French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namanganning “Uch pahlavon”i qaytdi
20:57 / 2020-03-02

Namangan shahrining Islom Karimov shohkoʻchasida “Uch pahlavon” haykalining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.


Namangan shahrining Islom Karimov shohkoʻchasida “Uch pahlavon” haykalining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Shu munosabat bilan viloyat va shahar hokimligi, jamoatchilik yoshlar vakillari ishtirokida oʻtkazilgan tantanali tadbirda dastlab “Uch pahlavon” haykalining tarixiga eʼtibor qaratildi.

Aytilishicha, bugungi mashhur “Afsonalar vodiysi” bogʻi barpo etilayotgan ikki adirlik orasidagi moʻjaz vodiyni mahalliy xalq bir vaqtlar selxona deb atagan. Viloyat hududida beshta shunday selxona mavjud boʻlgan. Namanganliklar seldan koʻp asrlar davomida jabr chekkan. Ayniqsa, Gʻirvonsoy quturgan kezlari nafaqat qishloq va dalalarni, temiryoʻlni ham vayron qilar edi. Qolaversa, selning bir qismi Shimoliy Fargʻona kanalining chap sohilidan juda koʻp joylarni oʻpirib ketgan.

1968-1972-yillarda viloyat suv xoʻjaligi boshqarmasi rahbari lavozimida ishlagan Muhammadjon Obidshoyev sel ofatining yoʻlini toʻsish va oldini olish xususida chaqirgan yigʻilishida qabul qilingan qarorga koʻra Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan irrigator Qodir Abdullayev bu yerga selxona qurish boʻyicha loyihaga buyurtma bergan. Loyiha boʻyicha toʻgʻonning balandligi 19 metr va uzunligi 600 metr boʻlishi belgilangan. Shunda selxona 3,4 million kub metr suv saqlash quvvatiga ega boʻlib, hovuz sathi 36,4 gektar maydonni band qilishi koʻzda tutilgan.

Qurilish 1971-yil may oyining oʻrtalarida boshlangan “Plotina A-373” avtomagistralining bir qismiga aylanib, shahar markazi va kichik tumanni bogʻlovchi yaqin yoʻl yonida boʻlishi koʻzda tutilgan. Selxona Namangan shahri, Shimoliy Fargʻona kanali, temiryoʻl, Gʻirvon va Irvadonga tutash bir qator qishloqlar uchun sel balosidan saqlaguvchi qalqon boʻlib xizmat qilishi kerak edi.

Selxona qurish jarayonida uning maqsad va vazifalarining ramziy ifodasi sifatida haykal ham dunyoga kelgan. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi Mutallib Abbosov oʻsha paytda Navoiy nomidagi viloyat teatrining bosh rassomi boʻlib, uning gʻoyasi va eskizi asosida selga qarshi kurashda asrlar boʻyi qoʻllangan uch tayanch, yaʼni selpoyani daryodan bahra oladigan uch xalq – oʻzbeklar, qirgʻizlar va tojiklarning birdamligi bilan umumlashtirilgan.

8.jpg

Gʻoyaga koʻra, inson ona tabiatga gʻazab qilolmasa-da uning qalbida mardlik va matonat bor, bahodirlar el boshiga ish tushganda zalvorli yukka yelka tutadi, balo-ofatlarga koʻkraklarini qalqon qiladi.

Tursunboy Hamroyev rahbarligidagi Namangan irrigatsiya-qurilish trestining qurilish-montaj boshqarmasi xodimlari tomonidan insho etilgan haykalning markazidagi uch inson obrazi mavjud. Bu obrazlarning boshlari magʻrur, baquvvat yelkalari toʻlqinlar qahrini toʻsgan, zabardast qoʻllari bir-biriga zanjirdek chirmashib uchovlon yagona vujudga aylangan.

Selxona, toʻgʻon, yoʻl, haykal – hammasi 1971-yil kuzida qurib bitkazilgan. Bahodirlar siymosi oʻsha paytda “Mardlik” monumenti nomini oldi, shohkoʻcha esa “Doʻstlik” nomi bilan ataldi.

90-yillarda yuzaga kelgan maʼnaviy boʻshliq davrida haykallarga qarshi harakatlarga ham guvoh boʻlindi. Uch bahodirning haykali ham ikki bor vandallarning hujumiga duchor boʻldi. Ikki bor taʼmirlandi, biroq saqlab qolishga ishonch yetarli boʻlmaganidan, joyidan olinib, xavfsiz joyga vaqtincha saqlab turish uchun koʻchirildi.

Nihoyat tarixiy sanʼat asari, xalqimizning ezgu fazilat va qadriyatlarini, matonatini abadiylashtirish uchun barpo etilgan “Uch pahlavon” haykali eski oʻrniga qaytarildi.

Tadbirda viloyat hokimi X. Bozorov soʻzga chiqdi.