Urganch shahrining Kamolot mahallasida joylashgan 42-son maktabgacha ta’lim tashkiloti nafaqat shahar, balki viloyat miqyosida ham namunali ta’lim muassasasi sifatida e’tirof etilmoqda.
Muassasa faoliyati “O‘zbekiston Respublikasining ilk va maktabgacha yoshdagi bolalar rivojlanishiga qo‘yiladigan davlat talablari” hamda takomillashtirilgan “Ilk qadam” davlat o‘quv dasturi asosida yo‘lga qo‘yilgan. Ta’lim jarayonida zamonaviy pedagogik texnologiyalar va interfaol usullardan samarali foydalanilmoqda.
Ayni paytda qariyb 200 nafar tarbiyalanuvchi ta’lim-tarbiya olayotgan muassasada 15 nafar oliy ma’lumotli pedagog faoliyat yuritadi.
– Amaliy va nazariy seminarlar, metodik mahorat soatlari muntazam tashkil etiladi, – deydi muassasa direktori Saida Utekova. – Mashg‘ulotlar interfaol usullarda olib borilib, o‘zbek, rus va ingliz tillarida tashkil etilmoqda. Bu bolalarning mustaqil fikrlashi, til o‘rganishi va ijodkorligini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Muassasada har bir bolaning shaxsiy rivojiga alohida e’tibor qaratilgan.
– Biz uchun har bir bola alohida olam, – deydi tarbiyachi Tamara Baburina. – “Faollik markaz”lari orqali bolalarning mustaqil fikrlashi qo‘llab-quvvatlanadi. Ular mashg‘ulotlarda faol ishtirok etib, sahna ko‘rinishlari va ijodiy chiqishlarda qatnashadi.
Guruh xonalari bolalarning yoshi va psixologiyasiga mos jihozlangan. Zamonaviy ko‘rgazmali vositalar ta’lim samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Muassasa jamoasi o‘tgan yili shahar miqyosida o‘tkazilgan “Jajji nurli yulduzchalar” festivalida “Ajdodlar merosi” nominatsiyasi bo‘yicha birinchi darajali diplomga sazovor bo‘ldi. Viloyat bosqichida birinchi, respublika bosqichida esa ikkinchi o‘rinni egalladi.
– Men bog‘chamni yaxshi ko‘raman, – deydi 5 yoshli tarbiyalanuvchi Muhammadali. – Festivalda she’r aytdim. Katta bo‘lsam, harbiy bo‘laman.
Muassasada ma’naviy-ma’rifiy ishlarga ham alohida e’tibor qaratilgan. “Mustaqillik bayrami”, “O‘lkamda Navro‘z”, “Xotira va qadrlash kuni” kabi tadbirlar ko‘tarinki ruhda o‘tkaziladi. Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Amir Temur kabi buyuk siymolar tavalludi munosabati bilan tashkil etilgan kechalar bolalarni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga xizmat qilmoqda.
“Kamolot” mahalla fuqarolar yig‘ini hamda 30-son maktab bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Ekologik va ijtimoiy tadbirlar orqali bolalarda atrof-muhitga ehtiyotkorlik, kattalarga hurmat tuyg‘ulari shakllantirilmoqda.
Ota-onalarning ishonchi muassasa jamoasi uchun eng katta bahodir.
– Farzandim har kuni yangi bilim bilan qaytmoqda, – deydi ota-onalardan biri Zubayda Ro‘zmetova. – Ingliz tilida so‘zlar ayta boshladi. Eng muhimi, mustaqil fikrlaydigan bo‘lib ulg‘ayayotganini ko‘rib xursandman.
Muassasada jismoniy tarbiya mashg‘ulotlari, ertalabki badantarbiya ham muntazam o‘tkaziladi. “Sog‘lomjon-polvonjon” musobaqalari bolalarda chaqqonlik va jamoaviylikni shakllantiradi. Sog‘lom ovqatlanishga ham alohida e’tibor qaratilib, taomnomalar belgilangan talablar asosida tuziladi.
[gallery-27657]
Qisqasi, mazkur ta’lim dargohida har bir mashg‘ulot bolalarni ma’nan yetuk va jismonan sog‘lom avlod etib tarbiyalashga qaratilgan.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (curat),
O‘zA muxbirlari