Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namaste, Hindiston! Maftunkor va sehrli diyorga sayohat (+video)
20:13 / 2025-01-09

Hindistonni mo‘jizalar yurti, muhabbat o‘lkasi, deyish mumkin. Ko‘hna Sharqning eng qadimiy mamlakatlaridan biri hisoblanadigan bu diyor dunyoning yetti mo‘jizasidan biri, asl muhabbat ramzi – Agradagi “Toj mahal”i bilan yanada mashhur. Kashmirning ulug‘vorligi, Hind okeaniga tutashadigan Gangning sokin to‘lqini, yo‘l-yo‘l chiziqli Bengal yo‘lbarsining na’rasi, Bangalorning qo‘lga o‘rgatilgan fillari, Assam vodiysining choy ekilgan bepoyon dalalari, peshonasiga sindur surtgan Gujarotning go‘zal qizlari, Haydarobodning “biryani”, “puri”, “bajji” nomli ziravor taomlari haqida to‘lqinlanib gapirish mumkin.

Hindistonning har bir shtatida kishilar turmush tarzi, madaniyati o‘ziga xos. Deylik, milliy “Holi” bayramida dunyo go‘zallikka burkansin, deya odamlar bir-biriga rang sepishadi. O‘sha kuni Shimla tomonga o‘tib qolsangiz bormi, ust-boshingiz kamalak tusini olishi tayin.

E’tiborli jihati, mamlakatda ziyolidan tortib, oddiy aholi vakillarigacha Zahiriddin Muhammad Boburning hayoti, uning asl vatani haqida ancha ma’lumotga egaligi bizni quvontirdi. 

– Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalar yaxshi yo‘lga qo‘yilgan, -deydi taniqli hind media prodyuseri Shakil Ahtar O‘zA muxbiriga bergan intervyusida. – Xalqlarimizni ko‘p asrlik tarix, ilmiy, adabiy-ma’rifiy va savdo munosabatlari bog‘lab turadi. Mamlakatlarimiz madaniy aloqalari uyg‘unligi hind xalqi tarixi haqidagi Abu Rayhon Beruniyning "Hindiston", Zahiriddin Muhammad Boburning "Muxtasar yoki Risolai Aruz" kabi bebaho asarlarda aks etgan. Umuman, ko‘p asr avval ota-bobolarimiz tomonidan tamal toshi qo‘yilgan ikki davlatning munosabatlari bugungi kunda ham o‘zaro ishonch va do‘stlik tamoyili asosida muvaffaqiyatli rivojlanyapti.

Bu o‘lkada faqat ikki faslni ko‘rish mumkin, xolos: yoz va kuz. Havosi yashash uchun birmuncha noqulay bo‘lsa-da, hindlar shu iqlimga ko‘nikkan. Apreldan boshlab jazirama davri boshlanadi va yomg‘ir mavsumi – sentyabr-oktyabr oylarigacha davom etadi.

Hayron qolarli tomoni, hindlar juda bosiq, uncha-munchaga asabiylashmaydigan xalq. Masalan, katta yo‘l – trassalarda biror haydovchi, mabodo, qayta-qayta signal chalsa ham, boshqa yo‘lovchilarning jahli chiqmaydi. Aksincha, “chalo-chalo” deya kulib, yo‘lida davom etaveradi.

Hind ayollari umr yo‘ldoshini, go‘yo, ma’buddek ko‘radi. Uning har qanday gapini qonundek qabul qiladi. Bo‘ynidagi nikoh tumorini hech qachon yechmaydi. Ayyomlarda turmush o‘rtog‘iga uzoq umr tilab, qo‘llariga xina chizib, Karvachot ro‘zasini tutadi. “Devali”, “Ganesh” va “Raksha Bandhan” bayramlari esa raqs, qo‘shiqsiz o‘tmaydi.

Hindistonning ko‘p ming yillik tarixga ega obidalari o‘tmish afsonalaridan so‘ylaydi. Turli davrlarda bunyod etilganiga qaramay, har biri o‘zgacha rangda jilolanib, ajoyib uyg‘unlik hosil qiladi. Ayniqsa, “Qutbminor”, “Chorminor”, “Humoyun” maqbaralari, “Nilufar” ibodatxonasi, “Havo mahal”, “Hamandir Sohib” kabi obidalar mukammal me’moriy uslubda bunyod etilgan.

Bu maftunkor diyorning an’analari go‘zal, madaniyati beqiyos. Odamlarining qalbidagi ezgulik, mehr-muhabbat esa kishini hayratga soladi. Goa, Bombey, Kalkutta, Orissa, Chennay, Kerala, Amritsar, Puna kabi shaharlari butun dunyoga mashhur. Xullas, Hindistonga borgan har qanday mehmon yoki sayyoh bu sehrli diyorga muhabbati, hurmatini ko‘p yillar iliq xotira bilan eslab yurishi tayin.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/HXWVnCbVxV0" title="Namaste, Hindustan! Maftunkor va mehnat olami" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

O‘tkir Mirzo tayyorladi.

Videomuhandis: Ulug‘bek To‘xtayev,

O‘zA