamiyatda faol ayol ekanliklarini namoyish etdilar.

Ko‘rik-tanlov to‘rt shart asosida tashkil etildi. Har bir shart harbiy oila bekasining turli jihatlarini — epchilligi, zukkoligi, ijodkorligi, milliy urf-odatlarni bilishi va oiladagi ayolning beqiyos o‘rnini ochib berishga xizmat qildi. Ishtirokchilar sahnada o‘zlarini ishonch bilan tutib, har bir topshiriqni mahorat bilan bajarib, o‘zbek ayoli nimalarga qodir ekanini yana bir bor isbotladilar.

Tanlov davomida ishtirokchilarning milliy libosdagi chiqishlari, pazandalik va uy-ro‘zg‘or ishlariga oid mahoratlari, sahna madaniyati hamda nutqiy chiqishlari hakamlar hay’ati va tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi. Ayniqsa, harbiy xizmatchining ishonchli suyanchi bo‘lib kelayotgan ayollarning sabr-toqati, sadoqati va ma’naviy yetukligi tadbirning bosh g‘oyasiga aylandi.

Tadbir nafaqat bellashuv, balki samimiy bayram, mehr-oqibat va o‘zaro hurmat tantanasi bo‘ldi. Har bir ishtirokchi o‘z oilasi sha’ni, harbiy libos ortidagi mas’uliyat va ayolga xos latofatni uyg‘un tarzda namoyon etdi.

Yakunda hakamlar hay’ati tomonidan barcha shartlar bo‘yicha yuqori natija ko‘rsatgan g‘olib harbiy oila bekasi aniqlanib, u Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi bosqichida ishtirok etish uchun yo‘llanma bilan taqdirlandi. Shuningdek, tanlovda qatnashgan barcha ayollarga esdalik sovg‘alari va faxriy yorliqlar topshirildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri